Qarzlar, kredit va “mafkuraga xizmat”: ayrim san’atkorlarga to‘y uchun soliqqa qarshi chiqmoqda

E’lon qilingan sana· 161
Qarzlar, kredit va “mafkuraga xizmat”: ayrim san’atkorlarga to‘y uchun soliqqa qarshi chiqmoqda

Muhokamaga qo‘yilgan prezident qarorida O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni soliqqa tortish bo‘yicha yangi tartib joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 sentabrdan boshlab, san’atkorlar har bir to‘y yoki boshqa tadbirga borganda buni “Soliq” ilovasiga kiritishi taklif etilmoqda. Daromad solig‘i shu asosda “Bir xizmat — bir to‘lov” tamoyiliga o‘tadi. Soliq miqdori san’atkorning reytingi va tadbirning joyiga qarab, 0,25 BHMdan 3 BHMgacha boradi.

Mazkur qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib turibdi, faollardan tashqari san’atkorlarning o‘zi, xususan, Sharof Muqimov, Samandar Hamroqulov, Abduvosit Sarimsoqov va Davron Ergashevlar bu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Samandar Hamraqulov: “San'at — mafkura uchun eng kuchli qurol”

Qoʻshiqchi, aktyor va boshlovchi Samandar Hamraqulov ushbu qonun loyihasiga qarshi chiqdi. U bunga san’atkorlarning qarzi, krediti borligini sabab qilib keltirgan. Shuningdek, u san’at mafkura uchun xizmat qiluvchi asosiy qurol ekanini ham ta’kidlab oʻtgan.

“Soliq qo‘mitasi tomonidan taklif etilayotgan yangi tartib bo‘yicha ko‘plab hamkasblarimiz o‘z fikrlarini bildirishyapti. Shuni ochiq aytish kerakki, biz san’atkorlar soliq to‘lashdan hech qachon qochmaymiz.

Biroq aksariyat ijodkorlarning yagona daromad manbasi — xizmatlar (to‘ylar). San’atkor katta xarajat qilib qo‘shiq va klip tayyorlaydi, bu xarajatlar esa faqat to‘ylar orqali qoplanishi mumkin. Hozirda hatto 3−5 yillab qarzini uzolmay, foydaga chiqolmay yurgan hamkasblarimiz bor. Shuning uchun soliqlarni belgilashda barcha tomonlarni hisobga olish ma’qul deb o‘ylayman.

Albatta, tushunamiz: soliqlar hisobidan keksalar nafaqa oladi, armiyamiz ta’minlanadi. Biz bunga qarshi emasmiz. Lekin tartib o‘rnatilayotganida real holatni ham ko‘rish kerak. Ko‘p san’atkorlarning mashinalari kreditga olingan, qarzlari bor.

Mening shaxsiy fikrim: san’atkorlarga imkon qadar yengillik berilsa, yaxshi ijod mahsullari ko‘paygan bo‘lardi. Zero, san’at — mafkura uchun eng kuchli qurol. Agar ijodkorning xayoli faqat tirikchilik bilan band bo‘lib qolsa, haqiqiy ijod bo‘lmaydi. Shuning uchun masalaning ushbu tomonlarini ham inobatga olishingizni so‘raymiz", — deydi Samandar Hamroqulov.

Sharof Muqimov: “To‘rt-besh nafar mashhur san’atkorga qarab, butun sohani baholash adolatdan emas”.

Qoʻshiqchi Sharof Muqimov san’atkorlarni soliqqa tortish oʻrniga ularni qo‘llab-quvvatlash, keksaygan ijodkorlar uchun ijtimoiy yordam tizimini yaratish kerakligini aytdi.

“San'at yaltiroq liboslardan iborat emas. Uning ortida uyqusiz tunlar, xavfli yo‘llar va oiladan uzoqdagi safarlar yotadi. To‘rt-besh nafar mashhur san’atkorga qarab, butun sohani baholash adolatdan emas. Aslida, kecha sahnani larzaga keltirgan ayrim ijodkorlar bugun tirikchilik uchun haydovchilik qilyapti, savdo bilan shug‘ullanyapti yoki san’atdan butunlay ketib qolyapti. Yoshi katta san’atkorlarimiz esa hatto eng oddiy ehtiyojlar va davolanish uchun mablag‘ topolmay, ijtimoiy tarmoqlarda yordam so‘rashga majbur bo‘lishyapti.

San’atkorning na dam olish kuni, na kafolatlangan daromadi bor. Ko‘pchilik havas qiladigan mashinalar ham ba’zilarda kreditga olingan. Ijod juda katta xarajat talab qiladi: qo‘shiq, klip va liboslar uchun katta mablag‘ kerak. Agar ijodkorni og‘ir yuklar bilan bosib qo‘ysak, ertaga sahnada kim qoladi?

Nega mazmunli qo‘shiqlar kamayib borayotgani haqida ko‘p gapiriladi. Javob bitta: ijod uchun qalbda xotirjamlik kerak. San’at ahlini soliq bilan siqish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash, keksaygan ijodkorlar uchun ijtimoiy yordam tizimini yaratish lozim. Zero, san’atni asrash — millatni asrashdir", — deydi xonanda.

Abduvosid Sarimsoqov: “Kirakashlik qilib yurgan, jarima va kommunal to‘lovlarini to‘lolmayotgan san’atkorlar qancha!”

Intervyuver va boshlovchi Abduvosid Sarimsoqov ham ushbu qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib, Samandar Hamraqulovning fikrlariga qoʻshilishini aytgan. U kirakashlik qilib yurgan, hatto kommunal toʻlovlarini ham toʻlash qobiliyatiga ega boʻlmagan bir nechta san’atkorni tanishini ta’kidlagan.

“Xonandalarga soliq solish munosibmi, degan savolga shubhangiz bo‘lsa, men sizga ro‘yxat va manzillarni berishim mumkin. Qishin-yozin bosh kiyimini tushirmay, Yandex’da kirakashlik qilib yurgan, jarima va kommunal to‘lovlarini to‘lolmayotgan san’atkorlar qancha! Nomi chiqqani uchun uyaladi, lekin tirikchilik vajidan taksichilik qilishga majbur. Ko‘plari qarz va kreditga botgan, sentyabrdan kuchga kirishi kutilayotgan yangilik esa ularga qo‘shimcha yuk bo‘ladi.

San’atkorning kostyum-shimda, yasangan holda davralarga borishi — uning puli ko‘pligini anglatmaydi. Bu shunchaki kasb etiketi. Axir biron shifokorning sport kiyimida operatsiya qilayotganini ko‘rganmisiz? Har bir mutaxassis o‘z sohasiga mos kiyinadi.
Sanoqli 4−5 nafar qimmat yuradigan xonandaga qarab, hamma shunaqa, deb o‘ylamang. Bir marta baland narx aytganini eshitib, “bular quturib ketibdi” degan xulosaga kelish adolatdan emas. Masalan, men ushbu murojaatni mart oyida qilayotgan bo‘lsam, Yangi yildan beri hali birorta xizmatga chiqmagan nomdor san’atkorlar bor", — dedi boshlovchi.

Davron Ergashev: “Soliq to‘lash bu majburiyat emas, bu mas’uliyat”.

Qoʻshiqchi Davron Ergashev ham bu holat boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi. U san’atkor ham avvalo fuqaro ekani, ular ham barcha kabi soliq toʻlashi kerakligini aytdi.

“Oʻzi bunaqa piarlarni kutib yuradigan inson emasman. Qachon bir narsa gʻashimga tegsa, gapirishga, ichimdagi narsani chiqarib yuborishga harakat qilaman. Kechadan beri reels’larda chiqib kelyapti, faqat soliq haqida mavzu aylanyapti. San’atkorlarimizga, qoʻshiqchilarimizga tegib ketganmi, lekin shaxsan menga tegmadi-da bu mavzu. Bu oliftagarchilik emas, meni pulim koʻp, ularniki kam degan maqsadda emas, Xudoga shukr, hammamiz toʻqmiz, men hech kimni yomonlaganim yoʻq.

Har xil aholi qatlami bor: boy, oʻrtahol, kambagʻal. Toʻgʻrisini aytish kerak, biz [san’atkorlar — tahr.]ancha-munchasidan koʻp topamiz-da, Xudoga shukr. Toʻy, xizmatlarga borsak hamma qoʻlini koʻksiga qoʻyib kutib oladi, aytgan pulimizdan ortigʻini ham berishadi-da kerak boʻlsa, Xudoga shukr. Men ularga katta rahmat deyman.

Lekin nega hozir bu mavzu aylanyapti, siz san’atkorlar bechora boʻlib qoldinglarmi?! Voy, soliq toʻlarkanmiz, deydi, toʻlaymiz-da! Men paxta qoʻyishni yomon koʻraman, xalqni yonini olib gapirayotganim yoʻq. Pistachi ham, bozorchi ham, pomidor-bodring sotadiganlar ham soliq toʻlayapti, nega endi biz toʻlamasligimiz kerak?! Ancha-muncha odamdan yaxshi topsak, toʻgʻrisi-da.

Odamlar bir oylab mehnat qiladi, 500−600 [dollar — tahr.] topadimi oyiga? Biz 15 daqiqada topadigan pulimizni aytyapman-da. Nega endi biz toʻlamasligimiz kerak?!"

AQShda istiqomat qilayotgan xonanda mamlakatning soliq tizimini misol qilib keltirib, u yerda eng ogʻir jinoyat soliq toʻlamaslik ekanini ham aytib oʻtgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling