"Janob hech kim", "Uylanish", "Tutash taqdirlar": Alisher Uzoqov rol ijro etgan 12 ta film va seriallar

E’lon qilingan sana· 1 053
"Janob hech kim", "Uylanish", "Tutash taqdirlar": Alisher Uzoqov rol ijro etgan 12 ta film va seriallar

Alisher Uzoqov nafaqat mahoratli aktyor, balki o‘z davrining chinakam madaniy fenomeniga aylangan ijodkorlardan biridir. Uning kino olamidagi ilk qadamlari o‘zbek kinosining yangi davriga to‘g‘ri keldi va u qisqa muddat ichida tomoshabinlar mehrini qozondi.

Ayniqsa, 2000-yillarning oxiri va 2010-yillarning boshida Alisher Uzoqov oʻz rollari bilan koʻpchilikning haqiqiy “krashi"ga ham aylangandi. U ijro etgan romantik qahramonlar va ekranlardagi “shovvoz” obrazi ko‘plab yoshlarga yoqqan. Kinoda bir nechta davrlar almashdi, Alisher Uzoqovning ekrandan uzoqlashgan davrlari ham boʻldi. Ammo hozir u yana tez-tez koʻrinishni boshladi.

Bugungi kunda Alisher Uzoqovning filmlari va seriallari o‘zbek kinosining oltin fondidan munosib o‘rin egallagan. U komediya janrida ham, dramatik janrda ham ishonarli obrazlarni yarata olgan. Afisha.uz quyida uning esda qolarli rollari haqida ma’lumot beradi.

“Kichkina odamlar”

“Kichkina odamlar” filmi uchta qisqa metrajli kinodan iborat boʻlib, unda bir qancha taqdirlar haqida hikoya qilinadi. Alisher Uzoqov birinchi hikoyaning asosiy qahramoni hisoblanadi. Bu aktyorning kinodagi ilk asosiy rollaridan biri boʻlgan.

Filmlarning birinchisi — “Kutilmagan omad”. Gʻoziboy tasodifan lotereyada avtomobil yutib oladi. Ammo bu yutuq uning otasi va akasi uchun qimmatga tushadi. Omad qoʻlga kiritilgach, Gʻoziboy yaqinlariga tepadan qaray boshlaydi.

Filmni tomosha qilish.


“Janob hech kim”

“Kichkina odamlar” Alisher Uzoqovning ilk katta rollaridan biri boʻlgan boʻlsa, 2009-yilda chiqarilgan “Janob hech kim” filmi aktyorga juda katta mashhurlik keltirgan. Uzoqov aynan shu filmda ilk bor Asal Shodiyeva bilan tandemda rol oʻynagan va keyinchalik ularni boshqa koʻplab filmlarda ham koʻrish mumkin boʻlgan.

Jahongirning onasi yoshligida vafot etgan. Ona oʻgʻlini akasining qaramogʻiga topshirib, unga xat qoldiradi. Bu maktubda ona oʻgʻliga bu odamlarning gapiga quloq solishni, ularni ota-ona oʻrnida koʻrishni, ularga hurmatda boʻlishni va ular aytgan ishlarni bajarishini tayinlagan boʻladi.

Filmni tomosha qilish.


“Uylanish”

2009-yilning oʻzida Alisher Uzoqov bosh rolni oʻynagan yana bir film premyera qilinadi. Unda ham aktyor Asal Shodiyeva bilan birga tandemda ishlagan. “Janob hech kim” melodrama boʻlsa, rejissyor Jahongir Ahmedovning “Uylanish” filmi komediya hisoblanadi.

Javohir Durdonani sevadi. U qizning otasi qoʻlida haydovchi sifatida ishlar edi. Lekin Durdonaning otasi Javohir va oʼz qizining sevgisidan bexabar. Javohir masʼuliyatsiz yigit boʼlib, doim “qovun” tushiradi. Ishga kech keladi, baʼzida esa, adashtirib dam olish kunida ishga keladi. Shu tarzda Durdonaning otasini asabiylashtiraveradi. Аmmo Durdonani sevishi haqida qizning otasiga aytib, qizining qoʼlini soʼrolmaydi. Sovchi yubormaydi. Durdona unga sovchilar kelayotganini aytsa ham, u hech qatʼiy bir qarorga kela olmaydi. Oxiri bir kuni Durdonaning otasi Javohirga, qizini unashtirib qoʻyganini va tez orada toʼy boʼlishini aytadi.

Filmni tomosha qilish.


“Soʻnggi lahza”

Umuman olganda 2009-yilda Alisher Uzoqov oʻzining “praym era"siga kirgan deyish mumkin. Rejissyor Akbar Bekturdiyevning “Soʻnggi lahza” kinokartinasi ham shu yil chiqqan va yulduzli aktyorlarni oʻzida yiqqan. Alisher Uzoqov unda Erkin Komilov, Lola Eltoyeva, Karim Mirxodiyev kabi oʻzbek kinosi metrlari bilan birga koʻrinish bergan.

Sevara viloyatdan Toshkentga o‘qishga kelgan. U aldanib, homilador boʻlib qolgan va nima qilishini bilmay, oxir-oqibat o‘z joniga qasd qilishga qaror qiladi. Akmal. Shahar kasalxonasida ishlaydigan yosh jarroh. Tez-tez bosh og‘rig‘idan so‘ng u tekshiruvdan o‘tishga qaror qiladi. Tez orada u bedavo kasalga chalinganini bilib qoladi. Taqdir bu ikki insonni hayot chorrahasida uchrashtirdi.

Filmni tomosha qilish.


“Kirakash”

Sohib Abbosxon rejissyorligida suratga olingan va Alisher Uzoqov Murod Rajabov bilan birgalikda rol ijro etgan “Kirakash” komedik dramasi nechanchi yilda premyera qilingan, deb oʻylaysiz? Albatta, 2009-yilda! Bu sanoq boʻyicha ushbu yilda chiqarilgan toʻrtinchi kinokartina hisoblanadi.

Bobur oliygohda o‘qiydi. U institutdagi kontrakt pulini to‘lashi kerak, lekin ota-onasidan pul so‘ramasdan, o‘zi pul topishga qaror qiladi. Chunki ularning o‘zlari ham yaxshi yashamaydi, o‘g‘lining o‘qish pulini to‘lash esa ularga og‘irlik qiladi. Xuddi shu paytda Bobur gazetada yosh haydovchiga yengil avtomobil ijaraga berilayotgani haqidagi e’longa duch keladi. Yigit o‘z baxtini sinab ko‘rishga qaror qiladi va ko‘nglidagi avtomobil unga nasib etadi. Bobur avtomobil olgach, bir oilaga haydovchi bo‘lib yollanadi. Xuddi shu oilada yigit sevib qolgan qiz yashaydi.

Filmni tomosha qilish.


“Farishtaginam”

Kinokartina bir onaning ichki kechinmalar haqida. Alisher Uzoqov esa unda bosh qahramonning oʻgʻli obrazini gavdalantirgan. Film rejissyori Yolqin Toʻychiyev hisoblanadi.

Bosh qahramon beva Saida opa boʻlib, uning to‘rt farzandi: uch o‘g‘il va bir qizi bor, ammo u yolg‘izlikni his qiladi. Bolalarning o‘z hayoti va o‘z oilasi bor, ular onasiga kam e’tibor beradi. Ular umumiy oila davrasida yig‘ilib, ukasi Rustamni uylantirishga qaror qiladi. Uyga yosh kelin kelib, onaga yordam berishi kerak. Ammo Rustamning o‘z rejalari bor. U birinchi duch kelgan qizga uylanishga qaror qiladi va shu bilan qarindoshlarining barcha rejalarini chalkashtiradi, lekin o‘zi ham tuzoqqa tushadi.

Filmni tomosha qilish.


“Tundan tonggacha”

Oʻzbek kinematografiyasida haqiqiy voqelikka aylangan filmlar biri “Tundan tonggacha"dir. Kino oʻz vaqtida haqiqiy memga aylangan va undagi iqtiboslari virusga aylanib, xalq orasida tarqalgan. Bunda, albatta, aktyorlarning, xususan, Muhammadiso Abdulhairov, Lola Eltoyeva, Shahzoda Muhammedova va Alisher Uzoqovning oʻrni katta.

Umidjon va Zilola uchrashuvga chiqadi. Ikkovi bir-birini yoqtirib qolib, turmush quradi. Toʻydan soʻng, Zilola homiladorlik vaqtida banan yeyishni xohlaydi. Umidjon esa banan izlab tunda uydan chiqib ketadi va turli sarguzashtlarni boshidan kechiradi.

Keyinroq kinokartinaning sikveli ham suratga olingan.

Filmni tomosha qilish.


“Oling quda, bering quda”

“Oling quda, bering quda” haqiqiy qishki kayfiyatni uygʻotadigan kinolardan biridir. Unda Alisher Uzoqov va Nigora juftligini koʻramiz. Film oʻzbek kinosi klassikasiga aylangan va haligacha muxlislar tomonidan qayta-qayta tomosha qilib kelinadi.

Raim aka eski va koʼrimsiz mashinasida yuk tashib, kun kechiradi. Qizi Аsal kollejda oʼqiydi. U yoʼlda Prado mashinasida kelayotgan Gʼanisher bilan tasodifan gaplashib, tortishib qoladi. Oʼsha kuni Raim aka oʼz mashinasida, tasodifan, badavlat Shodmon akaning mashinasini ortidan urib oladi. U noiloj Shodmon akani oʼz uyiga taklif qilib mehmon qiladi. Shunda Shodmon akaga uning samimiyligi yoqib qolib, qizi Аsalni oʼgʼli Gʼanisherga kelin qilish fikriga tushadi. Bu gapni eshitib, Raim aka hayron boʼlib qoladi.

Filmni tomosha qilish.


“Mening akam boʻydoq” / “Endi dadam boʻydoq”

Kinokartina ikki qismdan iborat boʻlib, birinchisi “Mening akam boʻydoq”, ikkinchisi “Endi dadam boʻydoq” deya nomlanadi. Qiziq tomoni, Alisher Uzoqov unda asosiy rollardan birini oʻynaganidan tashqari, ikkala filmning ham rejissyori hisoblanadi.

Film qahramoni (Alisher Uzoqov) uylanishni juda xohlaydi, biroq o‘zbek an’analariga ko‘ra, oilada avval katta oʻgʻil, uning akasi uylanishi kerak. Ammo aka uylanishga uncha shoshilmaydi. Ota-onasi katta o‘g‘lining to‘yi bo‘lganidan keyingina ukasiga uylanishga ruxsat beradi. Sevishganlar akasining to‘yini tezlashtirish va unga munosib kelin topishga qaror qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Islomxoʻja”

Yangi davrga kelib, Alisher Uzoqov ham boshqa aktyorlar kabi tarixiy filmlarda rol oʻynashni boshladi. 2018-yilda premyera qilingan “Islomxoʻja” filmida u Asfandiyorxon obrazini gavdalantirgan. U 1910−1918 yillarda Xiva xoni boʻlgan.

Filmda Xiva xonligining 1907−1913-yillardagi bosh vaziri Islomxo‘ja haqida hikoya qilinadi.

Filmni tomosha qilish.


Seriallar

“Zebuzar”

Alisher Uzoqov aktyorlik faoliyatining avvalida bir qancha seriallarda ham rollar ijro etgan. “Zebuzar"gacha u “Koʻngil koʻchalari” serialida qisqa rolda koʻrinish beradi. “Zebuzar” esa uning serialdagi katta rol ishonib topshirilgan debyuti boʻladi.

Serialda Zebuzar hayotidagi qiyinchiliklar va uning atrofidagi insonlar bilan boʻlgan murakkab munosabatlar tasvirlanadi. Oila a’zolari va yaqinlarining kelajakka boʻlgan umidlari hamda qilinayotgan rejalari hikoya qilinadi.

Serialni tomosha qilish.


“Tutash taqdirlar”

Taniqli rejissyor Zamira Begimqulova tomonidan suratga olingan “Tutash taqdirlar” seriali 2009-yilda premyera qilingan bo‘lib, o‘z davrida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Asarda bir-biriga bog‘langan insonlar taqdiri, qarorlar oqibati va oila ichidagi ziddiyatlar real dramatizm bilan ochib beriladi.

Syujet markazida turli oilalar, turli xarakterlar va turli orzular turadi. Qahramonlarning yo‘llari bir joyda tutashadi: kimdir muhabbat uchun kurashadi, kimdir sha’ni va qadri uchun, kimdir esa oilasi va taqdiri yo‘lida og‘ir qarorlar qabul qiladi. Serial ssenariysini Nazar Eshonqul yozgan. Alisher Uzoqov unda ikkinchi darajali rolni ijro etgan.

Serialni tomosha qilish.


“Aybsiz”

Serial rejissyori Muzaffar Karabayev boʻlib, Sarvar Karimov unga prodyuserlik qilgan. Rollarni Alisher Uzoqovdan tashqari Adiz Rajabov, Bobur Yoʻldoshev, Yulduz Rajabova, Murod Nasimov, Yigitali Mamajonov, Sarvar Mahkamov, Abdurahim Mansurov, Madina Mahmudova kabi aktyor va aktrisalar ijro etgan.

Serial syujetiga koʻra, qotillikda aybdor deb topilgan yosh shifokor bolalar uyidagi do‘stlari bilan birga o‘zining aybsizligini isbotlashga va begunoh odamlarni tuzoqqa tushirayotgan sindikatni fosh etishga urinadi.

Serialni hozirda tomosha qilishning imkoni yoʻq.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov

Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Bobur Yoʻldoshevni bir yerga toʻplagan "Aybsiz" seriali premyera qilindi

"Milliy kino san’ati saroyida 31-may kuni “iTV” kompaniyasi tomonidan suratga olingan “Aybsiz” veb-serialining premyerasi boʻlib oʻtdi. Afisha.uz muxbiri ham tadbirda qatnashdi va quyida shu haqda soʻz boradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling