“Ketaman bir kuni, sadoim topilmaydi”. Yulduz Usmonovaning 2026-yilgi konserti qanday o‘tmoqda? Reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 12−30-aprel kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Ushbu sanalar oralig‘idagi shanba-yakshanba kunlari esa ikkitadan seans qo‘yilmoqda. Afisha.uz muxbiri konsertdan reportaj tayyorladi.

“Million” qo‘shig‘i bilan boshlanayotgan konsert uch blokdan iborat bo‘lib, jami 25 ta ijod mahsuli kuylanmoqda. “Boshga balo”, “Ensa”, “Pomada”, “Onamga aytmang” kabi oxirgi yillarda yaratilgan va hitga aylangan taronalardan tashqari o‘nlab yangi qo‘shiqlar ilk bor sahnada premyera qilinyapti. Yulduz Usmonova o‘z an’anasiga ko‘ra, barcha qo‘shiqlarni jonli ijroda aytmoqda.
1992-yilda yaratilib, o‘z davrida shuhrat qozongan “Topilmaydi” taronasi 34 yildan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda virusdek tarqaldi. Bu yilgi konsert repertuaridan ushbu qo‘shiq ham o‘rin olgan.

“Bu qo‘shiq ayrim do‘stlarim bir-birini ko‘rolmay, hasad qilib yashab, o‘lib ketgan yillarda aytilgan. Do‘stlarimga qarata „topilmaydi“, demoqchi bo‘lganman. Oradan shuncha yil o‘tib, boshqa bir talqinda kuylayapman. Hozir holat boshqa, yana qancha yaqinlarimiz oramizda yo‘q. Ushbu asarni tinglagan har bir inson ichki nidosini eshitadi, o‘z tarixini eslaydi. Hammaga turlicha ta’sir qiladi”, — deydi san’atkor.
Yulduz Usmonova konsert liboslari masalasida nafaqat xorij brendlari, balki Dildora Qosimova, Maryam Botirova kabi o‘zbekistonlik taniqli dizaynerlar bilan ham hamkorlik qilganini ta’kidladi.

Konsertga faqat viloyatlardan emas, balki Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiyadan ham muxlislar kelmoqda.
“Rossiya, Koreya, Amerikadan ham tashrif buyurishyapti. Qo‘shiqchilik bu faqat bir chekkada yulduzlikni yoqib o‘tirish degani emas. Xalqning nonini yeyapmiz, bizni ham turizmni rivojlantirishga hissamiz qo‘shilsin endi. San’atning rivojlanish tizimini o‘zgartirish kerak, hasadchilikni yig‘ishtirish lozim. Senga foyda beradigan hasad bo‘lsa mayli. Ammo bir joyda o‘ralashib, bir-birining nonini tortib ketish kerakmas, „Sendan men yaxshi bo‘la olaman“, degan maqsadda olg‘a intilish zarur, raqobat rivojlanishi kerak”, — deydi u.

Joriy yil ham “Tumor” hamda “Navro‘z” raqs ansambllari bilan hamkorlik qilayotgan Yulduz Usmonova raqsga katta ahamiyat qaratgan. Uning raqqosalar bilan birga tengma-teng raqs tushayotgani esa zaldagilarning olqishiga sazovor bo‘lmoqda.

Yulduz Usmonova konsert kunlari muxlislar tomonidan beriladigan gullarning keyingi taqdiri haqidagi savolga izoh berarkan, shunday dedi: “Gullarning aksariyatini shu san’at saroyida ishlayotgan ishchilarga beraman. Tuvakdagi gullarni esa o‘zim uyda parvarish qilaman. Agar kimdir so‘rasa, xonaki gullarni ham berib yuboraman”.
Dasturni doimgidek taniqli so‘z ustasi Shukrullo Isroilov olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, konsert 30-aprelga qadar davom etadi.
Yulduz Usmonova konserti
"Xalqlar doʻstligi" san'at saroyida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Yulduz Usmonovaning jonli ijrodagi yakkaxon konserti boʻlib oʻtadi.