“SSSRni targ‘ib qilganim yo‘q”. Ozoda Nursaidova yangi konserti, “Ko‘k jiguli” va san’atni "o‘ldirayotganlar" haqida

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidova 13−22-may kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi konsertini taqdim etmoqda. 10 kun davomida to‘liq jonli ijroda o‘tishi kutilayotgan ushbu dasturdan avval xonanda OAV vakillari bilan uchrashib, ularning savollariga javoblar berdi. Shuningdek, jurnalistlar repititsiya jarayoniga guvoh bo‘ldi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.

2026-yilgi konsertingiz orqali muxlislaringizga nimalar demoqchisiz?
— Umrim davomida konsert beribmanki, zalda o‘tirgan muxlis mendan nimadir olib ketishi kerak, deb hisoblayman. Ular shunchaki qaytib ketmasligi lozim, dunyoqarashi o‘zgarishini istayman. Har safar sahna ko‘rinishidan tortib, imijimgacha yangilik yaratishga harakat qilaman. Bir konsertim ikkinchisiga o‘xshamasligi kerak. Bilasizmi, qo‘shiqchi jamiyatda g‘ildirakka o‘xshaydi, u qanday yursa, muxlislar armiyasi yoki xalq ham o‘sha tarafga qarab yuradi. Hammaga bo‘lmasa ham ma’lum bir qismiga ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, 2024−2025-yillarda katta orkestr bilan konsert berdim, sahnada 150 kishi ishladik. Konsert fonogrammalar yig‘indisi emas, unda hayot bo‘lishi kerak. Konsert berish juda katta xarajat, lekin shunga qaramay nima sababdan biz konsert beraveramiz? Nega kerak? Shunchaki reklamagami? Yo‘q, aslo. Ichimizdagi aytmoqchi bo‘lgan gaplarimizni qo‘shiq orqali kuylaymiz. 2−3 soat davomida muxlislar mening hayotimga kiradi, qalbimni ko‘radi, dunyomga sherik bo‘ladi. Bu esa albatta, jonli ijro bo‘lishi kerak, degani.

To‘g‘ri, biz ham o‘z paytida fonogramma aytganmiz. Lekin hech qachon yuz foiz fonogrammada ijro etmaganman. Masalan, u paytda bizda chalish imkoniyati yo‘qligi bois Turkiya yoki Arabistonda yozib kelardik va o‘shalarni fonogramma qilib aytardik.

Konsertlarimda milliy urf-odatlar hamda o‘zbek jamiyatiga xos mavzular: qaynona, qaynsingillar haqida qo‘shiq aytishga odatlanganman. Menda har doim birinchi o‘rinda o‘zbekona qadriyatlar turadi. O‘sha qadriyatlarni buzmaslik va unga putur yetkazmaslikka harakat qilaman.
Humo Arena’da konsert berishga imkoniyatingiz bemalol yetadi. Lekin nega bu majmuada konsert qo‘ymaysiz?
— Humo Arena yaxshi variant, lekin bizga juda noqulaylik tug‘diradi. Texnik tarafi bizning formatimizga ozgina to‘g‘ri kelmaydi. Lekin u yerda ham konsert berish niyatim bor. Yilda ikki marta: hisobot hamda shou konsertlar qo‘yishni rejalashtiryapman. Balki bir yil hisobot, bir yil shou konsert berarman. Bu rejamda turibdi. Shou konsert Humo Arena’da bo‘ladi. Hozir shunga kuch to‘playapman. Humo Arena’da jonli qilish juda qiyin, fonogramma orqali shou konsert qilish kerak. U yerda jonli konsert bergan hamkasblarimiz ovoz masalasida ozgina qiynaldi.

Bu yil respublika bo‘ylab tur konsertlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarda ham konsert qo‘yish bo‘yicha muzokaralar ketyapti.
Har bir dasturingizda liboslar va sahna bezagiga alohida e’tibor qaratasiz. Bu konsert muvaffaqiyatiga qanchalik ta’sir qiladi?
— Agar fonogrammada konsert berib, har ikkita qo‘shiq orasida kiyinib chiqsam, bo‘lardi. Lekin 25 ta taronani jonli kuylab, har 3−4 ta qo‘shiqdan so‘ng libos almashtirib chiqish qiyin. Kezi kelganda aytib o‘tmoqchiman, bu an’anani 23 yil oldin men tadbiq qilganman. Oldin konsert uchga bo‘linardi: boshida xonanda sahnaga chiqib, yarim soat qo‘shiq aytardi, o‘rtada qiziqchi chiqardi, so‘ng yana xonanda sahnada qo‘shiq kuylardi. Shu tariqa uch marta kiyinardi va konsert tugardi. Mana shu an’anani biroz buzgim kelib, 2003-yilgi konsertimda 10 ta libos kiyganman. Yoshlik payti qiziqish bo‘lgan-da. Keyin mana shu narsaga o‘rganib qoldik.

O‘zim ham libos tanlab, yangi stil o‘ylab topishdan charchab ketaman. Yillar davomida yangi imij topish oson emas. Kamiga u kiyimlarni Yevropadan olib kelish ham kerak. Albatta, bu katta xarajat talab qiladi, ba’zi paytda yoqmaydi ham. Biroq o‘zim muxlislarimni shunga o‘rgatib qo‘yganman, kelgan muxlis mendan shuni kutadi. Garchi har safar ortiqcha o‘ylash o‘zimga yoqmasa-da, bundan voz kecha olmayman. Hamma mayda elementgacha, hatto taqinchoqlarning rangigacha jiddiy e’tibor bilan tanlaymiz. Qaysi mavzudagi qo‘shiqlarni qanday libosda aytishimgacha ajratib chiqamiz. Masalan, Vatan yo ona haqidagi qo‘shiqlarni shimda yoki qizil kiyimda aytolmayman-ku.
Konsertga hamma ham qo‘shiq tinglash uchun kelmaydi, ba’zilar shou ko‘rish istagida keladi. Qo‘shiq eshitadigan muxlis nari borsa 45 foiz bo‘ladi, menga ishoning.
Konsert arafasida chellenj e’lon qilib, eng yaxshi ijrochilarni katta sahnaga olib chiqishni odatga aylantirdingiz. Bu safar ham bu takrorlanishi mumkinmi?
— Ijodimning ilk yillarida juda qiynalganman, katta san’atkorlar yaqiniga yo‘latmas edi. Talabalik davrimda kimdir yordam berarmikin, deya panoh qidirganman. Lekin birov qo‘l cho‘zmagan, aksincha, ko‘kragimizdan itarishgan, juda qiyin davrdan o‘tganmiz. Yillar o‘tib, ayrim ustozlar yordam bergan.
Xalqimiz ichida haqiqatan zo‘r, ammo qiynalib yurgan iste’dodlar ko‘p. Agar shulardan kimnidir payqab qolsam, sahnaga olib chiqaman. Har yili albatta, birorta iste’dodni yuzaga chiqarishim shart, degan qoidaga amal qilmayman. Zo‘ri uchrab qolsa va uning ovozi ko‘nglimga yoqsa yordam beraman. 2023-yilda uch nafar qizni olib chiqdim, o‘tgan yili Tolibni qo‘llab-quvvatladik.

Tolib konsertimda ishtirok etib, mashhurlikka erishgach, uni ko‘rgan boshqa musofirdagilar ham yordam so‘rashni boshladi. “Moskvada yuribman, meni ham olib keting, qiynalib ketdim”, deydiganlar ko‘paydi. Ammo ularning orasida ovozi ko‘nglimga yoqadigani chiqmayapti. Men qiynalib yurganlarni emas, iste’dodli yoshlarni qidiryapman. Bu ijtimoiy loyiha emasligini ko‘pchilikka tushuntira olmayapman.
“Ovoz” loyihasida ham uch-to‘rt oy vaqt ketadi. Men e’lon qilgan chellejnda bittada tanilib ketish mumkin. Bu imkoniyatni his qilish kerakmi? Bu yil menga yuborilgan ijrolarning birortasi yoqmadi. Buni tan olish kerak. Qatnashish istagida bo‘lgan ovozi bor uka-singillarimiz bir yil tayyorgarlik ko‘rishsin, keyingi yil yana o‘tkazamiz.

Oxirgi yillarda ijodingizda retro yo‘nalishga ko‘proq urg‘u berayotgandeksiz. “Ko‘k jiguli”, “Javohir” va yaqinda premyera qilingan “To‘ylar muborak” kliplarida retroga murojaat qilgansiz. Buning sababi nima?
— Nima uchun muxlislarda retroga ehtiyoj paydo bo‘ldi? Shaxsan men uchun bu yo‘nalishda kuylash “moda” emas. Aslida butun dunyo mediasi retroga qaytdi. Men buni kimdandir olib qilganim yo‘q. 10 yildirki, retro tendensiyasi yuqori darajada, hatto liboslar, moda sohasida ham. Bundan tashqari kino, klip sanoatiga ham bu yo‘nalish qayta kirib keldi.
Retroga qo‘l urishim “Ko‘k jiguli"dan boshlandi. Klip ssenariysini yozish jarayonida bolaligim va hayotimdagi voqealar yodimga tushdi. Keyin hayotimni shundoq ko‘rsatishga qaror qildik. “Ko‘k jiguli"ning klipida 90 foiz o‘zimning hayotim tasvirlangan. Bu uzoq tarix emas. Men SSSR davrida tug‘ilganman, o‘sha davrda bolaligim o‘tgan. Ozoda Nursaidova SSSRning targ‘ibotini qilyapti, degan noo‘rin tanqidlar ham bo‘ldi. Men hayotimning bir qismini, o‘tmishimni yulib tashlamayman-ku. Biror joyda SSSR, pioner, komsomol, sovet ittifoqi degan yozuvlarni, targ‘ibotni ko‘rdingizmi? Yo‘q! Bu klip orqali shunchaki hayotimni ko‘rsatdim xolos.

“Ko‘k jiguli"ni ko‘pchilik tanqid qildi. O‘sha yerda sayoz, o‘zbek adabiyotiga zid yoki ma’naviyatga yomon ta’sir qiladigan birorta so‘z bormi? Vijdonan aytinglar, bormi birorta yomon so‘z? Qo‘shiq yaratish paytida har bitta so‘zni chertib-chertib, ma’naviyatga zid bo‘lmasin, deb yozib chiqqanman. O‘zim she’r ham yozib turaman va yozganman. Agar Jiguli yoki mashina haqida kuylash sayoz bo‘lsa, mayli, sayoz bo‘lsin. Lekin she’rda ma’naviyatga, o‘zbekchilikka yoki tarbiyaga zid bitta so‘z bo‘lsa, aytinglar. Birorta bunday so‘z yo‘q. To‘g‘ri, qo‘shiq naqoratida yengil so‘zlar bor. Biroq umumiy olib qaraganda, o‘zbek adabiyotiga zid bo‘ladigan birorta so‘z yo‘q.
“Javohir” ham huddi shunday: uning klipi ham hayotimdan olingan. Shu hafta premyera qilingan “To‘ylar muborak” klipida ham deyarli o‘z hayotim aks etgan. Bular to‘qima emas, barchasi real voqealar.
— Hozirgi kunda qo‘shiq aytayotganlar soni ortmoqda. Ayrim hamkasblaringiz asl san’atni musiqiy bilimi yo‘q va ustoz ko‘rmaganlar o‘ldiryapti, deyishadi. Tayyor ijod mahsulidan fonogramma orqali foydalanib, daromad topayotgan va mashhur bo‘layotganlar ham bor. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
— Bir haqiqatni aytaman: yaqin 5−10 yil ichida bu narsaga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi. Hozir texnologiya rivojlanib ketdi, sun’iy intellekt san’at olamiga ham kirib keldi. Qo‘shiqlar va sun’iy qo‘shiqchilar ko‘payaveradi. Buni hech kim nazorat qila olmaydi. Toki tinglovchi joniga tegguncha, bu ommalashaveradi.
Qo‘shiqchilik biznes turiga aylanib qoldi. Xalqimiz tarafidan ham qo‘shiqchilarga agressiya bor, oxirgi paytlar negativlar ko‘paydi. Chunki kimga qarama, qo‘lida mikrofon, ashulachi. Texnologiya orqali qo‘shiqni bir amallab yozib, keyin mikrofon ko‘tarib pul ishlashdan osoni yo‘q. Agar ularni qo‘shiqchi, deya olsak. Shu bois hamma mikrofon ushlagan, hamma ashulachi. Ishoning, hech kim qolmadi: rejissyor, sozanda, raqqosa, vayner, bloger… hamma oson pul topish manbaiga o‘tib qoldi.

Yaqinda bir hamkasbimizning “San'atkorlar oson pul topadi”, degan gapini eshitib qoldim. Bu menga yoqmadi, og‘ir botdi va xafa bo‘ldim. 10 yilda bitta fonogramma qilib qo‘ygan mana shundaylar mazza qilib to‘yga yurib, oson pul topadi. Lekin men unday emasman. Xalovatim yo‘q, deyarli uxlamayman. Har kuni qo‘shiq yozmayman, ammo hamma narsani o‘zim nazorat qilaman. San’atga umrimni berganman. Men oson pul topmayman. Asl san’atkor hech qachon yengil pul topmaydi.
Agar ularni san’atkor deydigan bo‘lsak, mayli, u toifadagi san’atkorlarga osondir daromad topish. San’atni o‘ldirayotganlar shunaqa gaplarni aytyapti. Mazza qilib yurishibdi. Hammamizni bitta qatorda ko‘rishayotgani achinarli. Tasavvur qiling, Sherali Jo‘rayevdan tortib, siz aytgan odamlar ham bitta qatorda — san’atkor, qo‘shiqchi. Yana buning aks tarafi “otarchi” bo‘lib qoldi. Qanaqasiga? Tozalash payti kelmadimikan? Jonli ijroni tadbiq qilish tarafdoriman. Jonli ayta olmaganlar jazolansin.
— Ayni paytda shou-biznesda mas’uliyat bilan ijod qilayotgan san’atkorlar bormi va kimlarning nomini ayta olasiz?
— Mas'uliyat bilan ijod qilayotganlar juda kamayib ketdik. Piar asosiy o‘ringa chiqib qoldi. Bu achinarli hol. O‘zining ijodiga mas’uliyat bilan yondashadiganlar deyarli qolmadi. Qo‘shiqchilarning ko‘pida faqat piar bo‘lib qoldi. Ijod, repertuar, jonli ijroga qaraydigan 2−3 nafar san’atkor qoldi, boshqa yo‘q. Piarga qiziqmaydigan, haqiqatdan ishlaydiganlar qolmadi.

San’atkorlar hozir yengil piarga uchyapti — bir-birini so‘kib, g‘iybat qilib, “chaqiruv” tashlab, unga javob qilib, o‘zining darajasini tushiryapti. Piarni biz ham qilganmiz, hali piar yo‘q paytlar edi. Lekin me’yor bor. Mayli, ijodiy piar bo‘lsa gap yo‘q. Lekin bir-birini sharmanda qilish, birovning obro‘sini to‘kish darajasida emas, oqibatini o‘ylash kerak.
O‘sha piarni chorasizlikdan qilayotganlar, ya’ni balki qo‘shiqlarini kimdir eshitmayotgandir, ishini birov payqamayotgandir. Ammo omma qilayotgan mehnatini bugun payqamas, ertaga payqamas, ishlayverish kerak. Ijodda qancha ko‘p mehnat va eksperiment qilinsa, albatta, xosili bo‘ladi. Lekin arzon piarga yopishish katta xato.
“Ozoda opa bilan ishlash osonmas, juda talabchan”
Davron Muqimov, konsert rejissyori, prodyuser:
— Muxlislar konsertga trend ko‘rishga kelmaydi. U dasturdan ma’naviy ozuqa olishi kerak va bizning ham maqsadimiz shu. Ozoda opaning o‘zi ham ko‘proq tarbiyaviy ahamiyatga ega narsalar bo‘lishini xohlaydi. Zaldagi 4000 nafar odamning oldida tiz cho‘kib “marry me” qilgandan ko‘ra, tarbiyaviy nimadir taqdim etish tarafdorimiz.

Bu yil konsertda tarbiyaviy, dolzarb masalalardan biri olib chiqiladi. Buning ustida teatr aktyorlari, ssenaristlar, ovoz rejissyorlari bilan bir yarim oydan buyon ishlayapmiz. O‘ylashimcha, bu sahna ko‘rinishi ko‘pchilikning qalbidan joy oladi. Shuningdek, bu yilgi dasturda noodatiy blok ham bor. Ozoda Nursaidova har yili konsertda yorqin obrazlarda chiqardi, ammo ushbu konsertda orkestrdan tortib xonandagacha hech kim kutmagan holda namoyon bo‘ladi.
Parizoda, “Parizod” milliy raqs ansambli rahbari:
— Ozoda opaning konsertida ilk bor 15 yoshimda chiqqanman. O‘shanda Muhabbat va Malika Qurbonovlar hamda men birga raqs ijro etganmiz. Ozoda Nursaidova bilan ishlashning menga qiziq bo‘lgan va yoqqan tarafi shuki, ular kreativlikni va boshqalarga o‘xshamaydigan takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi. Boshqa san’atkorlarning konsertlarida oddiy o‘zbekcha raqslarni ijro etib, ikkita qo‘shiqdan keyin zerikishni boshlaysiz. Ozoda opaning dasturlarida esa hindcha, ispancha, italyancha, arabcha va albatta, haqiqiy milliy va chapani o‘zbekcha raqslar ham bo‘ladi, xohlaganingizcha erkin ijod qilishingiz mumkin.

Ozoda opa bilan ishlash qiyin bo‘lganidek, men bilan ishlash ham oson emas (kuladi). Chunki ikkimiz ham sifatli narsalarni xohlaymiz. Lekin bizlarda vaqt kamlik qiladi: liboslarni tayyorlashga, kreativ va shou chiqishlar yaratishga vaqt yetmaydi. Shunga ozgina qiynalamiz.