Vazir Ozodbek Nazarbekov reper va DJ’lar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Maqsad nima?

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 6-iyun kuni O‘zbekistonda ijod qilayotgan reperlar va DJ’lar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ochiq muloqotda zamonaviy musiqa san’atini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilingan.
Afisha.uz muxbiri ushbu uchrashuvda qanday masalalar yuzasidan takliflar bildirilgani bo‘yicha madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda reperlar Massa va Konstadan izoh oldi.

“Yoshlar ularni ko‘proq eshityapti”
Ozodbek Nazarbekov, Madaniyat vaziri:
To‘g‘ri, rep janri ayrim shaxslarga yoqmasligi mumkin. Lekin tan olishimiz kerakki, reperlar ham bizning soha vakillari, bugun faol ijod qilyapti va hozirgi avlod ularni ko‘proq eshityapti. Reper va DJ’larni o‘z holiga tashlab qo‘yganimiz nima beradi-yu, qayerdadir kelishib, birgalikda aksiyalar tashkil qilib, yoshlar davrasida hamohang bo‘lishimiz esa nima natija beradi? Biz shu natija sari borishni maqsad qilganmiz. Ularni qiynayotgan muammolarini hal qilib, yonida turish va qo‘llab-quvvatlash Madaniyat vazirligining to‘g‘ridan to‘g‘ri vazifasi, deb o‘ylayman.

“Uchrashuv reperlar ijodiga salbiy ta’sir qilmaydi”
Konsta, reper:
To‘g‘risini aytaman, shu kungacha Madaniyat vazirligidan biror yordam kutmaganman. Bizga halaqit qilishmasa bo‘ldi, degan fikrda faoliyat yuritganmiz. Hozirgi kelib esa bu tashkilotning reper va DJ’larni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgani albatta, quvonarli. Uchrashuv juda ochiq va pozitiv kayfiyatda o‘tdi. Vazir “Qanday muammo va og‘riqlaringiz bor, rep yo‘nalishini rivojlantirishga oid qanday g‘oyalaringiz bo‘lsa, aytinglar”, dedi.

Ochiq davra suhbatida bir qancha masalalar yuzasidan fikrlarimni bildirdim. O‘zbekistonda hozir konsert tashkilotchisining hech qanday himoyasi yo‘q. Men va jamoam ko‘p konsertlarni o‘tkazib kelyapmiz, qanday muammolar mavjudligini chuqur bilamiz. Bir marta konsert tashkil etsangiz, qiziqishingiz so‘nadi. Foydali daromad topish esa oxirgi darajaga tushib qoladi. Ungacha bo‘lgan jarayonda turli to‘siq va boshog‘riqlar bor. Vazirga shular haqida aytdim.
Shuningdek, bizda mualliflik huquqi juda sust ishlaydi. Eng achinarlisi, bizning mualliflik huquqimiz boshqa davlatlarda tan olinmaydi. Bu ham xonandalarni qiynayotgan og‘riqli masalalardir biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida yosh ijodkorlar uchun litsenziya masalasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladim. Chunki bugungi kunda ijodini boshlayotgan ko‘plab yoshlarning litsenziya olish uchun mablag‘i yetarli emas. Masalan, yosh ijodkor yilda bir yoki ikki marta konsertda ishtirok etishi mumkin. Ayrimlari uch-to‘rt marta sahnaga chiqsa ham, bu katta natija hisoblanadi. Lekin shunday vaziyatlarda ham litsenziya uchun alohida mablag‘ to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Holbuki, ularning aksariyati hali ijodidan katta daromad olayotgan bo‘lmaydi.
Yosh ijodkorlar ma’lum darajada tajriba orttirib, ijodidan ozmi-ko‘pmi daromad ko‘ra boshlagunicha litsenziya talablarini yengillashtirish yoki ularga imtiyoz berish kerak. Bu san’atning rivojlanishiga xizmat qiladi. Agar yoshlarga sharoit yaratilsa, natijasini ham tez ko‘ramiz: san’at sohasi jonlanadi, yangi albomlar chiqadi, konsertlar ko‘payadi, yangi nomlar paydo bo‘ladi. Uchrashuvda barcha takliflarimga ijobiy munosabat bildirildi.
Vazirlikda bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv va bizga beriladigan imkoniyatlar reperlar ijodi hamda erkinligiga ta’sir ko‘rsatmaydi, deb o‘ylayman. Chunki erkinlik har bir insonning shaxsiy hududi. Hozirgi kunda vazirlikdan yoki boshqa joydan chaqirib, “buni ayt”, “buni aytma”, deydigan davr ortda qolgan. Bugun bunday talabni hech kim qo‘ya olmaydi: hamma mustaqil va istalganidek ijro qiladi, xohlagan taronasini tinglaydi. Har bir san’atkor ichki dunyosini boricha o‘z ijodida ifodalashga haqli. Madaniyat vaziri bizning muammo va takliflarimizni eshitdi. Har bitta reper va DJ ham o‘zbek san’atining bir bo‘lagi ekanini aytdi. Shu bois vazirlikni ijodiy faoliyatimizga senzura qo‘yish niyati yo‘q, degan xulosa chiqardim.
Monetizatsiya va mualliflik huquqi masalalari
Massa (Shukhrat Allayarov), reper:
Madaniyat vaziri birinchi marta reperlar bilan shaxsan uchrashib, ochiq muloqot qildi. Uchrashuv davomida shuni tushundimki, davlat rep janrini ham qo‘llab-quvvatlashga jiddiy kirishyapti. Shu paytgacha ko‘proq nazorat haqida gapirilgan bo‘lsa, endi asosiy e’tibor yordam berishga qaratilgan.

Men uchun eng muhim masala mualliflik huquqi va monetizatsiya edi. Chunki reperlar to‘yga chiqmaydi, asosiy daromad manbai aynan shu tarmoqlar hisoblanadi. Vazir ham bu muammolarni yaxshi tushunishini aytdi va hal qilish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Albatta, bu masalalarni bir kunda hal qilib bo‘lmaydi, lekin ular ustida ish olib borilayotgani quvonarli.
Yana bir muhim mavzu — qaroqchilik masalasi. Hozir qo‘shiqlarimizni internetda tarqatib, foyda ko‘radiganlar ko‘p, lekin mualliflarga hech qanday haq to‘lanmaydi. Bu borada ham qonunlar ishlashi uchun ijodkorlarning o‘zi faol bo‘lishi kerakligi aytildi.

Uchrashuv davomida konsertlar tashkil qilish, chiptalar va boshqa muammolar ham muhokama qilindi. Eng asosiysi, bu yig‘ilishda bizga qanday ijod qilishimiz yoki nima haqida kuylashimizga oid e’tiroz va takliflar bildirilmadi. Balki, “Sizlarga qanday yordam kerak?” degan savol qo‘yildi.
Ochiq muloqotda monetizatsiya va mualliflik huquqiga oid savollarimga qoniqarli darajada javoblar oldim. Rep madaniyatiga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganini his qildim. Uchrashuv menda yaxshi taassurot qoldirdi. Endi eng muhimi — aytilgan rejalar amalda ham o‘z natijasini ko‘rsatishi.
Mazkur uchrashuvda qatnashgan ayrim ijodkorlarning (ismi sir qolishini so‘radi — tahr.) aytishicha, uchrashuvda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov reper va DJ’larni bir maydonga jamlaydigan maxsus festival tashkil etish tashabbusini ilgari surgan. Shuningdek, ochiq muloqotda soqol masalasi ham muhokama qilingan.