Tarixiy gol muallifi Abbos Fayzullayev oʻyindan soʻng nimalar dedi?

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 18-iyun kuni Jahon chempionati guruh bosqichi 1-turi doirasida Kolumbiyaga qarshi o‘yin o‘tkazdi va 1:3 hisobida magʻlub boʻldi. Uchrashuvda Oʻzbekistonning tarixiy goliga Abbos Fayzullayev mualliflik qildi.
Futbolchi uchrashuvdan keyin oʻyin haqidagi fikrlarini bildirdi.
“Albatta, natijadan xafamiz. Ochko olishimiz mumkin edi, bolalar borini berishdi. Birinchi daqiqalarda baribir hayajon boʻldi, lekin ikkinchi taym boshlangandan keyin oʻz oʻyinimizni koʻrsatishni boshladik va gol urishga ham muvaffaq boʻldik. Ikkinchi golni esa oddiy oʻzimizning xatomizni deb oʻtkazib yubordik.
Baribir bu alam qiladi, lekin Oʻzbekistonda turib yoki bu yerga kelib qoʻllab-quvvatlagan barcha muxlislarga katta rahmat aytib qolaman. Chunki ertalab (soat — tahr.) yettida turib bu oʻyinni koʻrish oson emas. Biz ulardan minnatdormiz. Oldimizda hali ikkita oʻyin bor va bor e’tiborimizni Portugaliyaga qaratamiz", — dedi hujumkor yarim himoyachi oʻyindan keyin.
Bundan tashqari, jurnalistlardan biri undan golni kimga bagʻishlaganini ham soʻradi. Fayzullayev esa golni oilasiga va boʻlajak ayoliga bagʻishlaganini aytib oʻtdi.
Tarixiy gol haqida prezident Shavkat Mirziyoyev ham fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, futbolchilar Jahon chempionatidagi birinchi oʻyinda oʻzlarining xarakterini koʻrsata oldi.
“Oʻzbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz va qizgʻin kechgan oʻyinda futbolchilarimiz mundialda juda katta tajribali jamoaga qarshi oʻzining kuchli xarakterini koʻrsatdi. Oson emas, birinchi marta biz 34 yil kutgan voqea boʻldi. Biz uchun chempionatdagi birinchi golimiz — bu ham gʻalaba”, — dedi prezident.
Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichi 2-turida 23-iyun kuni soat 22:00 da Portugaliyaga qarshi oʻyin oʻtkazadi. Shuningdek, 3-turda 28-iyun kuni tongi soat 04:30 da Kongo DR terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
O‘zbekiston terma jamoasi JChdagi ilk o‘yinida mag‘lub bo‘ldi
O‘zbekistonning jahon chempionatlaridagi ilk golini Abbos Fayzullayev kiritdi.