“Godzilla Kongga qarshi” filmi yulduzi Keyli Hotl 18 yoshida vafot etdi

E’lon qilingan sana· 207
“Godzilla Kongga qarshi” filmi yulduzi Keyli Hotl 18 yoshida vafot etdi

“Godzilla Kongga qarshi” hamda “Godzilla va Kong: Yangi imperiya” filmlaridagi Jia obrazi bilan tanilgan amerikalik aktrisa Keyli Hotl 18 yoshida avtohalokat oqibatida vafot etdi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Fojia 21-iyul kuni AQSHning Merilend shtatida sodir bo‘lgan. Aktrisaning otasi Joshua Xottl bu haqdagi xabarni imo-ishora tilidagi jonli efir orqali tasdiqlagan. Keyli tahsil olgan Texas School for the Deaf maktabi ham uning vafoti yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qilgan.

Maktab ma’muriyati marhumaning oila a’zolari, do‘stlari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, voqea tafsilotlari yuzasidan asossiz taxminlar tarqatmaslikni so‘ragan.

Keyli Xottl 2021-yilda ekranlarga chiqqan “Godzilla vs. Kong” filmida Kong bilan yaqin rishta o‘rnatgan kar qiz Jia rolini ijro etgan. U ushbu obrazni 2024-yilda suratga olingan “Godzilla x Kong: The New Empire” filmida ham davom ettirgan. Mazkur roli uchun u Saturn Awards mukofotiga “Eng yaxshi yosh aktyorlik ijrosi” nominatsiyasida ko‘rsatilgan.

2007-yilning 1-may kuni AQSHning Atlanta shahrida tug‘ilgan Keyli karlar oilasida voyaga yetgan. U amerika imo-ishora tilini mukammal bilgan va “Godzilla” filmlarida Kong bilan aynan imo-ishoralar orqali muloqot qilgan.

Aktrisa faoliyati davomida “Magnum P.I.” serialida ham suratga tushgan. Bundan tashqari, u yengil atletika bilan shug‘ullangan va Texasdagi kar bolalar maktabi terma jamoasi safida musobaqalarda qatnashgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling