“Haligacha qo‘rquv bor” — Izzat Shukurov ilk yakkaxon konsertiga qanday tayyorgarlik koʻrmoqda?

Xonanda Izzat Shukurov 10-oktyabr kuni Humo Arena’da ilk yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. U “Devonangman” nomli dasturidan oldin jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazib, konsertga oid savollarga javob berdi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.
— Ko‘p yillik tajribaga ega xonandalar ham Humo Arena’da konsert berishga ikkilanayotgan bir paytda siz ilk konsertingiz uchun aynan shu maydonni tanladingiz. Bu qarorga qanday keldingiz va xavotir yoki qo‘rquv bormi?
— Bu savolni o‘zimga ham berganman. Konsertim Humo Arena’da bo‘lishini eshitganimda, “Qanday qilib?” degan fikr tug‘ilgan. Chunki ilk konsert uchun bu juda katta va mas’uliyatli qadam. 10,5 ming odamni bir kunda bir joyga to‘plash oson emas.

Aslida, Sazu Event kompaniyasi rahbari bilan gaplashayotganimizda, birinchi qadamimizni “Xalqlar doʻstligi” san’at saroyidan boshlashni so‘raganman. Hatto 4200 kishilik zalni to‘ldirishning o‘zi men uchun savol edi. Bir kuni ertalab Sazu Event rahbari Amir aka qo‘ng‘iroq qilib, “Xalqlar doʻstligi"ni ham, “Alpomish” sport saroyini ham qoldirib, konsertni Humo Arena’da o‘tkazishni taklif qildi. Tabiiyki, shok bo‘ldim. Lekin yaqinlarim, oilam va tashkilotchilarning qo‘llab-quvvatlashi bilan bu qarorga rozilik bildirdim.
Albatta, haligacha qo‘rquv bor, mas’uliyatni his qilyapman. Lekin chiptalar savdosi bizga katta ishonch beryapti. Hozirga kelib, chiptalarning 80−85 foizi sotildi.
Inson har doim o‘ziga niyat qilaverar ekan, ammo undan ham yaxshilari nasib etishini bilmaskan. Kichik bir guldasta xohlagan edik, bizga esa butun bir bog‘ nasib qildi. Bundan juda xursandman.
— Humo Arena`dan keyin boshqa maydonlarda konsert berish qiyin bo‘lmaydimi sizga?
— Humo Arena’da bir marta chiqqan odam u yerni juda yaxshi ko‘rib qolar ekan. Buni Shohrux akaning konsertiga chiqqanimdayoq sezganman. U yerdagi muhit, ko‘rinish, odamlar sig‘imi — bularni tasavvur qilish ham qiyin. O‘shanda Shohrux aka menga: “Humo Arena’dan keyin boshqa joylarni qabul qilishing qiyin bo‘ladi”, degan edilar. Bu gap ayni haqiqat ekan.

Lekin baribir “Xalqlar doʻstligi” san’at saroyida ham konsert qilish niyatim bor. Sababi u yerda ko‘plab ulug‘ ustozlarimiz konsert bergan va bu maskan biz uchun juda boshqacha ahamiyatga ega. Onamning ham “Xalqlar doʻstligi"da birinchi qatorda o‘tirish niyati bor. Endi Humo Arena’da birinchi qatorda o‘tiradi. Lekin kelajakda “Xalqlar doʻstligi"da ham konsert beraman.
— Birinchi konsertingiz qancha vaqt davom etadi va dasturda nechta qo‘shiq bo‘ladi?
— Dasturda 22 ta qo‘shiq bo‘ladi. Eng mashhur va tomoshabinlar kutgan taronalarni tanladik. Konsert ikki soatdan biroz ko‘proq davom etishi rejalashtirilgan. Juda uzoq konsert qilib, odamlarni charchatib qo‘yishni istamaymiz. Hali oldinda ko‘p rejalarimiz va konsertlarimiz bor.
— Repertuarda kaver yoki retro qo‘shiqlar ham bo‘ladimi?
— Yo‘q, kaverlar bo‘lmaydi. Konsert bersam, boshidan oxirigacha mualliflik qo‘shiqlarim bilan chiqishni niyat qilganman. Shu qarorimga sodiq qoldim. Dastur o‘z qo‘shiqlarimdan iborat bo‘ladi.
— Konsertda yangi duet ham taqdim etiladimi?
— Ha. Yangi qo‘shiq “Hijron” deb nomlanadi. Ayol xonanda bilan duet kuylashni niyat qilardim. Men uchun ijodiy jihatdan qiziq bo‘lgan bir nechta xonandalar bor edi va ular orasida aynan shu inson ham bor edi.
— Tarmoqlarda bu xonanda Rayhon ekanligini yozishmoqda?
— Ha, Rayhon G‘aniyeva bilan ijro etdik. Taklif bizdan chiqqan. Rayhon opa taklifimizni rad etmagani uchun rahmat aytaman. Juda chiroyli qo‘shiq chiqdi, mavzusi ham menga juda yoqdi. Qo‘shiq premyerasini 25-sentyabrga rejalashtiryapmiz. Agar ulgursak, undan ham oldinroq taqdim etishimiz mumkin.
— Konsertda jami nechta duet bo‘ladi?
— Ikkita duet bo‘ladi. Bittasi barchaga ma’lum “Devonangman” — Shohrux aka bilan. Bu qo‘shiq chiqqaniga ham 10-oktyabr kuni bir yil bo‘ladi. Ikkinchi duet esa Rayhon opa bilan.

— Bu duetlar uchun xonandalar sizdan pul so‘rashganmi?
— Yo‘q, bizda pullik duetlar bo‘lmagan. Shohrux aka ham, Rayhon opa ham haqiqiy ijodkorlar. Bu ikki duetning paydo bo‘lishiga asosiy sabab — ijodiy hamkorlik. Albatta, kimdir duet uchun pul so‘rashi mumkin. Buni ham normal qabul qilaman, chunki bu iqtisodiy yondashuv va dunyo miqyosida ham bor. Lekin biz ijodiy tomonni ustun qo‘yamiz.
— Konsertda qiziqchilar yoki so‘z ustalari ham chiqish qiladimi?
— Bunday rejamiz yo‘q. Bu biroz boshqacharoq konsert bo‘ladi. Ijodim bilan tanish bo‘lsangiz, qo‘shiqlarimda romantik va oilaviy muhit ko‘proq ekanini bilasiz. Konsertda ham shu kayfiyatni berishga harakat qilamiz. Biroq tomoshabinlar Izzat Shukurovning hali ko‘p ochilmagan qirralarini ham ko‘rishi mumkin. Balki shu konsert orqali meni boshqacha tomondan kashf qilishar.
— Siz asosan, sokin qo‘shiqlar bilan tanilgansiz. Humo Arena’da esa sahna katta va fan-zone mavjud…
— Biz ataylab fan-zone qilmadik. Tinglovchilarimiz orasida oilaviy auditoriya ko‘p. Shuning uchun parterda o‘tirib tomosha qilish imkoniyatini yaratdik. Lekin bu o‘sha kuni hamma faqat o‘tiradi, degani emas. Konsert vaqtida xohlagan odam turib, raqsga tushib, biz bilan birga kayfiyatni his qilishi mumkin. Qo‘shiqlarimning hammasi ma’yus emas. Sho‘x taronalarimiz ham bor. Ularni konsert kuni ko‘rasizlar. Biz ularni ham boshqacha tarzda taqdim etishga harakat qilyapmiz.

— Konsertga tayyorgarlik ko‘rish paytida qaysi xonandalarning konsertlarini kuzatdingiz?
— Ilk katta yakkaxon konsertim bo‘lgani uchun kimdan sahnada qanday bo‘lish kerakligini, kimdan esa qanday bo‘lmaslik kerakligini o‘rganaman. Shu sabab ko‘plab xonandalarning konsertlarini YouTube orqali ko‘rdim. Sahnada qanday gapirish, o‘zini qanday tutish, tomoshabin bilan qanday muloqot qilish — barchasiga e’tibor berdim. Jahon sahnasidagi konsertlardan eng ko‘p qayta-qayta ko‘rganlarimdan biri Jah Khalibning Toshkentdagi konserti bo‘ldi. Undan juda ko‘p narsa oldim.
— Repetitsiya jarayonida siz uchun eng qiyin jihat nima bo‘lyapti?
— Menimcha, jonli ijroda kuylaydigan xonanda uchun eng katta qiyinchilik — tomoq va ovoz. Shuning uchun ovozni asrash va konsertga tayyorlashga alohida e’tibor beryapmiz. Tomoshabin oldiga chiqib, “kasal bo‘lib qoldim, tomog‘im og‘riyapti”, deyishga haqqimiz yo‘q. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, jonli ijro qilishimiz kerak. Qiyinchilik tomoni shu, deb o‘ylayman.

— Otangiz Tojivoy Shukurov ham xonanda, mashhur “Toj” guruhining sobiq solisti hisoblanadi. Konsertingizning dadangiz uchun ahamiyati qanday?
— Shohrux akaning konsertlarida dadamning yig‘lab o‘tirgan videosi tarqalgan edi. Men o‘sha yerda atigi uch daqiqa sahnaga chiqqanman. Lekin dadamning emotsiyalarini ko‘rib, o‘zim ham yig‘laganman. Endi bir ota uchun o‘g‘lining ikki soat davomida 10,5 ming odam oldida, ustiga-ustak ilk konsertida Humo Arena sahnasiga chiqishi qanday his ekanini tasavvur qilavering. Men dadamning shu orzularini amalga oshirayotgandek his qilaman. Oilam ham qo‘llab-quvvatlayapti. Konsert kuni ularning barchasi yonimda bo‘ladi.
Konsert uchun chiptalarni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.
Shoxrux va Izzat Shukurov "Devonangman" nomli duet kuylashdi
Reper Shoxrux va qoʻshiqchi Izzat Shukurov “Devonangman” deb nomlangan duet kuylashdi. Qo‘shiq mazmun jihatdan sevgi va ayriliq mavzusiga bag‘ishlangan.