“Bu hurmat emas, haqorat”. Anvar Sobirov to‘ylarda san’atkorlar ustidan pul sochish haqida

E’lon qilingan sana: · 333
“Bu hurmat emas, haqorat”. Anvar Sobirov to‘ylarda san’atkorlar ustidan pul sochish haqida

Xonanda Anvar Sobirov Afisha.uz muxbirining to‘ylarda san’atkorlar ustidan pul sochish holatlariga oid savoliga javob berdi. U san’atkorning ijodi pul bilan emas, balki qarsak va hurmat bilan baholanishi kerakligini ta’kidladi.

“Bunday holatni san’atkor uchun haqorat, deb bilaman. Uning san’ati pul bilan o‘lchanmaydi. O‘tirib, eshitib, qarsak chalish va hurmat bilan baholanadi”, — deydi xonanda.

Anvar Sobirovning qayd etishicha, san’atkorlar ustidan pul sochish odati O‘zbekistonga xorijdan kirib kelgan. Ustoz san’atkorlar davrida bunday holatlar bo‘lmaganini aytgan xonanda san’atkorga pul berishning boshqa usuli borligini bildirdi.

“Puling ko‘p bo‘lsa, sekingina hurmat bilan san’atkorning cho‘ntagiga qistir. Ko‘nglingdan chiqsa, ber. Chiqmasa, mayli, hech kim seni majburlamaydi. Lekin uning ustidan sochish mumkin emas. Pulda yurtimizning gerbi bor. Uni oyoq osti qilish mumkin emas. U millatning yuzi-ku”, — deydi qo‘shiqchi.

Xonanda o‘zining ham to‘ylarda bunday holatlarga duch kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pul sochayotganlar ko‘pincha mast holatda bo‘ladi va bunday vaziyatda e’tiroz bildirish to‘yda janjal keltirib chiqarishi mumkin.

“Bunday ishni ichgan odam qiladi. Hozir qilma desang, o‘sha yerda janjal bo‘ladi. Keyin to‘y egasi „Mening to‘yimda urushib nima qiladi“, deya e’tiroz bildiradi. Avvalo, odamda farosat bo‘lishi kerak”, — deydi Anvar Sobirov.

Uning fikricha, san’atkor ustidan pul sochish uning qadri yoki obro‘sini oshirmaydi.

“San'atkorning narxi yo obro‘si oshib ketadimi? Aksincha, uni xalq yomon ko‘rib qoladi. Puling ko‘p bo‘lsa, yetim-yesirga, ehtiyojmandga ber. Sochilgan pulni san’atkor terib olmaydi, o‘sha yerdagilar terib ketadi. Mayda pulni sochib, o‘ziga ochko ishlamoqchi bo‘ladi. Bu san’atkorga hurmat emas, haqorat”, — deydi Anvar Sobirov.

Avvalroq xonanda Jahongir Otajonov ham Afisha.uz muxbirining ayni shu mavzudagi savoliga munosabat bildirib, bunday vaziyatni qoralashda ikkiyuzlamachilik qila olmasligini ta’kidlagan edi.

“O‘zim ham pul sochganman”. Jahongir Otajonov to‘ylarda san’atkorlar ustidan pul sochish haqida

Xonanda Jahongir Otajonov Afisha.uz muxbiri savoliga javoban to‘ylarda san’atkorlarga pul sochish holatlariga munosabat bildirdi. Qo‘shiqchi bu borada ikkiyuzlamachilik qila olmasligini aytib, o‘zi ham o‘z uyidagi to‘yda xursandligidan pul sochganini ta’kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling