“Muxlislar bilan “Begona bahor”ni esladik”. Anvar Sobirovning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi?

Xonanda Anvar Sobirov 29−30 sentyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘zining yakkaxon konsertini taqdim etdi. “Sog‘indim sizni” nomli dasturda uning nafaqat retro taronalari, balki premyera qo‘shiqlari ham yangradi. Afisha.uz muxbiri konsertdan reportaj tayyorladi.
Uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana konsert bergan Anvar Sobirov bu safar 75 foiz yangi qo‘shiqlar ijro etdi. Uch blokdan iborat dasturda jami 23 ta tarona kuylandi.
“Bu imtihonga bahoni xalq beradi”
Xonandaning aytishicha, konsert davomida tomoshabinlar eski qo‘shiqlarni ham kuylashni, nostalgik kayfiyat yaratishni so‘ragan. Shu sababli muxlislar talabini ham bajarishga to‘g‘ri kelgan.

Dasturga 22 yil avval suratga olingan “Begona bahor” filmidagi sahna ko‘rinishi ham kiritilgan. Bu sahna nafaqat konsert zalida, balki tarmoqlarda ham keng tarqalib, tinglovchilarning ijobiy fikrlariga sabab bo‘ldi. Anvar Sobirovning aytishicha, sahnada filmdagi davrni eslatuvchi liboslardan foydalanilgan. Jumladan, xonandaning o‘zi, aktrisa Narziga Abdullayeva hamda O‘zbekiston san’at arbobi Isamat Ergashevning kinodagi obrazlaridagi liboslar ham 22 yil avvalgi bo‘lgan.
“Hammamiz o‘sha filmdagi liboslarni kiyib chiqdik, tomoshabinlar bilan birga o‘sha davrni esladik”, — deydi Sobirov.
Anvar Sobirovning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi konsertda duetlarga katta urg‘u berilmagan. Faqat akasi Og‘abek Sobirov bilan yangi duet tarona kuylandi. Xonanda duetlarga alohida qiziqmasligi va bu safar asosiy e’tiborni o‘z ijodiga qaratganini aytdi.
“Yangi mavzulardagi qo‘shiqlar bilan odamlarni hayron qilaman deb, o‘zimga ko‘proq urg‘u berdim”, — deydi u.

Xonandaning ta’kidlashicha, bir necha yillik tanaffusdan keyin berilgan konsertning katta qiziqish va shov-shuvlarga sabab bo‘lishi uning uchun kutilmagan holat emas. U konsertga tayyorgarlik jarayonida to‘rt oy davomida kuniga uch soatdan uxlagani, katta mehnat va stress bilan ishlaganini bildirdi.
“Kim mehnatini shunday kutib olishlarini kutmaydi? Hamma kutadi. Bu — mehnat, rohati keyin bo‘ladi. Xudoga shukr, shu mehnatlarimiz joyiga tushyapti”, — deydi xonanda.
Anvar Sobirovning qayd etishicha, u konsertni daromad topish uchun tashkil qilmagan. Asosiy sabab — sahna va ijodni sog‘ingani.
“Maqsadim — imtihon topshirish, ijoddaman deyishning o‘zi”, — deydi Anvar Sobirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, san’atkorga yakuniy bahoni tomoshabin beradi. Shu bois Sobirov har bir konsertni xalq oldidagi imtihon sifatida qabul qiladi.
“Har bitta konsertni imtihon, deb bilaman. Hozir bahoni zalda o‘tirgan xalq beradi. Kundalikni olib boraman: „Necha qo‘yasizlar?“ deb”, — deydi xonanda.
“Ham ijodkor, ham inson sifatida hurmat qilaman”
Ibrohim Rasulov, kino rejissyor:
Anvar bilan ko‘p yillardan beri qadrdonmiz. “Begona bahor”, “Jiyda guli” filmlarimda birga ishlaganmiz. Hozirda “Poydevor” nomli serialimda ham suratga tushyapti. Uning har bir konsertida u qanday hayajonlansa, biz ham xuddi shunday hayajon bilan qo‘llab-quvvatlab turamiz. Har safar konsert berganida muxlislari tomonidan juda iliq kutib olinadi.

Anvarni ijodkor sifatida ham, inson sifatida ham juda yuqori baholayman. Sobirovlar sulolasining barcha vakillari bizga juda qadrli, ular bilan oilaviy darajada yaqinmiz. Og‘abek Sobirov bilan ham “Qizg‘aldoq” filmida birga ijod qilganmiz.
Menimcha, Sobirovlarda tug‘ma aktyorlik mahorati bor. Qo‘shiqchilikda ham o‘zlariga xos mahoratga ega. Ular inson sifatida ham juda ma’naviyatli va madaniyatli insonlar. Bugungi yoshlar va ijodkorlar ulardan o‘rnak olsa arziydi, deb bemalol ayta olaman.
“Ukamdan jiddiy xato kutish qiyin”
Og‘abek Sobirov, O‘zbekiston xalq artisti:
Anvarni ham akasi, ham ustozi sifatida juda tirishqoq ijodkor, deb bilaman. U biror narsani bajarishga qaror qilsa, albatta, amalga oshiradi. Bolaligida ham shunday edi. Juda o‘tkir zehnli, har bir ishini avval maslahatlashadigan, yangilikka juda o‘ch inson. Muxlislar ko‘nglini qanday olish haqida ham ko‘p o‘ylaydi.

Ijodida tanqidiy jihatni ko‘rsam, albatta, aytaman. U ukam ekan, deb kamchiligini yashirishni to‘g‘ri deb hisoblamayman. Buni o‘zimning burchim deb bilaman. Anvar ham tanqidlarimni doimo to‘g‘ri qabul qiladi. Aslida, undan jiddiy xato kutish qiyin. U o‘ziga juda e’tiborli, har bir qadamini o‘ylab bosadigan, qilayotgan ishini bilib qiladigan inson. Uning shu jihatini juda qadrlayman.
Oramizdagi farq to‘rt yosh bo‘lsa-da, birga ulg‘ayganmiz, bolaligimizdan birga ijod qilganmiz. Anvarni turli davralarda maqtashganida albatta, faxrlanaman. Bugun uni katta sahnada shuncha muxlisni o‘ziga jalb qilib, ularning ko‘nglini olib turganini ko‘rsam, bolalik davrlarimiz yodimga tushadi. Bunday paytda har qanday aka faxrlanadi. Men ham Anvar bilan juda g‘ururlanaman.
“Bu hurmat emas, haqorat”. Anvar Sobirov to‘ylarda san’atkorlar ustidan pul sochish haqida
U bunday holatni ijodkor uchun haqorat, deb bilishini aytib, san’atkorning ijodi pul bilan emas, balki qarsak va hurmat bilan baholanishi kerakligini ta’kidladi.