Edrian Broudidan Nyu-York sobiq merigacha: “Oltin globus”ning Toshkentdagi ilk gala-kechasida kimlar qatnashdi?

“Oltin globus” xalqaro kino mukofoti tarixida Markaziy Osiyo va Kavkaz kinoijodkorlarini taqdirlash marosimi ilk bor Toshkentda o‘tkazildi. 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Golden Globes Silk Road Tribute Gala tadbirida O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova hamda rejissor Ali Hamrayev “Meridian” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Afisha.uz muxbirlari marosimdan reportaj tayyorladi.
Mukofot kimlarga va nega berildi?
Golden Globes Silk Road Tribute Gala marosimi Ipak yo‘li hududidagi kino va televidenie vakillarining yutuqlarini e’tirof etish, shuningdek, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarining boy madaniy merosi va ijodiy hamkorligini namoyish etishga qaratilgan.
“Ijodi Markaziy Osiyo va Kavkazning boy madaniyati, ijodiy salohiyati va o‘ziga xos hikoya qilish an’analarini aks ettiradigan bu ajoyib san’atkorlarni e’tirof etish biz uchun katta sharaf”, — deydi “Oltin globus” mukofoti prezidenti Helen Xone.

Uning so‘zlariga ko‘ra, laureatlar kino, televidenie va san’atga qo‘shgan hissasi orqali mintaqa ijodkorlarining ovozini o‘z yurtida va xalqaro miqyosdagi tomoshabinlarga yetkazishga xizmat qilgan.
Golden Globes Silk Road Tribute Gala marosimida olti nafar kinoijodkor taqdirlandi. Ular orasida O‘zbekistondan tashqari Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston va Armaniston vakillari ham bor. Shuningdek, Rossiya kino san’ati vakillari ham alohida taqdirlandi. Mukofotlar uchta nominatsiya — “Meridian” (Golden Globes Meridian Award), “Kashshof” (Golden Globes Trailblazer Award) va “Mayoq” (Golden Globes Beacon Award) bo‘yicha topshirildi.
Taqdirlash marosimida Olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Nyu-Yorkning sobiq meri Erik Adams, tadbirkor va bir qator moda loyihalari asoschisi Diyora Rahimova, bokschi Bahodir Jalolov, “Pianist” va “Brutalist” kabi filmlardagi roli bilan tanilgan, ikki karra “Oskar” mukofoti sovrindori amerikalik aktyor Edrian Broudi ishtirok etdi.
Shuningdek, qizil yo‘lakchada Lola, Husnora Shodiyeva, Asal Shodiyeva, Ra’no Shodiyeva, Bekzod Muhammadkarimov, Adiz Rajabov, Alisher Uzoqov, Javohir Zokirov, Munisa Rizayeva, Saida Rametova, Nozim To‘laxo‘jayev, Rustam Sagdullayev, Bobur Yo‘ldoshev kabi mashhurlar ko‘rinish berdi.
Mashhurlar nima deydi?
Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vaziri:
“Oltin globus” kabi xalqaro tadbirlarning ahamiyati, avvalo, ijodkorlar uchun muhokama va tajriba almashish maydonini yaratishida. O‘zbek kinosi dunyoga ochilishi, jahon darajasida fikrlashi va rivojlanishi uchun bizga shunday imkoniyatlar zarur.

Bugun sohada zarur imkoniyatlar mavjud bo‘lsa-da, mutaxassislar malakasi va tajribasini oshirish borasida hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor. Xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar, fikr almashish va muhokamalar aynan shu jihatdan muhim. O‘ylaymanki, bunday anjumanlar mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Gulchehra Jamilova, O‘zbekiston xalq artisti:
Bunday katta miqyosdagi tadbir O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgani ham quvonarli. Ilgari “Oltin globus” haqida eshitardim, ammo bir kun kelib bu mukofot yurtimizda topshirilishi va uning menga nasib etishi xayolimga ham kelmagan. Chunki bunday marosimlar odatda xorijda o‘tkazilar, mukofotlarni esa chet ellik ijodkorlar olardi. Bugun esa bu voqea o‘z yurtimizda sodir bo‘ldi.
Mukofot san’atkor uchun, avvalo, tomoshabin mehnatingni, qalbingning bir parchasini ijodga bag‘ishlaganingni tushunib, e’tirof etishini anglatadi. Tomoshabinning olqishi — mehnatingga berilgan baho. Mukofot ham ana shu e’tirofning bir ko‘rinishi. Biroq mukofotni faqat quvonch deb qabul qilmaslik kerak. U men uchun yanada katta mas’uliyat degani. Bu endi boshni baland ko‘tarib, gerdayib yurish uchun emas, aksincha, keyingi ishlarimni yanada yaxshiroq bajarishim, bundan-da yuqori natijalarga intilishim uchun rag‘bat.

Bugun o‘zimni ikki karra baxtli his qilyapman: bunday yirik xalqaro tadbir Vatanimda o‘tkazildi va men ham ushbu e’tirofga sazovor bo‘ldim. Mukofot men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Ilohim, yurtimizda shunday marosimlar yana ko‘p bo‘lsin, boshqa aktyor va aktrisalarimiz ham nufuzli mukofotlarga erishsin.
San’atning barcha turlari, jumladan, kino ham tinchlikni mustahkamlash, odamlarni bir-biriga do‘st qilish, bolalarning kelajakda baxtli hayot kechirishi uchun xizmat qiladi. O‘ylaymanki, “Oltin globus"ning bugungi sa’y-harakatlari ham aynan shu maqsadlarga qaratilgan.
Diyora Rahimova:
To‘g‘risini aytsam, tadbir bunday yuqori darajada o‘tishini kutmagandim. “Oltin globus"ning nufuzini hisobga olganda, buni taxmin qilish mumkin edi, albatta. Ammo bunday voqea aynan Toshkentda sodir bo‘layotganidan juda xursandman. Bu O‘zbekistonni xalqaro miqyosda tanitish, turizmni rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotiga hissa qo‘shish uchun ham katta imkoniyat. Tadbirda ko‘plab yangi yuzlarni ko‘rish, turli ijodkorlar bilan tanishish men uchun qiziqarli bo‘ldi. Hamma juda chiroyli kiyingan, muhit ham o‘ziga xos.

O‘zbek kinosi rivojlanishini juda istayman. Hatto o‘zim ham rejissyorlik qilish, qisqa metrajli filmlar suratga olish haqida ko‘p o‘ylaganman. Menimcha, bu tadbir milliy kinematografiyada keng qamrovli o‘zgarishlar qilish, jahon darajasidagi, shu bilan birga, o‘ziga xos va ilgari yaratilgan filmlardan farq qiladigan asarlar suratga olish uchun yaxshi imkoniyat. Ishonamanki, biz buning uddasidan chiqa olamiz.
Munisa Rizayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
“Oltin globus” taqdirlash marosimi O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘tkazilayotgani men uchun juda quvonarli. Bugun bu yerda ishtirok etayotganimdan faxr his qilyapman. Aslida, Dubayda edim, ammo meni shoshilinch ravishda Toshkentga kelishga taklif qilishdi. Buning uchun minnatdorman.
Bunday mukofotlar har bir san’atkor uchun katta baxt va kuchli motivatsiya manbai. Ular ijodkorga mehnati bejiz ketmayotgani, qilayotgan ishlari kimgadir kerakligini his qilishga yordam beradi.

Ra’no Shodiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
Xalqaro tadbirlar qaysi sohada o‘tkazilishidan qat’i nazar, har bir davlat uchun muhim. Ular xalqaro tajriba almashish, mamlakatni dunyoga tanitish uchun katta imkoniyat yaratadi. O‘zbekiston boy tarixga va mashhur tarixiy maskanlarga ega. Bunday tadbirlar orqali yurtimizning betakror manzillarini xalqaro kinoijodkorlarga ham tanitishimiz mumkin.
Kelajakda Gollivud va Bollivud filmlari O‘zbekistonda suratga olinsa, bu mamlakatimiz uchun katta yutuq bo‘lardi. Tasavvur qiling, nufuzli xalqaro mukofotlarga nomzod bo‘ladigan filmlar aynan yurtimizda suratga olinsa, yana qancha millionlab, milliardlab insonlar O‘zbekistonni kashf etadi va unga boshqacha nazar bilan qaray boshlaydi.
Quyida tadbirdan suratlarni tomosha qilish mumkin.
"Oltin globus" O‘zbekistonda birinchi keng ko‘lamli gala-kecha o‘tkazadi
Amerikaning nufuzli "Oltin globus" (Golden Globes) kino mukofoti tarixda ilk bor mintaqaviy tadbir o‘tkazilishini rasman e’lon qildi. 2026-yil 23-24 oktyabr kunlari O‘zbekistonda "Golden Globes Silk Road Tribute Gala" nomli keng ko‘lamli gala-kecha bo‘lib o‘tadi. Tadbir to‘liq Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari kino va televideniyesi sohasidagi yutuqlarga bag‘ishlanadi.