“Sahnada qayta tug‘ildim”. Otabek Madrahimovning 35 yillik yubiley konserti qanday o‘tdi?

2−5-noyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida xonanda Otabek Madrahimov ijodiy faoliyatining 35 yilligiga bag‘ishlangan yubiley konserti namoyish etildi. To‘rt kun davom etgan dasturda xonandaning mashhur taronalari yangi aranjirovkalarda yangradi, premyera qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, uning do‘stlari, ustozlari va shogirdlari sahnaga chiqib, san’atkorni tabrikladi. Afisha.uz muxbiri konsertdan reportaj tayyorladi.
Uch blokdan iborat dasturda jami 30 ga yaqin qo‘shiq kuylandi. “Lola”, “Malika budur”, “Kelinchak” kabi mashhur taronalardan tashqari yangi qo‘shiqlar ham yangradi. Retro qo‘shiqlar zamonaviy musiqiy sayqal va aranjirovkalar bilan taqdim etildi. Sahnada “Bahor” va “Navbahor” ansambllari chiqish qildi, shuningdek, “Bollywood Battle” ham namoyish etildi.

Dasturdan xonanda Umidaxon va Sunatillo Do‘stov bilan duetlar ham o‘rin oldi. Ozarbayjon va Turkiyadan kelgan xonandalar ham sahnaga chiqdi. O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov va Ozodbek Nazarbekov, shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jahongir Poziljonov Otabek Madrahimovni tabriklash bilan birga o‘z repertuarlaridan qo‘shiqlar kuyladi. Qiziqchi Elmurod Haqnazarov esa konsertga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
“Xalq Otabek Madrahimovni sog‘ingan ekan”
Otabek Madrahimovning onasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda Madrahimova uchun bu konsert o‘g‘lining ijodiy yubileyi bilan birga uning katta sahnaga qaytishi va muxlislar mehrini yana bir bor his qilishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
“Kecha tomoshabinlar kelib, „Shunday o‘g‘il tuqqaningiz, O‘zbekistonga shunday farzand berganingiz uchun rahmat“, deb aytishdi. Mana shuning o‘zi menga yetarli. Otabek intervyu berayotganda ko‘ziga yosh oldi. „Men bu kunlarni necha yil kutganman“, dedi. Uning hayajoni menga ham o‘tdi. Konsertning birinchi kuni barcha qatnashchilarni yig‘ib, bor kuchingizni bering, o‘zingizni ko‘rsatinglar, deb iltimos qildim. Natija kutganimdan ham a’lo bo‘ldi”, — deydi Madrahimova.

Uning aytishicha, konsertda raqslar uchun ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Ziyoda Madrahimova bosh baletmeyster sifatida chiqishlar tabiiy va samimiy bo‘lishiga alohida e’tibor qaratgan.
“Sahna soxtalikni kechirmaydi, sun’iy narsa darrov bilinadi. Lekin bu safar hamma o‘z mas’uliyatini his qilib, bor mahoratini ko‘rsatdi”, — deydi u.
Ziyoda Madrahimovaning ta’kidlashicha, konsertning uch soatga cho‘zilishiga kutilmagan mehmonlarning ko‘pligi ham sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, tomoshabinlar oxirigacha zalni tark etmagan.
“Otabek musofirchilikda yurganida Vatanini, sahnani, ota-onasini, yaqinlarini va muxlislarini sog‘indi. U „Men bugun sahnada Otabek Madrahimov bo‘lib qayta tug‘ildim“, dedi. Bu so‘zlar men uchun juda katta ma’noga ega. Demak, unda yana o‘ziga ishonch paydo bo‘ldi. Muxlislarning mehri ham unga katta dalda berdi. Xalq Otabek Madrahimovni sog‘ingan ekan”, — deydi u.

Konsertda Ziyoda Madrahimova uchun yana bir kutilmagan sovg‘a bo‘ldi: Otabek Madrahimov ilk bor onasiga bag‘ishlangan qo‘shig‘ini ijro etdi. Xonanda avval otasi, farzandi va turmush o‘rtog‘iga atab qo‘shiqlar kuylagan, biroq onasi haqidagi tarona hali repertuaridan joy olmagan edi.
“Men ba’zan yarim hazil, yarim chin qilib: „Bolam, nahotki men hali ona haqidagi qo‘shiqqa loyiq bo‘lmasam?“ deb aytardim. U esa: „Bo‘ladi, bo‘ladi“, derdi. Bu yil tug‘ilgan kunimga shu qo‘shiqni sovg‘a qildi. Men uchun bu kutilmagan va juda ta’sirli syurpriz bo‘ldi”, — deydi Ziyoda Madrahimova.
“Otabek aka hech kimga yo‘q demaydi”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jahongir Poziljonov Otabek Madrahimov bilan tanishuvi o‘tgan asrning 90-yillariga borib taqalishini aytdi. Ularni xonandaning akasi Abdurahmon Poziljonov tanishtirgan. O‘sha paytda Jahongir hali qo‘shiqchilik bilan shug‘ullanmagan, Otabek Madrahimov esa uni kompozitorlar bilan tanishtirib, ijodiy yo‘nalish topishiga ko‘maklashgan.
“97-yillar edi, adashmasam. Otabek aka meni Akrom Ubaydullayev bilan tanishtirgan. O‘sha paytda Akrom aka u kishi bilan birga ishlardi. Shu tariqa ijodga ilk qadamlarimdan biri boshlangan”, — deydi u.

Jahongir Poziljonov ustozining insoniy fazilatlari haqida gapirar ekan, uning uzoq vaqt ginaxonlik qilmasligi va tezda yarashib ketishini alohida qadrlashini ta’kidladi.
“Biror gap bilan xafa qilib qo‘ysangiz ham, Otabek akaning arazlab, uzoq vaqt gaplashmay yuradigan odati yo‘q. O‘n daqiqadan keyin yana oldilariga borib, „Qalaysiz, yaxshimisiz?“ desangiz, xuddi hech narsa bo‘lmagandek gaplashib ketaveradi. Men shu xislatini juda hurmat qilaman”, — deydi u.
Uning aytishicha, Otabek Madrahimov nafaqat yaqinlarini, balki o‘zini tanimaydigan yosh ijodkorlarni ham qo‘llab-quvvatlab kelgan. Xonanda uning qo‘shiqlarini ijro etishni istagan yoshlarga hech qachon qarshilik bildirmagan.

“Otabek akaning bir qo‘shig‘ini taxminan sakkiz yil oldin, Amerikada uchrashganimizda so‘raganman. „Bemalol, ukam, aytaver“, degan. Hatto telekanalda ishlagan paytlarimda ham yoshlar u kishining taronalarini aytmoqchi bo‘lishsa, ruxsat so‘rab yozganimizda: „Aytaverishsin, xursand bo‘laman“, deb javob bergan. Hech kimga yo‘q demaydi”, — deydi Jahongir Poziljonov.
Ustoz va shogirdning munosabatlari yillar davomida faqat ijod bilan cheklanib qolmagan. Jahongir Poziljonov Amerikaga borganida Otabek Madrahimov uni kutib olgan va boshqa shaharlarga borishiga ham yordam bergan. Xonanda u bilan suhbatlarda Amerikada yurganida o‘zbek sahnasi va muxlislarini sog‘inishini ko‘p aytgan.
“Otabek aka, „sizlarni ko‘rsam, xuddi O‘zbekistonda, bir sahnada yurgandek bo‘laman“, derdi. Shuning uchun bugun katta sahnaga qaytganini ko‘rish men uchun ham alohida hissiyot bo‘ldi. Konsert tugab, parda yopilganidan keyin Otabek akani quchoqladim. Shunda yig‘lab yubordi. 16 yildan keyin sahnaga qaytib, xalq qanday qabul qilishini, odamlar kelarmikan, degan xavotirlari bo‘lganini aytdi. Muxlislar kelib, qo‘llab-quvvatlagani quvonch yoshlariga sabab bo‘ldi”, — deydi Jahongir Poziljonov.

Uning aytishicha, ular konsertda birgalikda yangi duet ijro etishni rejalashtirgan, biroq bu g‘oyani keyinroq amalga oshirishga kelishib olgan. Hozirda Otabek Madrahimov bilan yangi qo‘shiq tayyorlash niyati bor.
Konsertda Jahongir Poziljonov sahnada xonandaning 1993-yilda yozilgan ilk taronalaridan biri — “Ey go‘zal yor"ni ijro etdi.
“Duet kuylash katta baxt”
Xonanda Umidaxon konsertda Otabek Madrahimov bilan duet kuylash imkoniga ega bo‘ldi. Ular xonandaning avvaldan mavjud, biroq katta sahnada ilk bor yangragan “Davlating” taronasini birgalikda ijro etdi.
“Bu qo‘shiqni yoshligimizdan eshitib ulg‘ayganmiz. Turmush o‘rtog‘im Jamshid aka ham Otabek akaning katta muxlisi. Aynan u kishi menga shu taronani tavsiya qilgan. Otabek aka bilan Amerikada yashagan paytlarida ham aloqalari bo‘lgan, gaplashib turishgan. Keyin qo‘shiqni men o‘z yo‘nalishimda qayta ishlaganman. Ammo Otabek aka uni katta sahnada hech qachon ijro etmagan ekan. 35 yillik ijodiy konsertida birinchi marta men bilan duet tarzida kuyladi. Bu men uchun katta baxt”, — deydi xonanda.

Umidaxon Otabek Madrahimovning ijodini yoshligidan tinglab kelishi, ayniqsa, “Yor-yor kelinchak” va “Lola” kabi qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rishini aytdi.
“Otabek aka kabi san’atkorlar biz uchun afsona va ustoz hisoblanadi. Ularning qo‘shiqlari yoshligimizni eslatadi. Bugun shunday inson bilan bir sahnada turib, uning ijodidan duet kuylash menga nasib etganidan xursandman. Ilohim, bizga ham shunday ustozlar darajasiga yetib, 35 yillik konsertlar berish nasib qilsin”, — deydi u.
“San'atkor uchun eng katta baho — xalqning mehri”
O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov Otabek Madrahimovni yoshligidan tanishi, uning oilasi bilan ham yaqin bo‘lganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, xonanda san’atga mehr va hurmat ruhida tarbiya topgan.
“Men uning ota-onasi, buvasi va buvisi bilan tanish bo‘lganman. U yoshligidan yaxshi tarbiya olgan. O‘shanda unga: „Qanday oilada tug‘ilganingni, qanday tarbiya ko‘rganingni unutma va shuni munosib davom ettir“, deb nasihat qilingan. Mana, bu nasihatlar bejiz bo‘lmagan ekan. Otabek bugun ham ijodini davom ettiryapti”, — deydi u.

Farrux Zokirov yubiley konsertida zalning to‘la bo‘lganini san’atkor uchun eng katta mukofotlardan biri sifatida baholadi.
“San'atkor uchun eng yuksak baho — el-yurtning e’tibori va mehri. Toshkentning eng katta va tarixiy san’at saroyining zali to‘la bo‘lishiga nima yetsin? Buni milliardlarga ham sotib olish qiyin. Otabek ana shu mehrga sazovor bo‘ldi. U taqdir taqozosi bilan dunyoni kezdi, ko‘p narsani ko‘rdi, lekin baribir Vataniga qaytib, o‘z san’ati bilan xalqqa xizmat qilyapti. Bunga nima yetsin? Uning ijodiy umri uzoq bo‘lsin”, — deydi Farrux Zokirov.
Sahnadagi hayajon va yangi qo‘shiqlar
Xonanda Otabek Madrahimov konsertning ilk kunlaridanoq muxlislar uni kutganidan xursand ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab tomoshabinlar yubiley konsertini qanday qabul qilishi borasida xavotir bo‘lgan.
“O‘ylaganimizdan ham a’lo o‘tdi. Boshida muxlislar qanday qabul qilarkin, degan xavotirimiz bor edi. Xudoga shukr, hammasi chiroyli bo‘ldi. Muxlislarga ham yoqdi, deb o‘ylayman”, — deydi xonanda.
U uchun konsertdagi eng ta’sirli lahzalardan biri 1990-yillar va 2000-yillar boshidagi qo‘shiqlarini muxlislar bilan birgalikda kuylash bo‘lgan.

“O‘sha yillardagi taronalarni aytganimizda muxlislarning ko‘zidan nur yog‘ildi. Ular ham qo‘shiqlarni biz bilan birga kuylashdi. Bu paytda odamlarning yoshligiga qaytganini his qilasiz. Bu san’atkorga juda katta kuch va energiya beradi. Men uchun eng katta baxt ham shu”, — deydi u.
Konsertda ilk bor ijro etilgan ona haqidagi qo‘shiq ham xonanda uchun alohida ahamiyatga ega. Otabek Madrahimov avval otasi haqida qo‘shiq kuylagani, ammo onasiga bag‘ishlangan taronasi bo‘lmaganini aytdi. Uning fikricha, musofirchilikda yurish onaga bo‘lgan sog‘inchni yanada kuchaytirgan.

“Ko‘p qo‘shiqlarim o‘z-o‘zidan yaralmagan. Ularning paydo bo‘lishiga qandaydir voqea, hissiyot sabab bo‘lgan. Onam ham boshqa san’atkorlarning ona haqidagi qo‘shiqlarini eshitib, menga shu haqda ko‘p aytardi. Otam haqida qo‘shig‘im bor edi, onam haqida esa yo‘q edi. Musofirchilikda yurganingizda ko‘p narsaning qadrini boshqacha his qilar ekansiz. Shu qo‘shiq ham ana shu tuyg‘ular ta’sirida yozildi”, — deydi u.
Xonanda sahna liboslarini tanlashda ham o‘z didiga tayanishini aytdi. Uning doimiy stilisti yo‘q. Konsert davomida erkin harakatlanish va qo‘shiq ijro etishga qulay kiyimlarni tanlashga harakat qiladi.
“Muxlislarni 90-yillarga qaytaraman”. Otabek Madrahimov yubiley konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘ryapti?
“Lola”, “Malika budur” kabi qo‘shiqlari orqali mashhurlikka erishgan xonanda Otabek Madrahimov 2–5-noyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Ijodiy faoliyatining 35 yilligi munosabati bilan tashkil qilinayotgan yubiley konsert oldidan jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.