“Muxlislarni 90-yillarga qaytaraman”. Otabek Madrahimov yubiley konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘ryapti?

“Lola”, “Malika budur” kabi qo‘shiqlari orqali mashhurlikka erishgan xonanda Otabek Madrahimov 2−5 noyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsertini taqdim etadi. Ijodiy faoliyatining 35 yilligi munosabati bilan tashkil qilinayotgan yubiley konsert oldidan jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, savol-javoblarni bir joyga jamladi.
Bu galgi yakkaxon konsertda nimalarga ko‘proq urg‘u beryapsiz?
— Ancha yillik tanaffusdan so‘ng katta sahnaga qaytish hayotimdagi yana bir imtihon, deb hisoblayman. Uzoq tanaffusdan keyin muxlislarimni qanchalik sog‘inganimni chuqur his qildim. Gala-konsertlarda sahnaga chiqqanimda ularning ham meni sog‘inganini sezdim.

Shuning uchun yubiley konsertimda muxlislarimni 90-yillarga ozgina bo‘lsa ham qaytarishni istayman. Hozir ularning ko‘pchiligi oila qurgan, farzandlarini uylantirgan, hatto bobo va buvi bo‘lgan. Ularning yoshligi va bolaligini eslatishni, birga o‘sha davrga sayohat qilib kelishni xohlayman.
Bu “Otash Show” emas, balki ijodimning 35 yilligiga bag‘ishlangan yubiley hisobot konserti. Men faqat Toshkent uchun konsert bermayapman — viloyatlardan ham muxlislar keladi. Shuning uchun dastlab uch kunga mo‘ljallangan dasturga to‘rtinchi kun ham qo‘shildi.
Konsertda ko‘plab syurprizlar bo‘ladi. Nafaqat xonandalar, balki aktyorlar, do‘stlarim va xorijdan mehmonlar ham tashrif buyuradi. Ammo konsert oldidan barcha sirlarni ochishni yoqtirmayman. Nima bo‘lishini tomoshabin o‘sha kuni ko‘radi va o‘zi baho beradi.
Humo Arena`da konsert berish ommalashyapti. Siz nega u yerni tanlamadingiz?
— Yakkaxon konsertlarimni “Alpomish” san’at saroyi yoki boshqa kichikroq joylarda o‘tkazganman. O‘sha paytlarda bizga “Xalqlar do‘stligi"ga ruxsat berilmagan. Ammo O‘zbekistondan ketishimdan oldin taqiqlangan konsertim aynan shu yerda bo‘lishi kerak edi. Shuning uchun “Xalqlar do‘stligi"ga nisbatan ichimda alam qolib ketgandi. Baribir bir kun kelib, bu yerda konsert berishni maqsad qilganman.

Humo Arena masalasi bo‘yicha hozir tashkilotchilarimiz bilan maslahatlashib turibmiz. Chunki men haqiqiy “Otash Show"ga ikki-uch yillab tayyorgarlik ko‘radigan insonman. Bu gal esa O‘zbekistonga keldim-u, darrov konsertga tayyorgarlik boshlanib ketdi. “Otash Show"ni, Xudo xohlasa Humo Arena`da o‘tkazish niyatimiz bor.
Tayyorgarlik jarayonida kimlarning konsertlarini ko‘rib, ta’sirlandingiz?
— 12 yil Amerikada yashadim va shu davrda juda ko‘p konsertlarni ko‘rdim. Sting, The Weeknd, Stevie Wonder, Boyz II Men, Yanni kabi san’atkorlarning konsertlariga bordim.
Ularning nafaqat qo‘shiq va musiqasi, balki texnik tomoni ham men uchun qiziq edi. Sahna qanday qurilgani, san’atkorning muxlislar bilan qanday muloqot qilishi, sahnada o‘zini qanday tutishi — bularning barchasini kuzatardim. Bu men uchun katta maktab bo‘lgan. Shu sababli konsertga tayyorgarlik jarayonida ham texnik tomonga juda talabchan yondashyapman.
90-yillardagi va hozirgi muxlislar o‘rtasida qanday farqlarni sezasiz?
— O‘sha paytda telefon yo‘q edi. Muxlislar rasmlarimizni, otkritkalarimizni ko‘tarib kelib, orqasiga dastxat yozdirishardi. Hozir esa otkritkaning o‘rniga telefon bor, “Rasmga tushaylik, video olaylik”, deyishadi. Asosiy farq — texnikada. Muxlislar esa o‘sha-o‘sha. Ilgarigidek hurmat-e'tibor bor. Ular meni sog‘ingan bo‘lsa, men ham ularni juda sog‘inganman.

Zamon talabi bilan yashash va ishlash kerak. Yillar o‘tishi bilan qo‘shiqlar ham saralanadi — yaxshisi qoladi. 90-yillarda biz kabi san’atkorlar juda ko‘p edi, ammo yillar o‘tib, o‘sha davrdan sanoqli san’atkorlar qoldi. Qo‘shiqlarda ham xuddi shunday bo‘ladi.
Sahnaga chiqish oson, lekin unda qolish qiyin. Shuning uchun doim o‘z ustida ishlash kerak. Masalan, Farrux Zokirov ustozimiz 80 yoshdan o‘tdilar. Bir necha davrni ko‘rgan inson sifatida bugun ham shogirdlari bilan duetlar aytib, badiiy filmlarda ishtirok etib, zamon bilan birga yashayapti. Men ham shunday bo‘lishga harakat qilaman.
12 yil O‘zbekistondan tashqarida yashadim. Hayotda ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Hozir sahnadamiz, ijodimiz xalqqa ko‘rinib turibdi. Ertaga sahnada bo‘lamizmi-yo‘qmi — buni hech kim bilmaydi.
Qo‘shiqlaringiz yillar o‘tsa ham xit maqomini saqlab qolgan. Buning sababi nimada, deb o‘ylaysiz?
— Taronalarimga o‘zim baho bera olmayman. Buni muxlislar baholaydi. Lekin doim ustoz va maktab ko‘rish kerakligini ta’kidlayman. Yaxshi ustozlar qo‘lida tarbiya topganimdan faxrlanaman.
Ko‘plab kompozitorlar bilan ishlaganman: Rustam Mahmudov, Aziz Xolmurodov, Denis Belyayev va boshqalar. Bugungi kunda esa Ahliyor bilan yangi albom ustida ishlayapmiz, Jasur Badalboyev bilan ham hamkorlik qilyapmiz.
Men hech qachon o‘zimni “mashhur san’atkor” yoki “yulduz” deb atagan emasman. Hali ham o‘zimni shogird deb hisoblayman. Har bir yangi qo‘shiq yozganimdan keyin Farrux Zokirov ustozimiz bilan maslahatlashib, yutuq va kamchiliklarini so‘rayman.
Yosh xonandalar qo‘shiqlaringizni qayta ijro etayotganiga qanday munosabatdasiz? Mualliflik huquqi nuqtayi nazaridan ular sizdan ruxsat olishi kerakmi?
— Hech qachon “qo‘shig‘imni aytmang”, demaganman. Qo‘shiq yashashi kerak. Biz ham ustozlarimizning ijod mahsullarini aytganmiz va hali ham ijro etamiz.

Lekin tirik san’atkorning qo‘shig‘ini ijro etmoqchi bo‘lsangiz, uning oldidan o‘tib, ruxsat so‘rash kerak, deb o‘ylayman. Agar san’atkor vafot etgan bo‘lsa, farzandlari yoki oilasidan so‘ralsa, mantiqqa to‘g‘ri keladi.
Xorijda bo‘lgan paytimda qo‘shiqlarimni so‘ramasdan ijro qilishgan, hatto ularga kliplar ham olishdi. Eng qizig‘i, o‘z nomini yozish esdan chiqmagan. Hech bo‘lmasa, qo‘shiq kimniki ekanini kichik qavs ichida ko‘rsatib qo‘yishsa, yaxshi bo‘lar edi. Bu mening shaxsiy fikrim.
Bugungi kunda sun’iy intellekt orqali klip va musiqa yaratish ham odatga aylanmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?
— To‘g‘risini aytsam, sun’iy intellektga juda ham qarshiman. Undan to‘g‘ri foydalanib, ma’lumotlar olishda maslahat so‘rash mumkin. Lekin baribir insonning o‘zi ijod qilishi kerak.
Kliplarga kelganda esa men jonli, tematik kliplarni yaxshi ko‘raman. Xudo xohlasa, yangi klip olish niyatim bor. Nafaqat klip, balki badiiy film ham qilmoqchiman. “Taqdir” filmini olganimizga bu yil 24 yil bo‘ldi. Uning davomi, ikkinchi qismini olishni rejalashtiryapmiz. Yana bir bor aytaman: hammasi jonli bo‘lsin, ijodda dard kerak.
“Otabek ichki dunyosini ko‘rsatadi”
Ziyoda Madrahimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
— 1996-yildagi “Otash Show"da men nafaqat baletmeyster, balki rejissyor ham bo‘lganman. Ssenariy ham o‘zimniki edi. “Ertaklarga sayohat” deb nomlangan bu spektakl Otabekning repertuaridan kelib chiqib sahnalashtirilgan.
Javohir Zokirov ertakchi bo‘lgan, Otabek esa har bir qo‘shiqda qahramon sifatida paydo bo‘lgan. O‘sha paytda bunday imkoniyatlar hozirgidek emas edi. Tomosha ikki qismdan iborat bo‘lib, to‘liq plyonkaga yozilgan.

Bu yilgi konsert esa aynan konsert, shou emas. Shou bilan konsertning farqi katta. Bu safar retro qo‘shiqlar yangi talqin va aranjirovkalarda ijro etiladi, albatta, balet ham bo‘ladi. “Bahor” va “Navbahor” ansambllari ham qatnashadi. Shuningdek, “Bollywood Battle” ham namoyish etiladi.
Bu bayramona konsert. Otabek bu safar sahnada alohida rol ijro etmaydi, balki ichki dunyosini ko‘rsatadi. Shuning uchun bu dastur nafaqat Otabekning 35 yillik ijodiy faoliyatiga, balki o‘tgan avlodlar xotirasiga ham bag‘ishlangan hisobot konsertidir.
Otabek Madrahimov
“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida xonanda Otabek Madrahimovning 35 yillik yubiley konserti bo‘lib o‘tadi.
Otabek Madrahimov dekabrda yubiley konsertini beradi
Aktyor va xonanda Otabek Madrahimov 2026-yilning dekabr oyida yubiley konsert dasturini o‘tkazishni rejalashtirmoqda va yana sahnaga qaytishi mumkin.
Otabek Madrahimov, Yunka va YPX xodimlari: “Million” jamoasining 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi? Reportaj
O‘zbekistondagi taniqli kulgu jamoalaridan biri “Million” 1−10-aprel kunlari navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Afisha.uz muxbiri shov-shuvli konsert berishga odatlangan jamoaning “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘tgan dasturidan reportaj tayyorladi.