Konsta bilan duet, Asal Jo‘rayeva chiqishi va sindirilgan gitara: "Sahar" guruhining 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi?

E’lon qilingan sana: · 192
Konsta bilan duet, Asal Jo‘rayeva chiqishi va sindirilgan gitara: "Sahar" guruhining 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi?

“Yomg‘ir”, “Unutganim yo‘q”, “Yolg‘iz” kabi qo‘shiqlari orqali muxlislar mehrini qozongan “Sahar” guruhi 21-noyabr kuni Humo Arena’da navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Kecha davomida guruhning mashhur taronalari bilan birga yangi ijod namunalari va duetlar ham yangradi. Dasturning e’tiborga molik voqealaridan biri esa guruh solisti Anvar Jo‘rayevning qizi Asal Jo‘rayeva katta sahnada ilk bor yakkaxon chiqish qilgani bo‘ldi. Afisha.uz muxbiri konsertdan reportaj tayyorladi.

24 ta qo‘shiq, yangi duetlar va jonli ijro

Konsertdan so‘ng Anvar Jo‘rayev kecha haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, Humo Arena’dagi ilk yakkaxon konserti kutilganidek o‘tgan va muxlislar ham dasturdan zavq olgan.

“Ko‘nglim 100 foizga to‘ldi. O‘zim ham aynan shunday natijani kutgandim. Menimcha, muxlislar ham maza qilishdi. Ovoz, hissiyotlar — eng muhimi, bu konsert samimiy bo‘ldi. Hamma jonli ijroda o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatdi. Eng asosiysi, muxlislarimizni aldamadik”, — deydi san’atkor.

Konsert davomida jami 24 ta qo‘shiq ijro etildi. Dasturdan bitta premyera, Konsta bilan duet va to‘rtta yangi qo‘shiq o‘rin oldi. Bu safar san’atkor sahnaga faqat taniqli hamkasblarini taklif qilish bilan cheklanmadi. U “Ovoz” va “Artist” loyihalaridagi yosh ijrochilarga ham imkoniyat berdi.

Jo‘rayev yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashni muhim deb bilishini ta’kidladi. Uning fikricha, bugun katta sahnaga ilk qadamlarini qo‘yayotgan ijrochilar orasida kelajakda dunyo miqyosida tanilishi mumkin bo‘lgan iste’dodlar bor.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash foydali, deb o‘ylayman. Chunki biz bilmaymiz, ertaga bu yoshlar dunyo miqyosidagi yulduzlarga aylanib ketishi mumkin. Bu menga Xudoning oldida ham, o‘z vijdonim oldida ham qandaydir yengillik beradi. Ertaga shu bolalardan birini MTV’da ko‘rsam, „Men ham uning shu qadamni tashlashiga oz bo‘lsa-da ilhom berganman“, deb o‘ylayman. Shunda o‘zimni yaxshi his qilaman”, — deydi Anvar Jo‘rayev.

Hamkasblar tashrifi va kutilmagan improvizatsiya

Konsertga Anvar Jo‘rayevning san’atkor do‘stlari va hamkasblari, jumladan, Tohir Sodiqov, Ravshan Sobirov va Yorqin Umarov ham tashrif buyurdi. San’atkorning aytishicha, ayrim ijodkorlarning konsertda ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, ular xorijdan kela olmagani va texnik sabablar tufayli bu rejalar amalga oshmagan.

Kechadagi e’tiborga molik lahzalardan biri Anvar Jo‘rayevning gitara sindirishi bo‘ldi. San’atkor bu holat oldindan rejalashtirilmagani, sahnada kutilmaganda shunday qarorga kelganini aytdi.

“Bu to‘satdan paydo bo‘lgan g‘oya edi. O‘sha paytda improvizatsiya qildim”, — deydi san’atkor.

Konsertda Konsta bilan yaqinda ijro etilgan “Negadir” dueti ham yangradi. Jo‘rayev hamkasbi bilan ishlash jarayoni unga yoqishini, ular bir-birini yaxshi tushunishini ta’kidladi.

“Konsta bilan maza qilib ishlaymiz. Bu ikkinchi duetimiz. Bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz, shuning uchun hamkorlik jarayoni ham juda qulay kechadi”, — deydi u.

Avvalroq matbuot anjumanida “Dado” guruhi bilan duet kuylash ehtimoli haqida aytilgandi. Bu safargi konsertda mazkur hamkorlik taqdim etilmadi. Biroq Anvar Jo‘rayev bu rejadan voz kechilmaganini bildirdi.

“Xudo xohlasa, „Dado“ bilan duet albatta bo‘ladi. Bu rejalarimizda bor”, — deydi san’atkor.

U 2027-yili ham Humo Arena’da konsert berish niyatida ekanini ma’lum qildi.

“Albatta, kelasi yili ham konsert qilamiz. Bu safargidan ham qiziqarliroq dastur tayyorlashga harakat qilamiz. Humo Arena’da albatta yana uchrashamiz”, — deydi Anvar Jo‘rayev.

“Qizimning san’atkor bo‘lishiga qarshilik qilmadim”

Konsertning yana bir e’tiborli voqeasi Anvar Jo‘rayevning qizi Asal bilan bir sahnada chiqish qilishi bo‘ldi. Asal avval ham otasi bilan duet kuylagan, ammo bu safar katta arenada ilk bor yakkaxon qo‘shiq ijro etdi.

“Boshidan qo‘shiqqa ishtiyoqi bor edi. Qo‘shiqlarni yaxshi ko‘rar, tinglardi, o‘zi ham kuylardi. Shuning uchun san’atkor bo‘laman, degan qarorga keldi. Men hech qanday qarshilik bildirmadim, uni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildim”, — deydi xonanda.

U qizining tanlovini hurmat qilishini, biroq kelgusidagi ijodiy faoliyati qanday kechishini vaqt ko‘rsatishini ta’kidladi.

“Agar insonning ko‘nglida san’atkor bo‘lish istagi bo‘lsa, unga imkoniyat berish kerak. Endi ko‘ramiz, bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi”, — deydi Anvar Jo‘rayev.

Ijtimoiy tarmoqlarda ota va qizning sahnadagi chiqishi ham qiziqish uyg‘otdi. Ayrim foydalanuvchilar Asalning otasining yoshligidagi qiyofasiga o‘xshash jihatlariga e’tibor qaratdi.

Asal Jo‘rayeva: “Musiqiy faoliyatim aynan shu nuqtadan boshlanishiga umid qilaman”

Konsertdan so‘ng Asal Jo‘rayeva ham OAV vakillariga intervyu berib, katta sahnadagi ilk yakkaxon chiqishi haqida gapirdi. Uning aytishicha, bu konsert unga kuchli hissiyotlar va unutilmas taassurotlar taqdim etgan.

“Kuchli energiyaga boy konsert bo‘ldi. Biz juda ko‘p energiya berdik, evaziga esa yanada ko‘proq energiya oldik. Buni hatto qanday ta’riflashni ham bilmayman. Bugun o‘zimni 100 foiz namoyon qildim. Dadamga menga shunday imkoniyat bergani, yakkaxon chiqish uchun sahna taqdim etgani va o‘zimni ko‘rsatishimga sharoit yaratgani uchun juda minnatdorman”, — deydi Asal.

U 2024-yilda ham otasi bilan birga konsertda ishtirok etgani, biroq bu safargi chiqishi uning katta arenadagi ilk yakkaxon ijrosi bo‘lganini ta’kidladi.

“2024-yildagi konsertda duet kuylagan edik. Bugun esa shunchalik katta arenada birinchi marta yakkaxon chiqish qildim. Bu men uchun juda hayajonli bo‘ldi. Rostini aytsam, qo‘rqdim ham. Lekin hammaga yoqqan bo‘lsa, juda xursandman. Bugun bu yerda bo‘lganimdan baxtiyorman. Umid qilamanki, musiqiy faoliyatim aynan shu nuqtadan boshlanadi. Sizlar bilan yana ko‘plab sahnalarda uchrashamiz, deb ishonaman”, — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sahnaga qadam qo‘yganida kuchli adrenalin va hayajonni his qilgan. Biroq qo‘shiq ijrosi boshlanganidan keyin butun vujudi bilan musiqaga berilgan.

“Juda qo‘rqdim. Kuchli adrenalin oqimi bo‘ldi, buni yashirmayman. Hayajonlandim, lekin bu bir vaqtning o‘zida juda ajoyib tuyg‘u edi. Go‘yoki ruhim tanamdan chiqib ketib, qo‘shiqni o‘zi kuylayotgandek bo‘ldi. Go‘yo tanam yo‘qdek edi. O‘zimni borimcha, hatto ming foizga bag‘ishladim. Nima bo‘layotganini aqlim bilan tahlil ham qilmadim. Bu shunchaki qalbimdan chiqqan ijro bo‘ldi”, — deydi u.

Quyida konsertdan koʻproq fotosuratlarni tomosha qilish mumkin.

Muallif: Mirolim Isojonov

"Dado" bilan syurpriz bo‘lishi mumkin": "Sahar" guruhi konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘ryapti?

“Yomg‘ir”, “Unutganim yo‘q”, “Yolg‘iz” kabi qo‘shiqlari orqali mashhurlikka erishgan “Sahar” guruhi 21-noyabr kuni Humo Arena’da navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. “Ayol” deb nomlangan ijodiy kecha oldidan jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda guruh vakili Anvar Jo‘rayev, reper Konsta hamda konsert tashkilotchilari ishtirok etdi. Afisha.uz muxbiri matbuot anjumanida yangragan muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling