2025-yilda ham maktab oʻquvchilari uchun darsliklar bepul boʻladi
2025−2027-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya asosida ishlab chiqilgan Budjetnoma loyihasida 2025−2026-o‘quv yilidan 2−11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini joriy etish yuzasidan tegishli takliflar taqdim etilgan edi. Ushbu loyiha ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati kelgusi oʻquv yilida ham maktab darsliklari bepul boʻlishini e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, 2024-yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lardan 435,5 mlrd so‘mi (yoki 36 foizi) davriyligi 1-yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan.
Kelgusi yilda esa 2025-yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln so‘m mablag‘larni to‘liq davlat budjetidan qoplash ko‘zda tutilgan. “Bu mablag' o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Bunda, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan, deya qoʻshimcha qiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.