«Baron-2»dan Ra’no Shodiyevagacha: “Oltin Humo” taqdirlash marosimidan foto va videoreportaj

E’lon qilingan sana· 12511
«Baron-2»dan Ra’no Shodiyevagacha: “Oltin Humo” taqdirlash marosimidan foto va videoreportaj

2022-yil davomida faol ijod qilgan o`zbek kinosining o`nlab vakillari “Oltin Humo” mukofoti bilan taqdirlandi. 28-dekabr kuni bo`lib o`tgan taqdirlash marosimidan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Kinochilar uyida o`tkazilgan marosimga mehmon sifatida taklif qilingan o`zbek kinoyulduzlari an’anaga ko`ra, alvon rangli gilamdan o`tdi. Tadbirni bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Ta’kidlanishicha, bu galgi taqdirlash marosimida 2021-yilning 1-yanvaridan 2022-yilning 1-oktyabriga qadar premyerasi bo`lib o`tgan jami 85 ta badiiy va hujjatli film 17 ta yo`nalishda g`oliblik uchun kurashdi.

Kinotaqdimot saralash komissiyasi tomonidan 16 ta nominatsiya g`olibligiga 5 nafardan nomzod saralab olingan. G`oliblar maxsus platformada va ijtimoiy tarmoqlarda ovoz berish yo`li bilan aniqlangan.

“O`zbek kinematografiyasiga qo`shgan hissasi uchun” nominatsiyasida quyidagi san’at arboblari taqdirlandi:

  • O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov;
  • O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiyi, filologiya fanlari doktori Hamidulla Akbarov;
  • San’atshunoslik fanlari doktori Jo`ra Teshaboev;
  • “Qoraqalpoqkino” agentligi direktori Bektileo` Nizamatdinov;
  • “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi direktori Baxtiyar Madiyarov.

Shuningdek, “Oltin Humo” milliy kino taqdimoti quyidagi nominatsiyalar bo`yicha o`z egalariga topshirildi:

  • Eng yaxshi hujjatli film: “Matonat”, rejissyor Shuhrat Mahmudov;
  • Eng yaxshi animatsion film: “Buyuk ipak yo`li bo`ylab sayohat”, rejissyor Abdulatif Haydarov;
  • Eng yaxshi kompyuter grafikasi: “Abdulla Qodiriy” filmi uchun Davlat Arabshoev;
  • Eng yaxshi ovoz rejissyori: “Muhabbat bahori” filmi uchun Abduqahhor Karimov;
  • Eng yaxshi montaj ishi: “101-reys” filmi uchun Xurshid Alixo`jaev;
  • Eng yaxshi grim rassomi: “Muqimiy” filmi uchun Galina Ivanova;
  • Eng yaxshi libos bo`yicha rassom ishi: “Muqimiy” filmi uchun Anastasiya Sushuk;
  • Eng yaxshi rassom ishi: “Muqimiy” filmi uchun Alisher Umrzoqov;
  • Eng yaxshi kino bastakori: “Tutqunlik” filmi uchun Dmitriy Yanov-Yanovskiy;
  • Eng yaxshi operatorlik ishi: “Hayrat” filmi uchun Azizbek Arziqulov;
  • Eng yaxshi ssenariy: “Hayrat” filmi uchun Zulfiqor Musoqov;
  • Eng yaxshi rejissyorlik ishi: “Hayrat” filmi uchun Zulfiqor Musoqov;
  • Eng yaxshi ayol roli: “Ayol qismati” filmidagi roli uchun Ra’no Shodieva;
  • Eng yaxshi erkak roli: “101-reys” filmidagi roli uchun Hoshim Arslonov;
  • Yilning eng yaxshi filmi: “Ayol qismati” filmi uchun Dilmurod Masaidov.
  • Tomoshabin mehrini qozongan film: “Baron 2. Sog`inch” filmi uchun Rustam Sa’diyev.

Har bir nominastiya g`oliblariga stauetka va 25 million so`m miqdorida pul mukofoti topshirildi.

O`zbekiston san’at arbobi Zulfiqor Musoqovning “Hayrat” filmi uchta nominasiyada g`olib, deb topildi. Rejissyorning ta’kidlashicha, u tadbirda bunday e’tirof bo`lishini kutmagan.

“Ochig`ini aytsam, buni umuman kutmagandim. Tanish-bilish qilib yuborishadi, degan fikrda edim. Lekin ketma-ket uchta nominasiyaga loyiq ko`rildik va bundan albatta, xursandmiz, boshimiz osmonga yetdi. Ammo bu hakamlar hay’atining ovoz berish natijasi xolos. Shuning uchun ololmaganlar bizdan xafa bo`lmasin. Bu mufokotga film arziydimi yoki yo`qmi, buni bir necha yildan keyin vaqt ko`rsatadi. Agar tomoshabinlarni dilida qolsa, demak, bu e’tirofga arziydi”, — dedi u.

Uning qo`shimcha qilishicha, ayni paytda Nyu-Yorkda “Osmondagi bolalar-3” filmining oxirgi sahnalari suratga olinmoqda. “Agar to`sqinliklar bo`lmasa, Navro`z bayramiga film taqdimotini qilamiz”, — dedi Zulfiqor Musoqov.

Batafsil reportajimizni YouTube sahifamiz orqali tomosha qiling.

Muallif: Mirolim Isajonov
Fotosuratchi: Madina A'zam
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ