“Ofitser 55” kinoserialining katta premyerasidan reportaj

E‘lon qilindi· 832
“Ofitser 55” kinoserialining katta premyerasidan reportaj

Kinochilar uyida 3-may kuni rejissyor Rustam Meliyev tomonidan suratga olingan “Ofitser 55” kinoserialining katta premyerasi bo‘lib o‘tdi. Kinematografiya agentligi hamda Toshkent shahar IIBB hamkorligida suratga olingan kinoserial taqdimotiga ichki ishlar xodimlari va ularning oila a’zolari, taniqli san’atkorlar va tomoshabinlar tashrif buyurdi. Afisha.uz muxbirlari mazkur film premerasida mehmon bo‘lib, eksklyuziv foto va video reportaj tayyorladi.

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati katta mutaxassisi, leytenant Jamoliddin Nasimovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kinoserial orqali tizimdagi tezkor xodimlar faoliyati va ularning mehnat mashaqqatlari ochib berilgan.

“Ichki ishlar xodimlari deganda odamlar asosan, ko‘cha-ko‘yda formada yuradigan xodimlarni tushunadi. Lekin parda ortida ham hayot bor. Ya’ni fuqarolik kiyimida yurib, ko‘zga ko‘rinmasdan, kecha-yu kunduz jinoyatchilarni ortidan yuradigan tezkor vakillarimiz bor. To‘g‘ri, ularning yuzini OAVda ko‘rsatib, qahramon sifatida ommaga tanishtira olmaymiz. Lekin „Ofitser 55“ seriali orqali tomoshabinga barchasi yetkazib berilgan”, — deydi u.

Uning qayd etishicha, “Ofitser 55"da rol o‘ynagan aktyor va aktrisalar suratga olish jarayoni boshlangunga qadar maxsus tayyorgarliklardan o‘tishgan.

“Aktyorlarga boshida juda qiyin bo‘ldi. Chunki tasvirga tushirish jarayonlari turli: qotillik yuz bergan, tashlandiq va boshqa joylarda kechdi. Bu esa tezkor vakil sifatida rol ijro etgan ijodkorlarga qiyinchilik tug‘dirdi. Ularga maxsus xodimlar tomonidan turli mashqlar o‘rgatildi va aktyorlar buni uddaladi”, — deydi IIBB vakili.

Ushbu kinoserialda Toshkent shahar tezkor jinoyat qidiruv boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor xodimi rolini ijro etgan aktyor Jamshid Asadov film haqida shunday deydi:

“Jinoyat qidiruv xodimlarining faoliyati parda ortiga yashiringan bo‘ladi. Ammo ular bizning tinch-totuv yashashamizga, jinoyatchilikka qarshi kurashishda, jinoiy ishlarni fosh bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi. Aniq ish vaqti bo‘lmagani bois kechasi ham, kunduzi ham ishlashadi. Shuning uchun ularni haqiqiy qahramon deyish mumkin, nazarimda. Film yoshlarni jinoyatdan qaytaradi va ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishga undaydi, er yigitlarni ichki ishlar tizimida ishlashga qiziqish uyg‘otadi”, — deydi aktyor.

Uning aytishicha, “Ofitser 55"ning tayyor holga kelishiga umumiy 3 yil vaqt ketgan. Ssenariy ustida ishlanib, yozilishiga bir yil sarflangan bo‘lsa, suratga olish jarayonlari ham bir yil davom etgan. Uchinchi yilda esa musiqa bastalash, montaj va dublyaj ishlari yakuniga yetgan. “Ofitser 55” 10 qismli badiiy kirminal kinoserial bo‘lib, 8-maydan boshlab, mamlakatdagi barcha telekanallarda namoyish etiladi.

Aktrisa Nigina Anorboyeva, (katta leytenat Lola Maqsudova):

“Suratga olish jarayonidan avval albatta, jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. O‘q otish, kurash kabi sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarga bordik. Ichki ishlar xodimlari hayoti va faoliyatini ko‘rsatishga harakat qildik. Ularning hayoti juda ham og‘ir va qiyin ekanligiga amin bo‘ldim. Film tomoshabinlarga manzur keladi, degan niyatdaman. Chunki buning tagida juda katta mehnat yotibdi”.

Aktyor Erkin Bozorov, mayor Usmonov roli ijrochisi:

“Qahramonim hayot yo‘li bilan birgalikda kasb yo‘lini ham teng ushlashga harakat qiladi. Shaxsiy hayoti bilan ish faoliyatini aralashtirmaydi. Bu rolni ijro etish oson bo‘lmadi, albatta. Ammo biz suratga olish jarayonidagi qiyinchiliklar haqida har qancha gapirmaylik, xolis bahoni tomoshabin beradi. Kinoserial tomoshabinlar qalbiga kirib borishiga ishonaman va ularning taassrotlari, fikr-mulohazalarini kutib qolamiz”.

Bizning YouTube kanalimizda batafsil videoreportajimizni ham tomosha qiling:

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov