Texnologiya, robotlar va insoniyat: Kelajak haqida so'zlaydigan 7 ta serial

E’lon qilingan sana· 747
Texnologiya, robotlar va insoniyat: Kelajak haqida so'zlaydigan 7 ta serial

Insoniyat kelajagi, texnologiyalar taraqqiyoti doimo insonlarni tashvishlantirib kelgan. Ba'zi filmlar va seriallarda ushbu taraqqiyotning halokatli bo'lishi mumkinligini ko'rsatishga harakat qilishadi. Afisha.uz`ning bugungi maqolasida biz aynan ana shunday 7 ta ana shunday serial haqida gaplashamiz.

Futuristik, ya’ni kelajak haqidagi seriallar ba’zan bizni o’zining kutilmagan g’oyalari, savollari bilan o’ylantirib qo’yadi. Insoniyat o’z taraqqiyoti yo’lida qanday muammolarga duch kelishi mumkin? Futuristik mazmundagi seriallar bizda bu haqda tasavvur hosil qila oladi. Ba’zan hammasi oddiydek ko’rinadi, ba’zan ularda aks ettirilgan g’oyalarda oldin xayolimizga kelmagan muammolarni ko’ra boshlaymiz. Afisha.uz siz uchun texnologiyalar, robotlar va insoniyat kelajagi haqidagi seriallarni bir joyga to’pladi. Oldin eng “top"laridan boshlaymiz. Qani ketdik.

Qora oyna

Black Mirror

Qismlar davomiyligi: 50 daqiqa atrofida.

Mavsumlar soni: 6 (7-mavsum suratga olinmoqda)

Ushbu serialning menga eng yoqadigan tomoni — bu undagi har bir seriyaning alohida hikoya ekanligidir. Ya’ni har bir seriyasini alohida bir film kabi tomosha qilish mumkin. Syujetlar bir-biriga bog’liq emas, bir-birini takrorlamaydi va aktyorlar tarkibi ham har xil. Bu huddi istalgan sahifasini ochib o’qib ketsa bo’ladigan kitobga o’xshaydi.

“Qora oyna” turli texnologiyalar va uning ta’sirida o’zgargan hayot tarzi, robotlar va ularning hayotimizga ta’siri, kelajak jamiyatidagi o’zgarishlar haqida fikr yuritishga undaydi. Ba’zi film va seriallar sizga g’oya beradi, uni tomosha qilib bo’lgach, g’oya miyangizda qolib ketadi va syujetdan mustaqil tarzda o’zingiz ham syujet yarata olasiz. Ushbu serial aynan shunday shedevrlardan biri.

Yaqinda “Qora oyna"ning 6-mavsumi chiqdi va 7-mavsumi ham suratga olinishi e’lon qilindi. Xo’sh, “show must go on!”.


Sevgi, o’lim va robotlar

Love, Death & Robots

Qismlar davomiyligi: 10 daqiqa atrofida.

Mavsumlar soni: 3 (4-mavsum suratga olinmoqda)

Seriyalarning alohida hikoya ekanligi jihatidan “Sevgi, o’lim va robotlar” ham huddi “Qora oyna"ga o’xshab ketadi. Aslida ham kimga yuqoridagi serial manzur kelgan bo’lsa, men unga “Love, Death & Robots"ni tavsiya qilaman. Farqi shundaki, bu multserialdir. “Qora oyna” sizni o’z syujetlari va g’oyalari bilan o’ziga tortsa, “Sevgi, o’lim va robotlar” multserialida har bir qismdagi alohida, o’ziga xos grafikadan ham estetik zavq olish mumkin. Ha, multserialning har bir qismi alohida rejissyor, grafik studiya tomonidan ishlab chiqilgan. Har bir seriyasida har xil grafikaga ega. Ayrimlarini hatto bir qarashda multfilm yoki kino ekanligini ajratish ham qiyin. Demak, multfilmlar ham borgan sari reallashmoqda.

Serialning yana bir e’tiborga molik tomoni, epizodlar unchalik uzun emas. Ba’zilari 10 daqiqa atrofida, eng uzunlari 20 daqiqaga boradi, eng qisqalari esa bor-yog'i 5 daqiqa…

“Sevgi, o’lim va robotlar” faqat kelajak va texnologiyalar mavzusi haqida bo’libgina qolmay, undagi ayrim epizodlar mistika va fentezi janriga ega. Serialning hozircha 3 ta mavsumi chiqqan. Netflix ushbu serialning 4 mavsumi ustida ishlanayotgani haqida ma’lum qildi.


Yovvoyi G’arb dunyosi

Westworld

Qismlar davomiyligi: 1 soat atrofida.

Mavsumlar soni: 4

“Yovvoyi G’arb dunyosi” — vestern, drama, fantastika, sarguzasht kabi janrlar qorishmasi. Vestern va kelajak kabi mavzularni yaxlit holda tasavvur qilish juda qiyin, ammo ushbu serialda buni uddalashgan.

Serial “Yovvoyi G’arb dunyosi” deb nomlanadigan futuristik ko’ngilochar bog' haqida bo’lib, u yerda android-robotlar insonlarning istalgan xohishlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Insonlar bu yerda hamma narsa qilishlari mumkin, mutlaqo cheklovlarsiz. Hatto robotni o’ldirishsa ham texniklar ularni tuzatib, xotiralarini to’liq yangilab, safga qaytarishadi. Ammo ma’lum bo’lishicha, barcha robotlarning ham xotirasini o’chirib bo’lmas ekan… Qiynoqqa uchragan robot insondan o’ch oladimi? Xo’sh, qiziqarli syujet yuzaga kelayapti.

Ushbu serial 4 ta mavsumdan iborat va loyiha to’liq yopilgan. Aniqrog’i, yangi mavsumlar, seriyalar chiqmaydi, serial tugallangan. Demak, yangi serialarini kutib qiynalmaysiz, hammasini bittada ko’rish mumkin.Har bir mavsum esa 8−10 qismdan iborat.


Altered Carbon (O'zgartirilgan uglerod)

Altered Carbon

Qismlar davomiyligi: 1 soat atrofida.

Mavsumlar soni: 2

“Altered Carbon” seriali yozuvchi Richard Morganning ushbu nomdagi romani asosida suratga olingan va unda kiberpank, uzoq kelajak haqida so’z boradi.

Tasavvur qiling, XXVII asr, insoniyat “ongni ko’chirish” texnologiyasini ixtiro qildi va endi shaxsiyatni bir tanadan boshqasiga ko’chirish mumkin. Albatta, boy insonlar yosh va kuchli tanaga ega bo’lish imkoniga ega. Bu insoniyatning boqiy umrga intilishi natijasidir. G’oya juda qiziqarli. Serial grafikasi, unda tasvirlangan shahar qiyofasi ko’zni quvnatishi ham, dilni hira qilishi ham mumkin.

Serialda asosiy qahramon Takeshi Kovach o’zi uchun begona bo’lgan yangi tanada uyg’onadi. Ma’lum bo’lishicha, bir badavlat inson o’zining o’limi bilan bog’liq jumboqni yechishda Takeshi unga yordam berishi uchun uni “detektiv” sifatida yollash maqsadida yangi hayotga “ko'chirgan”. Futurizm, detektiv, fantastika, triller, drama, nuar — ushbu serialda hammasi topiladi.


Upload (“Ko'chirish”)

Upload

Qismlar davomiyligi: 30 daqiqa atrofida.

Mavsumlar soni: 2 (3-mavsum suratga olinmoqda)

Ongni ko’chirish texnologiyasi haqidagi navbatdagi serial. “Altered Carbon"dan farqli o’laroq, bu yerda vafot etgan insonning ongi yangi tanaga emas, balki avatar shaklida yangi simulyator-olamga joylanadi. Ya’ni bu olamda inson vafot etgandan keyin dasturchilar tomonidan yaratilgan “olamga” ko’chirilishi mumkin. Ammo bu “olam” juda chegaralangan. Asosiy qahramon bu yerdan tezda zerika boshlaydi va haqiqiy dunyoga qaytish yo’lini qidira boshlaydi. Ammo texnologiyalar bu vazifani bajara oladimi?

“Upload” serialining g’oyasi juda qiziq va qaysidir ma’noda jiddiydek ko’rinadi. Lekin serial keng omma uchun mo’ljallangan va yengil ko’riladi. Komediya va fantastika qorishmasi.

Serialning hozircha 2 ta mavsumi chiqqan va ma’lum qilinishicha, 3-mavsum ham suratga olinmoqda. 2-mavsum men uchun biroz zerikarlidek tuyuldi, 3-mavsumdan ko’p narsa kutmayapman.


Filip K. Dikning elektrik tushlari

Philip K. Dick’s Electric Dreams

Qismlar davomiyligi: 1 soat atrofida.

Mavsumlar soni: 1 (2-mavsum suratga olinmoqda)

Bu serial fantast yozuvchi Filip Kindred Dikning ijodi bilan tanish bo’lgan har bir insonni qiziqtirsa kerak deb o’ylayman. Serial yozuvchining “Avtofabrika”, “G'amgin notanish”, “Chipta” va boshqa hikoyalari asosida suratga olingan.

Balki siz “Tig' ustida yuguruvchi 2049” (“Blad Runner 2049”), Tom Kruz ishtirokidagi “Особое мнение” (“Minority Report”), “Baland binodagi odam” (“The Man In The High Castle”), Kolin Farrel asosiy rolni ijro etgan “Вспомнить все” (“Total Recall”), Mett Deymon o’ynagan “Меняющие реальность” (“The Adjustment Bureau”) filmlarni tomosha qilgandirsiz. Ha, bularning hammasi Filip Kindred Dik asarlari asosida suratga olingan.

Ko’rinib turibdiki, “Qora oyna” fanatlari uchun bu serial manzur bo’ladi. Chunki, birinchidan — serial kelajak haqida, ikkinchidan — unda syujetlar juda ko’p.


Dimension 404 (404-o'lcham)

Dimension 404

Qismlar davomiyligi: 43−45 daqiqa atrofida

Mavsumlar soni: 1

Ushbu serial ijodkorlari “Qora oyna"ga o’xshash loyiha yaratishga harakat qilishgani ko’rinib turibdi. Bu vazifani uddalay olishganmi, yo’qmi, aniq bir fikr bildirish qiyin. Go’yoki serial biroz kichik yoshdagi tomoshabinlar uchun mo’ljallangandek. Lekin g’oyalari qiziq.

Serialda kibermakon haqida so’z boradi va bu joy “404-o'lcham” deb nomlanadi. Serialning har bir qismi texnologiyalarga boy, raqamli davrning o’ziga xos mo’jizalari va dahshatlari haqida fikr yuritishga undaydi. Ro’yxatimizdagi hech bo’lmaganda 3 ta serial sizga yoqqan bo’lsa, unda buni ham ko’rishni tavsiya qilaman. Bu ham yoqadi.

“404-o'lcham"ning atigi bitta mavsumi (6 ta qism) chiqqan va loyiha yopilgan. Demak, butun bir serialni bir kechada ko’rib chiqsa bo’ladi.


Ushbu turkumdagi seriallar qatoriga vaqtlararo sayohat haqidagi “Doctor Who” (“Doktor Kim”), “Timeless”, “11/22/63” kabi seriallarni, shuningdek odamlar orasidagi yashaydigan robotlar haqidagi “Humans” (“Odamlar”), “Raised By Wolves” kabilarni ham qo’shish mumkin edi. Ammo bularni alohida mavzu deb oladigan bo’lsak, biz hali ushbu seriallar haqida ham kelgusida albatta to’xtalamiz.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ