Dollar Baby: o‘zbekistonlik rejissyor bir dollarga Stiven King hikoyasini ekranizatsiya qilish huquqiga qanday erishdi?

E’lon qilingan sana· 511
Dollar Baby: o‘zbekistonlik rejissyor bir dollarga Stiven King hikoyasini ekranizatsiya qilish huquqiga qanday erishdi?

Butunrossiya davlat kinematografiya institutining (BDKI — ВГИК) o‘zbekistonlik talabasi Gulnora Ivanova mashhur yozuvchi Stiven Kingning “Qo‘l berib ko‘rishmagan odam” hikoyasi ekranizatsiyasi huquqini bir dollar evaziga sotib oldi. Bu King ramziy summa evaziga o‘z asari asosida kino olinishiga ruxsat bergan birinchi holat emas. Yozuvchi 1970-yillarning oxirlarida Dollar Baby loyihasini ishga tushirgan, uning hikoyasi huquqlarini istalgan odam, hatto maktab bolalari ham sotib olishi mumkin. Bu loyiha sababli o‘sha mashhur “Shoushenkdan qochish” filmi rejissyori Frenk Darabont o‘z faoliyatini boshlagan. “Meduza” Gulnora Ivanova va Stiven Kingdan bir dollar evaziga sotib olingan boshqa kartinalar haqida maqola tayyorladi. Afisha.uz uni o‘zbek tilida taqdim etadi.

Gulnora Ivanovaning “Teginish” filmi

O‘zbekistonlik rejissyorning “Baxs” nomli qisqametrajli Yaponiyaning xalqaro ISCA kinofestivali Gran-Prisini qo‘lga kiritdi. Uning yangi — “Teginish” filmi Stiven Kingning “Qo‘l berib ko‘rishmagan odam” hikoyasiga asoslangan. Ivanova bu tekstni ekranlashtirish huquqini yozuvchi Stiven Kingning Dollar Baby loyihasi doirasida 1 dollar evaziga sotib olgan. Loyiha doirasida yozuvchi o‘z hikoyalarini ekranlashtirish huquqini yosh kinematograflarga bir yilga bir dollar evaziga sotadi.

“Boshida menda o‘xshamaydi, deb o‘yladim. U yerda butun dunyo bo‘ylab faqatgina 8 kishini tanlab olishadi”, — degan Ivanova jurnalistlarga. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, King uch kunda unga javob bergan. Rejissorning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin O‘zbekistonda uning onasini “qaysidir oligarxning ikkinchi xotini” degan gaplar tarqalgan. Tabiiyki, suratga olish ishlariga pul yetmagan, Ivanovaning otasi oivaliy budjetdan unga pul ajratgan.

U o‘z Facebook sahifasida BDKIga ham minnatdorchilik bildirgan. “Qancha kuch ketgani, qancha jiddiy ishlar qilinganini faqat yaqinlarim biladi. Tanishlaridan oldin yuzimga qanchadan-qancha eshiklar yopildi”, — deb yozgan Ivanova. Hozirda Gulnora O. Genrining hikoyasi asosida “Ko‘zingni och” nomli to‘liqmetrajli film suratga olinayotganini e’lon qilgan BDKIning Toshkentdagi filiali rasmiy sayti.

“Men aynan o‘zbek kinorejissori bo‘lmoqchiman. Umid qilamanki, menda bu xohish yo‘qolib qolmaydi”, — degan aytgan Ivanova. “Teginish"ning onlayn-premyerasi hali bo‘lib o‘tgani yo‘q.

Dollar Baby tarixi

Yozuvchi 1970-yillar oxirlarida, “mashhurlikka erishishni boshlaganda” bu dasturni ishga tushirgan. Unga kinokollejlar talabalari uning hikoyalarini ekranlashtirish bo‘yicha yozishgan. King bunda “kinematografiyaga ozroq xursandchilik qaytarish” imkoniyatini ko‘rib, o‘zining ba’zi asarlari huquqini bir dollar evaziga sotishga qaror qiladi. Rejissyorlar hozirda Stiven King saytida arizalar qoldirishadi, bunda qatnashchilar faqatgina bitta hikoya uchun ariza yuborishlari mumkin. Bugungi kunda arizalarni Kingning o‘zi emas, uning vakillari ko‘rib chiqadi.

40 yil davomida rejissorlar amerikalik muallifning hikoyalari asosida bir necha yuzlab filmlar suratga olgan. King har oy 10 tagacha kelishuv imzolaydi. Aniq sonni hech kim bilmaydi: faqatgina King tomonidan tanlangan kartinalargina tijoriy ijara yoki internetga chiqarilishi mumkin. Agar Kingga film yoqadigan bo‘lsa, rejissor bilan qo‘shimcha shartnoma tuziladi, bu esa yozuvchiga gonorar to‘lashni nazarda tutadi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, film 45 daqiqadan uzoq bo‘lishi mumkin emas.

Ba’zi mualliflar Kingga tayyor kartinani ko‘rsatadi (shartnoma bo‘yicha bu majburiy emas). Yozuvchining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillar davomida u qisqa metrajli filmlarning kassetalar va kompakt disklarini olgan — u hammasini ko‘rib chiqib, ularni “dollar chaqaloqlari” javoniga qo‘yib qo‘ygan.

Bu 1 dollarli hikoyalar asosida suratga olingan qisqametrajli filmlarni ko‘rish uchun 2004-yildan beri har xil mamlakatda o‘tkazilib kelinayotgan Dollar Baby Film festivaliga tashrif buyurish kerak. 2013-yilda u Krasnodarda (Rossiya) o‘tkazilgan, unda 50 dan ortiq havaskor va professional ishlar namoyish etilgan. 2020-yilda festival Samarada, bir yildan keyin yana Krasnodarda o‘tkazilgan.

Rossiyada King hikoyalarini kimlar ekranlashtirgan?

Kingning asarlari huquqini sotib olgan birinchi Sovet rejissor Mixail Titov bo‘lgan. U 1986-yilda “Jangdan so‘ng” hikoyasidan ilhomlanib, “Jang” animatsion filmini suratga olgan.

Rossiyada Dollar Baby loyihasi doirasida olingan qisqametrajli filmlarning eng mashhuri Aleksandr Domogarovning “Qafasdagi bolalar” (1972) asaridan ilhomlangan holda suratgan olingan “Bolalarni qo‘yib yuboring” (2017) filmi hisoblanadi. Filmda shafqatsiz o‘qituvchi o‘z shogirdlarini yo o‘zga sayyoraliklar uchun, yo jinlar uchun olib ketadi va tomoshabinlar ayol aqldan ozyaptimi yoki bularning barchasi haqiqatan ham unga sodir bo‘lyaptimi, tushunmaydi.

Domogarovning aytishicha, u ssenariyni Kingning dasturini topishidan oldin yozgan. Rejissor hikoya huquqini sotib olish kerakligini bilgandan keyin loyihani to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Ammo film prodyusseri Kristina Reylyan Dollar Baby haqida bilib, huquqlarni bir dollar evaziga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Film YouTube’ga 2019-yilda chiqqan.

Ushbu qisqametrajli filmdan so‘ng Domogarov rejissyor sifatida o‘z karyerasini boshlagan. 2018-yilda uning “Tepalik malikasi: oyna ortidan” xorror filmi chiqdi, 2020-yilda esa “Palma” oilaviy filmi e’lon qilindi. Film Rossiyadagi ijarada 2 million dollarlik budjet bilan 7 million dollardan ko‘proq daromad topdi.

Stiven King rossiyaliklarga 6 marta o‘z hikoyalarini ekranlashtirish huquqini sotgan. Domogarovdan tashqari Mariya Ivanova (“Plyaj”, 2014), Anna Shapiro (“Relsdan chiqqan”, 2014), Yegor Dolgix (“Yomon”, 2014), Roman Alekseyev (“Bolg‘a”, 2020) va Olesya Pozdeyevalar (“Soqov”, 2020) uning hikoyalari huquqini sotib olgan.

Pozdeyevaning filmi 2020-yil Samarada o‘tgan Dollar Baby Film festivali eng yaxshi deb topilgan, rejissor o‘sha paytda boryo‘g‘i 16 yoshda bo‘lgan.

“Shoushenkdan qochish” rejissori ham karyerasini shunday boshlagan

King Dollar Baby dasturini 1977-yilda ishga tushirganiga qaramasdan, bu loyiha doirasida uning hikoyasi ekranlashtirilishi 1982-yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda Jeff Shiro ismli rejissyor Kingning “Bugimen” nomli asarini xuddi shu nomli bilan qisqametrajli film qilib namoyish etgan. Kino shu darajada omadli chiqqanki, u yozuvchidan kinoni ijaraga chiqarishga ruxsat ham olgan. So‘ng Shiro Jorj Romeroning qo‘rqinchli hikoyalar antologiyasi — “Qorong‘u tomon ertaklari” serialining rejissyorlaridan biri bo‘lgan. U har xil formatda yana o‘nlab teleloyihalar suratga olgan: seriallardan tortib, ilmiy-ommaboplargacha. Uning eng omadli ishi Paramount kanalidagi “Yengilmas jangchi” ko‘rsatuvi bo‘lgan.

“Bir dollarli shartnoma” bo‘yicha King bilan hamkorlik qilgan ikkinchi rejiyssor 1983-yilda “Makkajo‘xori bolalari” hikoyasini “Qarg‘a havoriylari” nomi bilan ekranlashtirgan Jon Vudvord bo‘ldi. Bundan keyin u yana ikkita to‘liqmetrajli film suratga oldi — “Nevrotik kabare” (1990) va “Vitse” (2000), ammo ular unchalik mashhur bo‘lmadi.

Bu dasturning barcha ishtirokchilari ichida eng muvaffaqiyatlisi Frenk Darabont bo‘ldi. U 1983-yilda Kingning rejissorlar orasidagi mashhur hikoyalaridan biri — “Xonadagi ayol” bo‘yicha qisqametrajli film suratga oldi. Yozuvchi 24 yoshli rejissyorning kartinasini “o‘zining materiali bo‘yicha suraga olingan eng yaxshi qisqametrajli film” deb atadi. Bu iqtibos hatto film posteriga ham yozib qo‘yilgan. Rejissyor shunday eslaydi:

“1983-yilda reklama roliklari suratga olishda rekvizitlar yordamchisi bo‘lib ishlardim. O‘sha yili 11 ming dollar ishlab topdim va undan 7 ming dollar filmni yakunlash uchun ishlatdim. 4 mingga qanday qilib yashab qolganimni haligacha tushunmayman”.

Darabont bu ishidan keyin horror rejissori Chak Rassel uchun “Vyazov ko‘chasidagi ishkal” va “Tomchi” kinolariga ssenariy yozib bergan, shuningdek, Richard Donnerning “Kriptdan ertaklar” serialiga ham bir nechta seriani yozib bergan. 1990-yilda rejissyor Jennifer Jeyson bilan birga suratga olingan birinchi to‘liqmetrajli filmini namoyish etdi — telefilm “Tiriklayin ko‘milganlar”. Oradan 4 yil o‘tib, Darabont Tim Robbins va Morgan Friman bilan birgalikda “Shoushenkdan qochish"ni suratga olib, King materiallariga qaytdi.

Film haqiqiy xitga aylandi va 1995-yilgi “Oskar"da 7 ta nominatsiya qo‘lga kiritdi. Kartina Darabonta bu filmni haligacha dunyo bo‘ylab eng mashhur filmlardan deb hisoblaydi. Masalan, Amerikaning “IMDb Top 250 Movies” reytingida “Shoushenkdan qochish” filmi birinchi o‘rinda turadi. Xuddi shuning ruscha alternativi bo‘lgan “Kinopoisk"ning “eng yaxshi 250 filmi” ro‘yxati da esa bu kino ikkinchi o‘rinda turadi, birinchida esa Darabontning King romani asosida suratga olingan boshqa bir filmi” — “Yashil milya” (“Oskar"da 4 ta nominatsiya) turadi.

2007-yilda Darabont yozuvchining “Tuman” hikoyasi asosida film namoyish etdi, u King hikoyalari ekranizatsiyasidagi eng yaxshilaridan biri hisoblanadi.

King huquqlarni bir dollarga sotish bo‘yicha yolg‘iz emas

Jeyms Kemeron va “Terminator” huquqlari

1980-yillar boshlarida Jeyms Kemeron mashhur bo‘lmagan. O‘sha paytda u “Terminator” ssenariysini studiyalarga o‘zi suratga olish sharti bilan sotmoqchi bo‘ladi. Faqatgina Pacific Western Profuctions kompaniyasi bunga rozi bo‘ladi. Kemeron kompaniya rahbari prodyuser Geyl Enn Herdga agar unga kinoni o‘zi suratga olishga ruxsat berishsa, ssenariyni bir dollar evaziga sotishga rozi bo‘ladi. Natijada film muvaffaqiyatli bo‘ldi: 6,4 million dollar byudjetli “Terminator” dunyo bo‘ylab ijaralardan 78,4 millon dollar ishladi.

Kemeron va Herd turmush qurishdi. Ammo ular ajrashgandan keyin “Terminator” franshizasi huquqi Kemerondan ketdi: uning yarmi sobiq xotinida, ikkinchi yarmi uning ishlab chiqarilishiga javob bergan “Hemdale” kinostudiyasida bo‘lgan. Kemeron “Terminator"ga bo‘lgan huquqlarini 2019-yildagina qaytarib oldi, ammo uning ishtorikidagi oxirgi qism — “Terminator: Qorong‘u taqdir” muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Salmon Rushdi va “Yarim tun bolalari” huquqi

2011-yilda yozuvchi Salmon Rushdi tushlik paytida rejissyor Dipa Mehtaga “Yarim tun bolalari” asari huquqlarini 1 dollar evaziga sotib olishni taklif qiladi. Bundan tashqari, Mehta muallifni o‘z romani asosida ssenariy yozishga ham ko‘ndirgan. Rushdi kartinaning prodyuseri bo‘lgan va hikoya qiluvchini ovozlashtirgan. Ammo film xit bo‘lmagan: unga Rotten Tomatoes’da kinotanqidchilarning 41 foizi ijobiy sharh yozgan, xolos.

Jorj Lukas va “Yulduzlar jangi"ning radio bo‘yicha huquqi

1977-yilda “Yulduzlar jangi: Yangi umid” filmi namoyish etilgandan so‘ng Kaliforniya universiteti san’at fakulteti talabasi kurs ishi sifatida Jorj Lukasning blokbassteri bo‘yicha radio shou qilishni xohlaydi. Lukas o‘zi ham qachondir shu fakultetda o‘qigani uchun rozi bo‘ldi va audiospektakl (Jon Uiliamsning original musiqasi va ovozli effektlar bilan birga) bo‘yicha huquqlarni bir dollar evaziga sotdi. Aktyorlarning bir nechtasi, jumladan Mark Hemill (Lyuk Skayoulker) va Entoni Daniels (C-3PO) ushbu talabaning loyihasi uchun o‘z rollarini takrorlashdi.

13-qismli spektakl Milliy Jamoatchilik Radiosida (NPR) havola etildi va 750 000 tinglovchi yig‘ildi, bu 1930-yillarda Orson Uellsning “Jahonlar urushi” radiospektaklidan keyin birinchi marta bunday holat edi. Keyinchalik, NPR asl “Yulduzlar jangi” trilogiyasining ikki davomi uchun spektakllarni ishlab chiqardi.

Silvestr Stallone va “Rokki” ssenariysi

1970-yillar boshida Stallone haqida hech kim bilmas edi, uning puli ham yo‘q edi. Afsonaviy raqibni nokdaunga tushirishga muvaffaq bo‘lgan Muhammad Ali va Chak Vepner o‘rtasidagi jang Stalloneni bokschi Rokki Balboa haqida hikoya yozishga ilhomlantirdi — u atigi uch kun ichida 90 sahifali dastlabki qoralamani yozib tugatdi.

Prodyuserlarga ssenariy yoqdi, lekin ular bosh rolda Bert Reynolds yoki Robert Redfordni ko‘rishni xohlashdi. Stallonega ssenariy uchun 360 ming dollar taklif qilishgan, ammo u rad etgan. Prodyuserlar ssenariyni bir dollarga sotib olish evaziga Stalloneni bosh rolga qo‘yishga rozi bo‘lishgan. Film budjeti million dollardan kamroqni tashkil etardi (pulni tejash uchun suratga olish jarayonlarida Stallonening qarindoshlari ham qatnashgan). Natijada ushbu film dunyo bo‘ylab 117 million dollar ishlagan, “Oskar"da 9 ta nominatsiya yutgan hamda Eng yaxshi film va rejissura uchun ikkita statuetka olgan.