Tirik qolish haqidagi filmlar TOP 10 taligi
Bizning bugungi kinotavsiyalarimiz “tirik qolish” mavzusidagi filmlardan iborat bo’ladi. Bunday filmlar — kino tomosha qilayotib, turli hissiyotlarni tuyishni, qandaydir ma’noda adrenalin olishni xohlaydigan tomoshabinlar uchun qiziqarli tanlov. Afisha.uz siz uchun ana shunday filmlar TOP-10`taligini tuzdi.
1. Выживший (2015)
- Janr: vestern, sarguzasht, jangari, drama
- Rejissyor: Alexandro Gonsales Inyarritu
- Kinopoisk: 7,8.
TOP-10`likni Leonardo Di Kaprioga “Oskar” mukofotini olib kelgan va rejissyor Alexandro Gonsales Inyarrituning mahoratini ko’rsatib bera oladigan “Выживший” (“Tirik qolgan”) filmidan boshlaymiz.
Nima haqida: Ovchi Xyu Glass Amerikaning Yovvoyi G’arbining odam qadami yetmagan kengliklarida jiddiy jarohat oladi. Xyuning yangi yerlarni zabt etuvchilar otryadidagi o’rtog’i Jon Fitsjerald xoinlik qilib, uni yolg’iz o’lishga qoldiradi. Endi Glassning faqat bitta quroli qoldi, bu uning irodasi. U yovvoyi tabiat, qahraton qish va dushman hindu qabilalari bilan kurashishga tayyor, u omon qolib, Fitsjeralddan qasos olmoqchi.
2. Нечто (2011)
- Janr: horror, fantastika, detektiv
- Rejissyor: Mattis van Heynigen
- Kinopoisk: 6,4.
Insoniyat o’zi uchun bo’lmagan har qanday predmetdan qo’rqadi. Noaniqlik — qo’rquvni keltirib chiqaradi. Antarktida ekspeditsiyasi tomonidan topilgan o’zgacha “jonzot”, xuddi qadimiy yirtqichga o’xshaydi. Va bu insoniyatning so’nggi kashfiyotiga aylanishi mumkin…
Horror aralash trillerlarni yoqtiradiganlar uchun tavsiya qilaman. Qandaydir ma’noda, 2017-yilda suratga olingan “Живое” filmiga ham o’xhsab ketadi.
3. Изгой (2000)
- Janr: drama, sarguzasht
- Rejissyor: Robert Zemekis
- Kinopoisk: 8,3.
Tom Xenks ishtirokidagi har bir filmni bemalol shedevr deb atash mumkin. Ayniqsa, uning nisbatan eskiroq bo’lgan kinolari tomoshabinlar uchun alohida o’ringa ega.
FedEx logistika kompaniyasi inspektori Chak Noland mehnatkash bo’lib, u hatto o’z rafiqasidan ham vaqtini ayaydi. Navbatdagi ish safari chog‘ida Noland uchayotgan samolyot Tinch okeaniga qulaydi. Chak ekipaj orasida yagona tirik qolgan inson bo’lib, endi u odam qadami yetmagan orolda bir o’zi qolib ketadi. U yerda Chak tirik qolish uchun kurashishiga to’g’ri keladi.
4. Марсианин (2015)
- Janr: fantastika, sarguzasht
- Rejissyor: Ridli Skott
- Kinopoisk: 7,8.
Yozuvchi Endi Veyrning shu nomdagi asari asosida suratga olingan film Marsga qiziqadigan, shuningdek, ilmiy fantastikani yaxshi ko’radigan tomoshabinlarga yoqishi aniq.
Ares-3 Mars missiyasi yaqinlashib kelayotgan qum bo’roni tufayli zudlik bilan sayyorani tark etishga majbur bo’ladi. Qum bo’roni paytida muhandis va biolog Mark Uotnining kostyumiga shikast yetadi. Missiya xodimlari uni halok bo’lgan deb hisoblab, sayyoradan uchib ketishadi.
Uyg’ongach, Uotni Yer bilan hech qanday aloqasi yo’qligini, lekin turar joy moduli to’liq ishlayotganini aniqlaydi. Bosh qahramon keyingi Ares-4 missiyasi kelguniga qadar yana 4 yil davomida mavjud oziq-ovqat, vitaminlar, suv va havo zaxiralari yordamida omon qolish yo’lini izlay boshlaydi.
5. Погребенный заживо (2010)
- Janr: triller, drama, detektiv
- Rejissyor: Rodrigo Kortes
- Kinopoisk: 7,6.
Asablarini sinovdan o’tkazishni yaxshi ko’radiganlar uchun maxsus.
Iroqda shartnoma asosida xizmat qilayotgan Pol pistirma paytida hushini yo‘qotadi va bir muncha vaqt o‘tgach, g‘alati, tor, qorong‘i joyda o‘ziga keladi. “Zajigalka"dan foydalangach, Pol o’zini tobut ichida ekanligini va ko’milganligini tushunadi. U kutilmagan tuzoqdan chiqishga urinib, o’z hayoti uchun kurashadi va dahshatli psixologik qiyinchilikalr, jismoniy imkonsiz daqiqalarini boshdan kechadi.
6. 127 часов (2010)
- Janr: triller, biografiya, drama, sarguzasht
- Rejissyor: Denni Boyl
- Kinopoisk: 7,7.
Yuqoridagi o’xshash, ammo biroz boshqacharoq vaziyat tasvirlangan navbatdagi film.
Adrenalinga chanqoq, kanyonlardagi yashiringan g’orlarni tomosha qilishni yaxshi ko’radigan, yolg’iz tog’larga sayohat qiluvchi alpinist o’lim tuzog’iga tushib qoladi. U 127 soat ovqatsiz, ichimliksiz va deyarli omon qolish umidisiz qolib ketadi. Bu yerda iroda muhim rol o’ynaydi…
7. Эверест (2015)
- Janr: sarguzasht, triller, drama
- Rejissyor: Baltasar Kormakur
- Kinopoisk: 7,2.
Everest — zabt etish mushkul bo’lgan ulkan cho’qqi, uni zabt etishni ko’plab professional alpinistlar orzu qilishadi. Uning cho’qqisiga chiqqan ekspeditsiyalardan biri haqiqiy fojia bilan yakunlanadi, ammo bu jasur alpinistlarni to’xtata olmaydi.
Tajribali instruktor Rob Xoll eng yaxshi alpinistlar guruhini yig’ib, sayyoramizning eng baland cho’qqisini zabt etmoqchi. Bu odamlarning barchasi Everest cho’qqisiga chiqish uchun hamma narsaga tayyor. Ammo bu cho’qqi zabt etilgan taqdirda ham, ular tirik va sog'-salomat qaytishlari mumkinmi?
8. Вышка (2022)
- Janr: triller
- Rejissyor: Skott Mann
- Kinopoisk: 6,7.
Cho’qqiga chiqish bilan bog’liq yana bir film. Ammo bunisi boshqacha cho’qqi…
Qoyadan qulashi natijasida erinig vafot etganidan so’ng, ilgari o’yin-kulguni haddan tashqari yaxshi ko’rgan Bekki depressiyaga tushib qoladi. Bir yil o’tgach, qiz hali ham o’ziga kela olmaydi va uning hayotida to’satdan eski dugonasi Hanter paydo bo’ladi. Dugonasi Bekkiga B67 radioeshittirish minorasiga ko’tarilish va uning eri kulini o’sha cho’qqida sochishni taklif qiladi. Qizlar Qo’shma Shtatlardagi eng baland binoga yo’l olishdi, ammo ular uning tepasida nimaga duch kelishlarini tasavvur ham qilishmaydi.
9. Кон-Тики (2012)
- Janr: sarguzasht, biografiya, drama
- Rejissyor: Xoakim Ronning, Espen Sandberg
- Kinopoisk: 7,3.
1947-yilda epik ekspeditsiyani — Kon-Tiki nomli solda Tinch okeanini bosib o’tgan dunyoga mashhur sayohatchi Tur Xeyerdalning hikoyasi. Film shu nomdagi asar asosida suratga olingan (kitobi o’zbek tiliga tarjima qilingan).
Gigant kitlar, och akulalar bilan kurash, momaqaldiroq, ayovsiz shamol, shiddatli bo’ron o’rtasida hayot uchun kurash haqida. Har bir kun oxirgisiga aylanmasligi uchun qahramonlar katta kuch va iroda ko’rsatishlari kerak. Ushbu aqlbovar qilmas sayohat unga kirishgan odamlarni butkul o’zgartirib yuboradi.
10. Жизнь Пи (2012)
- Janr: fentezi, drama, sarguzasht
- Rejissyor: Eng Li
- Kinopoisk: 7,8.
Okean va cheksizlikda omon qolish haqidagi yana bir ajoyib film.
Bu hind hayvonot bog’i egasining o’g’li Pi ismli bolaning hikoyasi. U dunyoni kashf etadi, o’z tamoyillarini himoya qilishni o’rganadi, uchta e’tiqod qonunlari bo’yicha yashab, o’z yo’lini izlaydi… Ammo taqdir taqozosi bilan uning oilasi ko’chishga majbur bo’ladi. Hindiston va Kanada o‘rtasida yarim yo‘lda kema halokatga uchraydi va Pi qayiqda bengal yo‘lbarsi, giyena, zebra va orangutan bilan qoladi. Atrofda esa faqat bepoyon okean bor…