“Kelgindi kelin”dan “Baron”gacha — Rustam Sagdiyev filmlari TOP o‘nligi

E’lon qilingan sana· 851
“Kelgindi kelin”dan “Baron”gacha — Rustam Sagdiyev filmlari TOP o‘nligi

Ko‘pchilik biror filmni tomosha qilayotganda uning oxiridagi titrlariga e’tibor qaratmaydi, ammo o‘sha “zerikarli qism” kino haqida ko‘p narsani gapiradi. Ssenariy muallifiyu, rejjisyorlargacha. Haqiqiy kinoixlosmandlar uchun kinoni suratga olgan shaxs (lar) ham muhim. O‘zbekistonda hozirgi kunda ko‘zga ko‘ringan rejissyorlar sanoqli. Ular orasida Rustam Sagdiyev alohida o'ringa ega.

Rustam Sagdiyev rejissyorligidagi mashhur filmlar kinomanlarga yaxshi tanish: “Baron”, “Kelgindi kelin”, xo‘sh davom ettira olasizmi? Biz yordam berishimiz mumkin. Quyida mazkur ijodkor ishlagan kinofilmlarni ro‘yxatini keltiramiz.


“Baron 1”

Ushbu filmni Sagdiyev ijrosidagi eng mashhur, eng qimmat va ko‘p shovqin ko‘targani deb aytish mumkin. Wikipedia ma’lumotlariga ko‘ra, “Baron” oʻta yuqori aniqlikdagi 4K formatida suratga olingan birinchi oʻzbek filmi hisoblanadi.

Bu jangovar filmi giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash haqida hikoya qiladi. Shu bilan birgalikda bir vaqtning oʻzida sevgi va qasos, ota va farzand, oila, adolat va fidoyilik mavzularini koʻtargan. Bosh rollarni Farhod Mahmudov, Ulug‘bek Qodirov, Javohir Zokirov kabi mashhur aktyorlar ijro etgan.

“Baron 2”

Yuqoridagi filmning mantiqiy davomi. Bu safar voqealar ko‘proq Suriyaga ko‘chadi. Rossiya va Oʻzbekiston maxsus xizmatlari global illat — terrorizmga qarshi hamkorlikda ish olib boradi va terroristik hujayralarni moliyalashtirishni toʻxtatish maqsadida narkotik moddalar savdosini toʻsish boʻyicha maxsus operatsiya oʻtkazadi.

Maxfiy agent terrorchilarni yollashdan qochishi, sevgisini topishi va millionlab odamlarning hayotini ajoyib tarzda saqlab qolishi kerak.

“Panoh”

Rustam Sagdiyev ssenariysi asosida suratga olingan klassik film. Bu kartinaga ko‘p ta’rif berib o‘tirish zarur emas. Aksariyat tomoshabinlarga tanish yorqin komediya. 2018-yilda YouTube‘ga joylangan kinoning 21 mlndan ortiq tomosha qilinishi hali ham uni qayta-qayta ko‘ruvchilar bor ekanini anglatadi.

“Kelgindi kelin”

Dilnoza Kubayeva ijrosidagi shaharlik (“bezbet”) kelin rolini yosh avlod ham yaxshi eslasa kerak. Shaharning boy oilasidan bo‘lgan qiz o‘z sevgisi ortidan qishloqqa boradi va u yerning oddiy, konservativ xonadonida uzoq muddat “mehmon” bo‘ladi.

Qiz yigitning ishxonasiga borishidagi sahnani, undagi qo‘shiqni ko‘pchilik juda yaxshi esalasa kerak.

“Kelgindi kuyov”

Bu kartinaning ssenariysi “Kelgindi kelin"niki bilan deyarli bir xil, faqat qahramonlar o‘zgaradi. Bu safar Farruh Soipov bilan Lola Yo‘ldosheva tandemda. Amerikada yashovchi o‘zbek oilasi farzandi O‘zbekistondagi qishloqlardan biriga o‘qituvchi sifatida keladi. U yerda yigitni (Farruh Soipov) jaydari qiz — Zaynab o‘z pichanlari bilan “kutib oladi”. Qahramon bir muddat qishloq hayotida yashab, u yerdagi bolalarga ingliz tilini o‘rgatadi.

Zaynab va Amerikadan kelgan mehmon uyiga kelgan sovchilarni qanday usulda qaytarganini ko‘pchilik unutmagan bo‘lsa kerak.

“Sotqin”

Xalq orasida “Andijon voqealari”, “2005-yil voqealari” nomi bilan eslanadigan hodisa — Andijondagi terorchilar hujumining 10 yillik sanasi arafasida ishlangan badiiy film. Bosh qahramon Sarvar Bahromov ismli talaba yigit Andijonda asosan jinoiy ta‘sirga ega boʻlgan otasi va akasining mavjud tuzumni agʻdarishga qaratilgan fitna rejalaridan xabar topgach, ularga qarshilik koʻrsatishga harakat qiladi. Ammo Sarvar jihod yoʻlini tanlagan ota va akaning mutaassibona harakatlarini toʻxtatishga ojizlik qiladi va film soʻnggida oʻzi ham jihodchi akasi tomonidan oʻldiriladi. Qarashlari mustaqillik mafkurasi bilan yoʻgʻrilgan va dunyoviylik tarafdori boʻlgan Sarvar diniy ekstremizm ta‘siriga tushgan yaqinlarining xatti-harakatlari Andijonda qanday insoniy fojialarni keltirib chiqarganiga guvoh boʻladi. Diniy ekstremizm gʻoyalarini yoygan va Andijonda mavjud hokimiyatga qarshi harakatlarni moliyalagan xorijlik ekstremistik targʻibotchi — Hafizulloh Omon obrazi filmning markaziy rollaridan biri hisoblanadi.

“Bu urushlar, voqealarning ssenariysiga qarasangiz, hammasi bir-biriga o‘xshash. Biz ushbu film orqali jamiyatimizni ogohlikka chaqirishni maqsad qilganmiz”, — degan Rustam Sagdiyev.

“O‘g‘rigina kelin”

Dilnoza Kubayeva va Ulug‘bek Qodirov bosh qahramon bo‘lgan ushbu film Rustam Sagdiyev rejissyorligida suratga olingan. Film “klassik” ssenariyda: ichki ishlar xodimi “jaydari” qizni bir necha marotaba o‘g‘rilikda ayblab qamoqqa oladi, ammo bu noto‘g‘ri gumon bo‘lib chiqaveradi. Oxirida esa… filmni ko‘rgan bo‘lsangiz, davomini bilasiz, ko‘rmaganlarga esa spoyler qilmaymiz.

“Er bermoq — jon bermoq”

Yana Dilnoza Kubayeva, yana Ulug‘bek Qodirov. Yana bosh qahramonlar. Yana Rustam Sagdiyev filmida.

“Kelganda kelin”

Dilnoza Kubayevani Rustam Sagdiyevning aksariyat (mashhur) filmlarida “favorit” desak bo’ladi.

Aktrisa bu safar biznesvumen rolida. U chet ellik hamkorlar bilan shartnoma imzolash maqsadida o‘z yordamchisi bilan kutilmaganda turmush qurishga qaror qiladi. Toshkentda ishlaydigan yigit andijonlik oilasiga buni tushuntirishi kerak. Biznesvumen yordamchisining uyiga — Andijonga boradi.

“Kelgindi qaynona”

Rustam Sagdiyev ijrosidagi oila instituti a’zosi nomi bilan ishlangan so‘nggi (eng kamida ushbu ro‘yxatdagi) film. Komediya janridagi ushbu filmda bu safar qaynona bosh rolga chiqadi. Uni esa Gavhar Zokirova ijro etadi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov