"Armon"dagi ziyolilar: Jadidlar haqidagi hujjatli filmni nima uchun tomosha qilish kerak?

E’lon qilingan sana· 675
"Armon"dagi ziyolilar: Jadidlar haqidagi hujjatli filmni nima uchun tomosha qilish kerak?

20-noyabr kuni BWG Group tomonidan suratga olingan jadidlar haqidagi “Armon” filmining premyerasi bo’lib o’tdi.

Filmda Jadidchilik harakatini oʻrganadigan dunyoning ilgʻor tadqiqotchilari, shuningdek progressistlarning avlodlari XIX-XX asrlarda roʻy bergan tarixiy voqealar haqida oʻz hikoyalari bilan boʻlishganlar.

“Armon” filmida jadidchilik tushunchasining mohiyati, unga asos solinishi tarixi, namoyondalari taqdiri, 1917-yilgi siyosiy voqealarining islohotchilar harakatiga ta’siri, shuningdek jadidlarning Oʻzbekiston tarixida qoldirgan izi haqida so’z boradi.

Film davomida muallif sifatida kadr ortida barchaga tanish va qadrdon ovoz egasi — Afzal Rafiqovning hikoyalarini tinglaysiz.

“Tizim qurbonlariga aylangan jadidlar va boshqa ilg’or insonlar hayotini son-sanoqsiz taxmin va gumonlar qurshab olgandi…”. Ushbu iboraga alohida urg’u berilgani bois, filmda O’zbekiston va dunyoning boshqa davlatlarida faoliyat yurituvchi yuqorida sanab o’tilgan tadqiqotchi-tarixchilar, fan doktorlari va jadidchilik harakati namoyondalarining yaqinlari tomonidan ma’lumotlar berib boriladi.

Alohida ta’kidlab o’tish joiz bo’lgan jihat: “Armon” — badiiy elementlar bilar uyg’unlashtirilgan hujjatli film. Ilk kadrdanoq, tomoshabinlarga ogohlantirish sifatida: “Filmdagi barcha rekonstruksiyalar va art-postanovkalar zamonaviy badiiy intepretatsiya hisoblanishi va ishonchli tarixiy tasvirni aniq ko’rsata olmasligi” haqida aytib o’tiladi.

Shu bilan birga, filmda o’sha davrdagi haqiqiy fotosuratlar, tarixiy kadrlar ham yo’q emas.

Filmda qayd etilayotgan tarixiy fakt va qarashlar, aynan shu badiiy elementlar bilan boyitilishi, epizodlarning vizual jihatdan yorqin tarzda tasvirlanishi, tomoshabinni zeriktirmasligi aniq (tan olish kerak, hujjatli filmlar ma’lumotlarning ko’pligi va “monoton” tarzda ifodalanishi bilan ko’pchilikda katta qiziqish uyg’ota olmaydi). “Armon” esa sahna ko’rinishlari va fondagi musiqa bilan so’nggi daqiqagacha tomoshabin e’tiborini tortishi aniq.

Filmda Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Nozimaxonim, Anbar Otin, Usmon Nosirning hayoti va taraqqiyot, ma’rifat, ilm uchun kurash olib borganlarida qanday qiyinchiliklarga duch kelganliklarni ko’rish mumkin.

Ya’ni jadidchilik harakati va “qadimchilar” o’rtasidagi “tafovutlar” tilga olinadi. Jadidlarning aynan Turkiston hududidagi mahalliy aholining ilm-fan, madaniyat sohalaridan ancha ortda qolayotgani va ma’rifat sari intilmayotgani uchun qilgan sa’y-harakatlari va ushbu kurashi uchun chekkan azoblari ta’sirchan ko’rsatilgan. Ha, aynan badiiy sahnalar orqali, emotsiya va hissiyotlar mohirona tasvirlangan.

Mahmudxo’ja Behbudiy bolshevizmga salbiy munosabatda bo’lgani uchun, sirli ravishda vafot etishi sahnasida ot va arava g’ildiragining ovozi — o’sha mavhum o’limni tasvirlagan.

Munavvar Qori Abdurashidxonovning OGPU (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi)ga ko’rsatma berayotgan badiiy epizod va uning o’limidan biroz avval olingan haqiqiy fotosurati orqali umidsizlik va ayanchli dardni his etish mumkin.

Filmda shoir Hislatning Said-Abdulaziz Yusupov tomonidan o’qilgan “Tushib boshimg’a, do’stlar, dog’i farzand” she’ri ko’pchilik uchun eng ta’sirli sahnalaridan biri bo’ldi.

“Sheʼr juda taʼsirli oʻqilgan. Etni jimirlatadi (taʼsirchanroq odam boʻlsangiz-da, albatta). Ayniqsa, „inson qadri avvalgilarga oʻxshamas“ shu bugungi kunlarimizda ham bolalar dorilardan zaharlanayotgani, oʻlayotgani, gʻildiraklar ostida qolib halok boʻlayotgani haqida oʻylab eshitsang. Yana bir-ikki shunday kuchli, yodda qolarli sahnalar bor”, — deb yozadi jurnalist Muhrim A’zamxo’jayev.

Mazkur epizod bo’sh beshiklar qurshovidagi ota va uni tebratayotgan ona obrazlari bilan vizual jihatdan boyitilgan.

Filmda ko’tarilgan yana bir muhim mavzulardan biri — xotin-qizlar haq-huquqi, ta’limi, jamiyatdagi o’rni uchun olib borilgan kurashlar va aynan shu kurashni olib borgan ayollar haqida.

Abdulla Avloniyning tugallanmagan bir pyesasida: “Erkinlik ayollarga erkaklardan ko’ra ko’proq kerak” degan fikr ilgari suriladi. Ko’pgina jadidchilar ayollarning bilim olishini ochiqdan ochiq targ’ib qilishgani filmda qayd etiladi.

Filmning eng katta yutuqlaridan biri — bu O’zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarning Islom dinida ayollarning ilmsizlikka, ma’rifatsizlikka chaqirilmagani, erkak musulmonlariga nima buyurilgan bo’lsa, ayollarga ham shu buyruq va topshiriq berilgani haqida alohida ta’kidlab o’tadi.

“Ko‘pchilik o‘ylaganidek ayollar va erkaklar o’rtasidagi tenglik bizga G’arbdan yoki kommunistlar tomonidan kiritilgan begona g‘oyalar emas, balki jadidlar ilgari surgan qadriyatlardan biri edi. Ular orasida qabul qilinmagan hamda qatag‘onga uchragan ayollar ham bor edi. Filmni muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning jadidlardan birining zamonning murakkabligiga qaramay odamlarni o‘y-hayollari hamda tashvishlari maydaligi haqidagi iqtibosi uchungina ham ko‘rish kerak”, — deb yozadi Milliy mass-mediani qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova.

“Armon” filmida taniqli xonanda Manizha Anbar Otin obrazida bo’lib, uning g’azalini o’qiydi.

Qo’qonlik afsonaviy shoira Anbar Otin o’z qarashlarining dadilligi uchun qattiq kaltaklanib, yurish qobilyatini yo’qotgan. Shu sababli ham epizodda u o’tirgan holda gavdalantiriladi.

Menimcha, Manizha mazkur sahna uchun bejizga tanlanmagan. Chunki ijodkor bir necha yillardan buyon ayollarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarda yetakchilik qiladi.

Sahna haqiqatdan juda go’zal tasvirlangan. Sharqona uslubdagi libos, g’azal, musiqa va orqa fondagi qizlarning: “Men ham sening kabi, bir ayoldurmen” deya qo’shiqni kuylashi uni yanada ta’sirchan qiladi.

19-asrning oxiri, 20-asrning boshida O’zbekiston hududida ayollar “ozodligi” uchun kurash — o’lim bilan teng bo’lgan. Shu sababli aynan o’sha davrda xotin-qizlarning ziyoli bo’lishi uchun kurashgan ayollar xotirasini kuchliroq e’zozlash kerak deb o’ylayman.

Jurnalist Furqatbek Yakvalhojiyev “Armon” filmi uchun Cho’lponning singlisi o’z akasi haqida aytgan iliq so’zlari yozilgan noyob audioyozuvni taqdim etdi. Filmni tomosha qilganingizda unga alohida e’tibor bering.

Umuman olganda, filmning yana bir qadrli tomoni — jadidlarning avlodiga mansub shaxslarning ishtiroki. Unda siz Mahmudxo’ja Behbudiyning evaralari, Abdullo Qodiriyning nabiralarining hikoyalarini tinglaysiz. O’zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova — Abdulla Avloniyning evarasi ekanligini ushbu film orqali bildim. Ular ham o’z xotiralari bilan bo’lishadilar.

“Armon"da o’zbekistonlik jadidlardan tashqari, Qozog’istonning hurmatga sazovor shoirlaridan biri — Mag’jon Jumaboyev haqida ham so’z boradi. Uning ham taqdiri ayanchli, filmni ko’rib, yanada batafsil ma’lumotga ega bo’lasiz.

Shoir siymosini qozog’istonlik aktyor Asqar Ilyasov gavdalantirib, she’rini mohirona tarzda o’qiydi.

“„Armon“ filmidagi eng ta’sirli sahnalardan biri — bu, shubhasiz, fonida Erkin Bozorov tomonidan „Nasimaga deganim“ she’ri o’qilgan Usmon Nosir bilan bog’liq qism bo’ldi. Aynan shu she’r va unga mos tanlangan ohang, mahoratli ijro va badiiy elementlar „Armon“ so’zining ma’nosini o’ylab qolishingiz, his etishingiz va yig’lashingizgacha olib boradi”, — deb yozadi bloger Mirzo Zominiy.

““Armon” filmini jadidchilik haqidagi film deb atash nohaqlik. Bu erkinlik va o’zlik haqidagi film. Bu mening subyektiv fikrim. Ozodlik haqida deb olsak, jadidlarning intilishlari Chor imperiyasi davrida ham, sovet sinfiy jamiyati davrida ham qattiq mafkuraviy nazorat sharoitida, siyosat, she’riyat, nasr, ta’lim orqali, ozodlik tuyg‘usini qozonishga qaratilgan edi. Aynan o’xshashlik ma’nosida olib qaralganda esa, bahsli sovet o’tmishini hisobga olgan holda, film 21-asrda o’zbekistonlik bo’lish qanday ekanligi haqida so’z yuritadi.

Bu filmni tomosha qilgan bir talabamning iqtibosi bunga yaqqol misol: “Bolaligimdan musiqa maktabi devorlariga osilgan yozuvchilarning rasmlarini ko‘rardim, lekin ular kimligini va nima bilan shug‘ullanganini bilmasdim. Maktabda biz hech qachon o‘zbek yozuvchilarini o‘rganmaganmiz yoki asosan rus yozuvchilariga e’tibor qaratganmiz. O‘zbek tarixi va adabiyotini mening avlodim „zerikarli va ahamiyatsiz“ deb qabul qilgan yoki bizga shunday taqdim etilgan”, — deb yozadi jurnalist, Webster universiteti o’qituvchisi Jahongir Azimov.

Film posteri va so’nggi kadrlaridan birida, qamoqxona panjaralari va tungi go’zal osmon tasvirlangan. Bunga metafora sifatida qaralsa, aynan nima uchun film “Armon” deb nomlanganini tushunish mumkin.


Bunday filmlarning eng muhim jihati — uni har qanday yoshdagi tomoshabinning tushuna olishi. Tarixiy voqealarni bir yarim soatlik film orqali hikoya qilish oson emas, ammo aynan shu yo’l bilan qanchadan-qancha odamlarga kerakli ma’lumotni yetkazish mumkin. Hech bo’lmaganda, filmni tomosha qilib bo’lgach, 3 ta fakt, 3 nafar shaxs yoki 3 ta kashfiyot haqida xotirangizda ma’lumotlar muhrlansa, demak film ijodkorlari o’z “missiyasini” bajardi deb o’ylayman.

Bundan tashqari, film orqali xorijiy tomoshabinlarning e’tiborini ham jalb qilish mumkin. O’zbekiston tarixiga nazar tashlashning ham eng yaxshi yo’li — shu kabi sifatli kinokartinalarni ishlab chiqish.

“Jadidlar haqida qancha ko’p ish qilinsa, shuncha oz” — deya ta’kidlagandi film rejissyori Ruslan Soliyev. Ha, bu kabi filmlarni har bir taraqqiyparvar ziyoli ajdodlarimiz, jadidlarimiz haqida alohida olish mumkin. Chunki hali to’liq o’rganilmagan, to’liq ochilmagan mavzular talaygina.

“Ssenariyni yozish uchun ko’p vaqt kerak bo’ldi, chunki bu o’ta nozik mavzu. Munozarali masalalar, ma’lumotlarning yetishmasligi va ayrim voqealarning noaniq talqini masalasi bor. Ko’p narsa oshkor etilmagan, ma’lumotlarning bir qismi yo’q qilingan. Natijada, biz imkon qadar xolis yondashib, ma’lumot bera oladigan tarixchilarni izlash uchun juda uzoq vaqt sarfladik”, — deydi rejissyor.

Bir qancha yetuk mutaxassislar, montaj bo’yicha dizayn, liboslar, ovoz, hikoyalar o’rtasidagi lirik chekinishlar — barchasi filmni yanada boyitgan va haqiqatdan ham sifatli asar sifatida baholanishi uchun arziydi deb hisoblayman.

Filmni yanada ko’proq o’zbekistonliklarning ko’rishi — jadidlar tarixini yanada chuqurroq o’rganish uchun bir turtki bo’ladi degan umiddaman.

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ