«Слово пацана» ("Yigit soʻzi") serialining muvaffaqiyati nimada?

E’lon qilingan sana· 1 705
«Слово пацана» ("Yigit soʻzi") serialining muvaffaqiyati nimada?

21-dekabr kuni rus kino ijdokorlari tomonidan suratga olingan “Yigit soʻzi. Asfaltdagi qon” (“Слово пацана. Кровь на асфальте”) seriali 1-mavsumining soʻnggi qismi e’lon qilindi. Serial nafaqat MDX davlatlarida, balki Yevropada ham koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi. Serialning ssenariy muallifi Andrey Zolotarevning aytishicha, “Yigit soʻzi"ning bunchalik shov-shuvga aylanishini tasavvur ham qilmagan ekan. Aslida ushbu serialning muvaffaqiyat siri nimadi? Bugungi maqolada biz ushbu savolga javob topamiz.

Avvalambor, rus kinoijodkorlari tomondan suratga olingan shov-shuvli seriallarni bir eslasak. Qanday nomlarni eslaymiz? “Бригада”, “Бумер”, “Мажор”… Lekin bu seriallar suratga olinganiga ancha boʻldi. “Мажор” biroz yangiroq boʻlishi mumkin, ammo “Бригада"ga ancha vaqt boʻldi va bu serial haqiqiy kultga aylandi. Ushbu seriallar va “Yigit soʻzi” oʻrtasida qanday oʻxshashlik bor? Barchasi kriminal haqida, barchasida zoʻravonlik romantizatsiya qilingan, ammo endi rejissyorlar siyqasi chiqqan “mafiya, gangster” mavzulari bilan koʻpchilikni qiziqtira olmasdi. Eski gʻoyaning yangiroq koʻrinishi zarur edi. Ayniqsa real voqealarga asoslangan syujet gʻoyasi kerak edi. “Yigit soʻzi” seriali kinoijodkorlari aynan shunday gʻoyani ushlay olishdi.

Agar siz serialni tomosha qilmagan boʻlsangiz, spoylerlarsiz, serial nima haqida ekanligini tushuntiramiz. “Yigit soʻzi” Qozon shahrida 80-yillar oxirlaridagi oʻsmirlar guruhlari, bandalarning taqdiri haqida soʻzlaydi. Serialning diqqat markazi aynan shunday bandalardan biri, oʻgʻirlik va qotillik bilan shugʻullangan “Universam” jinoiy guruhiga qaratilgan. Birinchi qismdanoq serial juda mashhur boʻlib ketdi va u haqda hamma gapira boshladi. Serial real voqealarga asoslangan, hatto bosh qahramonlarning obrazlari ham real hayotdagi banditlarning prototiplaridir. Ammo “Universam” guruhining oʻzi mavjud emas boʻlmagan, bu oʻylab topilgan, ammo serialdagi qolgan barcha narsa toʻliq haqiqat.

Serialning yana bir ahamiyatli jihati, rejissyor Jora Krijovnikov akterlarni tanlashda ancha bosh qotirgan va bu vazifani zoʻr uddalagan. Jumladan, Vova “Adidas” rolini Ivan Yankovskiy qoyilmaqom darajada oʻynagan. Uning ukasi Marat rolini Ruzil Minekaev ijro etdi, bu uning katta ekrandagi debyuti edi. 15 yoshli Leon Kemstoch uchun ham, shuningdek, aktrisa Yuliya Peresildning qizi Anna uchun ham yulduzlik onlariga aylandi. “По щучьему велению” filmidagi ahmoq Vanya roli bilan tanilgan Nikita Kologrivoy jinoiy avtoritet Kashshey rolini oʻynagan. Serial muvaffaqiyatli chiqishida, soʻzsiz undagi rollar uchun tanlangan akterlar tarkibining ahamiyati ham katta.

“Ты теперь пацан, ты теперь с улицей, а кругом враги”

Aynan yuqoridagi ibora ushbu serial sabab ancha keng tarqaldi, serialning oʻziga xos shioriga aylandi (tarjima qilmasdan oʻz holida keltirishga qaror qildik).

Serialda hamma narsani topish mumkin: unda romantika ham bor, jang sahnalari, tragediya, kriminal, komediya… Tomoshabin doimo nimadandir havotirda oʻtiradi, chunki yigitlarning hayoti, yumshoq qilib aytganda, juda notinch edi. Toʻqnashuvlar va baxtsiz hodisalar fonida iliq sevgi hikoyalari paydo boʻladi. Vova “Adidas” Natasha ismli hamshirani, Marat esa sakkizinchi sinf oʻquvchisi Aygulni sevib qoladi. Jinoyatga aloqador yigitlar qanday qilib sadoqatli boʻla olishini koʻrsatishadi — bu esa tomoshabinlarning qalbidan joy olishi aniq edi.

Serialdagi voqealar Qozonda boʻlib oʻtganiga qaramay, guruh uni suratga olish uchun Yaroslavlga yoʻl oladi. Kinoijodkorlar haqiqiy oʻtgan asr 80-yillari atmosferasini yaratish uchun mos joy tanlay olishgan. Goʻyoki serial bizni haqiqatan ham oʻsha davrga olib borgandek his qilasiz. Kvartirani ta’mirlashdan tortib qahramonlarning bosh kiyimlarigacha boʻlgan hamma narsa ajoyib aniqlik bilan tanlangan.

“Yigit so‘zi” serialida o‘sha davr uchun ko‘plab muhim muammolar ko‘tarilgan. Birinchi navbatda, 80-yillar oxirida odamlar ogʻir hayot kechirgani, ogʻir sharoitlar koʻrsatilgan. Afgʻon urushi, Chernobil avariyasi, ishsizlik, tovarlar taqchilligi — odamlar bunday vaziyatda qanday yashashni, qayerdan pul topishni, bolalarini qanday boqishni bilmas edilar. Serialda odamlar bir-birlari bilan oziq-ovqat almashadigan sahnalar bor, chunki ba’zi uylarda ovqatlanish uchun mutlaqo hech narsa boʻlmagan.

Yoshi kattalar ana shunday og‘ir damlarda qanday omon qolish masalasi bilan band boʻlgan boʻlsa, bolalar o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolib ketishgan. Ular butunlay yolgʻiz va ularni qutqaradigan yagona narsa bu — koʻcha. Ular toʻdalarga birlashib, jinoiy guruhlar tuzadilar: oʻgʻirlik qiladilar, odamlarni talaydilar, oʻldiradilar, zoʻrlaydilar. Hatto namunali, tartibli oʻsmirlar ham ba’zan bu yoʻlga kirishga majbur boʻlishadi.

Ushbu “patsancha” serialda qoʻyilgan treklar ayniqsa mashhur boʻlib ketdi. Tatar ijrochisi Aigelning “Пыяла” qoʻshigʻi “virusli” qoʻshiqqa aylandi. Serialning butun translyatsiyasi davomida trek barcha rus va xorijiy chartlarni zabt etdi.

“Мираж”, “Ласковый Май” guruhlari va Aleksandr Serovning treklari ikkinchi marta xitga aylanish imkoniyatiga ega boʻldi.

E’tibor qilgan boʻlsangiz, soʻnggi yillarda tomoshabinlar realizmga yoʻgʻrilgan, shafqatsiz hayot va achchiq taqdir qismatlari namoyish etilgan seriallarni sevib (ehtimol, azoblanib ham) tomosha qilishmoqda. “Yigit soʻzi” ham aynan shunday ogʻir seriallardan hisoblanadi. Umuman olganda, serial ajoyib, biroq qaygʻuli, fojeali. Balki mana shu narsa asosiy ahamiyat kasb etgandir.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ