“AQShdagi hayotimga qaytishni xohlamayman” – aktyor Behzod Muhammadkarimov bilan katta intervyu

E’lon qilingan sana· 10 112
“AQShdagi hayotimga qaytishni xohlamayman” – aktyor Behzod Muhammadkarimov bilan katta intervyu

Taniqli oʻzbek kino, teatr va dublyaj aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Behzod Muhammadkarimov ekran va sahnadagi yuzlab obrazlari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish.

U Afisha.uz`ga bergan intervyusida bugungi oʻzbek kinosi va teatridagi muammolar, Amir Temur va Elchin rollari, AQShdagi hayoti, vaynerlar hamda boshqa mavzular haqida gapirdi.

Behzod aka, oxirgi yillarda Oʻzbekistonda turli kino va teatr festivallari o‘tkazilmoqda. Ammo dabdabali qizil yo‘lakchalarda sizni ko‘rmayapmiz. Sababi nima? Taklif qilishmayaptimi yoki yosh o‘tgan sari o‘zingizni dabdabadan olib qochadigan bo‘lyapsizmi?

— Bunday marosimlarda qatnashishni, chet ellik hamkasblar: aktyorlar, rejissyorlar bilan tajriba almashishni juda xohlayman. Ammo festival bo‘ladigan vaqtda spektaklda ishtirok etib qolaman yoki suratga olish ishlari yo dublyaj bilan band bo‘laman. Qisqasi, festivallarga asosiy ishimdan keyin bo‘sh vaqt bo‘lsagina boraman. Ba’zan tadbirlarga kech taklif qilishadi. Natijada rejamni o‘zgartirolmay, bormay qo‘ya qolaman.

1996-yilda Niderlandiya kinoijodkorlari Orolning qurigan qismida “Chiptasiz…” nomli film suratga olgan. Unda siz bosh rolni o‘ynagansiz. Ushbu kino 2023-yil kuzida o‘zbek televideniyesida ilk bor namoyish etildi. Nima sababdan shuncha paytdan beri o‘zbek tilida premyera qilinmagan? Taqiqda bo‘lganmi va buning sababi nima edi?

— “Chiptasiz” filmi to‘liq Niderlandiya kinoijodkorlarining mahsuloti edi. “O‘zbekkino” bilan hamkorlikda suratga olinmagan. Ya’ni xarajatlarning hammasini niderlandiyaliklarning o‘zi qilgan. Ular O‘zbekistonga kelib, aktyorlar va oddiy ishchilarga xizmat haqini to‘lab, filmda foydalanishgan. O‘sha vaqtda kinoni premyera qilish masalasi muhokama etilganida, bizdagi kino sohasiga mas’ullarning ayrimlari “filmda „O‘zbekkino“ bilan hamkorlikda surtaga olindi, degan titr bo‘lsa taqdimot qilamiz” deyishgan. Men esa rejissyorga buni ayta olmaganman. Chunki hamkorlik qilinmagan-da, hamma xarajatni ular qilgan. Shundan keyin bu masala qolib ketgandi. Ammo film Niderlandiya, Fransiya va Kanadada namoyish etilgan. Men premyeralariga ham borib, mehmon bo‘lganman. Oradan 27 yil o‘tib, mazkur film O‘zbekistonda ham ekran yuzini ko‘rganidan xursandman. Bu borada menga yaqindan yordam bergan insonlardan minnatdorman.

Bu filmni tomoshabinlar nima uchun ko‘rishi kerak? Qiziq jihatlari nimada?

— Niderlaniyalik rejissyorning butun boshli bir filmida bosh qahramon o‘zimizning mo‘ynoqlik yigit — Oʻrazbay. Filmda men, Lola Eltoyeva, qoraqalpog‘istonlik yetuk aktyor Shomurod og‘a va boshqalar ishtirok etgan. Shuningdek, Niderlandiyaning taniqli aktyorlari ham suratga tushgan. Syomka jarayonlari Mo‘ynoq va Niderlandiyada bo‘lgan. “Chiptasiz” insoniylik haqida hikoya qiladi. O‘ylaymanki, uni ko‘rgan tomoshabin albatta, ta’sirlanadi va o‘ziga yarasha xulosa chiqaradi.

So‘nggi paytlarda ayrim yosh hamkasblaringiz ham, saviyali kino ko‘radigan oddiy tomoshabinlar ham “o‘zbek kinosi o‘lib bo‘ldi” degan fikrni ko‘p ta’kidlamoqda. Bunday xulosa chiqarayotganlar ko‘payib bormoqda. Ular nima uchun bu kabi fikrga boryapti? Haqiqatan ham o‘zbek kinosi bugun og‘ir ahvoldami? Muammolar nimada?

— Bu masalada ko‘p faktorlar mavjud. Birinchisi, bizda erkinlik chegaralangan. Ya’ni qaysidir ijodkor kino orqali o‘z fikrini aytmoqchi bo‘lsa, u mumkinmas, bu mumkinmas, degan gaplar ko‘p. Ijodni siqib, ramkaga solganidan keyin ijod bo‘lmaydi-da. Ijodda erkinlik bo‘lmasa, to‘laqonli ijod qilib bo‘lmaydi. Real hayotda bo‘lib turgan holatlardan misol qilib, mana shu kabi holatlar yana takrorlanmasin, demoqchi bo‘lsangiz ham “bu mumkinmas” degan qarashlar bor. Ham mentalitet, ham siyosat, ham diniy masalalar… Shulardan kelib chiqib, oxirgi paytlarda faqat qaynona-kelin masalasi bo‘lib qolgandi. Bu masala ham odamlarni charchatdi. Bundan tashqari, bizda kino bozori yo‘lga qo‘yilmagan. Kinoni chet elga eksport qilish tizimi ham yo‘q.

Amerika — sehrli diyor, millionlab odamlar okean ortiga borishni va u yerda yashashni orzu qiladi. Siz 2001−2010-yillarda Amerikada yashab, musofirchilikni boshdan kechirdingiz. Nima uchun aynan okean ortiga ketishga qaror qilgansiz? Oldingizda variant sifatida boshqa davlat yo‘qmidi?

— AQSHga birinchi marta film syomkasi bilan borganman. O‘zbekistonlik uchuvchi haqidagi filmda rol o‘ynaganman, suratga olish ishlari Boing kopmaniyasida ham bo‘lgan. Keyin ayrim sabablar bilan u film taqiqqa tushib, ommaga namoyish etilmadi. O‘sha kino tufayli menda AQSH vizasi bor edi. U paytlarda bizda filmlar suratga olish deyarli to‘xtab qolgandi, teatrdagi maosh kam edi, inflatsiya kuchayib ketgandi. Bir tarafda farzandlarim katta bo‘lyapti, ularni o‘qitishim kerak edi. Shu kabi moliyaviy qiyinchiliklar sabab Amerikaga ketishga qaror qilganman, vizam borligi bir imkoniyat edi. AQSHda o‘z menimni sindirishimga to‘g‘ri kelgan. Men u yerda itdek ishlab, eshshakdek charchab, moldek uxlab tirikchilik qilganman (kuladi). Okean ortida yashamaganman, ishlaganman. U yerdagi hayotimga qaytishni xohlamayman.

Behzod Muhammadkarimov intervyu davomida “Shaytanat” va “Buyuk Amir Temur” filmlari, vaynerlar hamda boshqa mavzularda ham gapirdi. Intervyuning to‘liq variantini Afisha.uzning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov