"Qaytar dunyo"dan "Opa singillargacha": bolalikni yodga soluvchi 5 serial

E’lon qilingan sana· 2 371
"Qaytar dunyo"dan "Opa singillargacha": bolalikni yodga soluvchi 5 serial

Butun dunyo seriallarni onlayn platformalar orqali koʻrayotgan bir vaqtda koʻplab oʻzbek milliy seriallari hali hamon teleradiokanallarda efirga uzatilmoqda. Afsuski ularning koʻpchiligining nomini ham, qaysi kanalda berilayotganini ham eslab qolish qiyin. Toʻgʻri, 2020-yillarda bir nechta oʻzbek web-seriallari (“Maktab”, “Fara Tashkentskiy”, “Hello, oyijon”) premyera qilindi. Lekin bu biznes Oʻzbekistonda qoʻshni Qozogʻiston kabi rivojlanib ketmadi.

Bundan taxminan 10 yillar ilgari Oʻzbekistonda telekanallar ham, seriallar ham hozirgidan kam edi. Ushbu maqolada oʻsha davrda ishlangan va qaysidir ma’noda yoshlikni eslatadigan seriallar haqida gaplashamiz.

“Qaytar dunyo”

Oʻzbek kinematografiyasi uchun biroz noodatiy boʻlgan kriminal janrida ishlangan serial 2006-yilda ilk bor efir yuzini koʻrgan. 15 qismlik filmda xiyonat, yolgʻon, qasos kabi umuminsoniy mavzular orqali davr nafasi ochib berilgan. Serial oʻsha vaqtda oʻzbek telekanallaridagi koreys filmlari bilan yaxshi raqobat qila olgan.

Serial, shuningdek, 2023-yilda “Oltin Humo” mukofotining “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasida gʻolib boʻlgan Shodiya Abduqodirovani (Toʻxtayeva) kashf qilgani bilan ham yodda qolgan. U serialda Mashhura obrazini gavdalantirgan. Aktrisa oʻsha vaqtlarda unga Mashhura deb murojaat qiluvchilar koʻpayganini ta’kidlagandi.

“Umidingni soʻndirma”

“Oʻzbektelefilm” tomonidan “Yoshlar” telekanali buyurtmasiga binoan 2009-yilda suratga olingan 30 qismlik “Umidingni soʻndirma” seriali ham bu roʻyxatdan oʻrin olishga haqli. Filmda poyezdda ketayotgan vaqtda sogʻligi yomonlashgan ona 7 nafar bolasini yoʻqotib qoʻyadi. 7 nafar farzandning taqdiri 7 xil koʻrinish oladi.

Hozirgi kunda kinematografiyadan biroz chetlashgan Aziz Rametov, Madina Mumtoz kabi aktyor va aktrisalar aynan “Umidingni soʻndirma” serialida porlagan. Kumush Razzoqova va Jahongir Otajonov tomonidan serial uchun ijro etilgan saundtrek esa haligacha koʻpchilikning yodidan chiqmagan boʻlsa kerak.

“Mehmonjonlardan aylanay”

Erkin Xushvaqtovning “Mehmonjonlardan aylanay” asari asosida suratga olingan 15 qismlik serial Gʻarbda juda mashhur boʻlgan “sitkom” janrida boʻlib, yangi uyga koʻchib oʻtgan oilaning xonadoniga har kuni keladigan mehmonlar haqida hikoya qiladi.

“Mehmonjonlardan aylanay” avvalgi ikki serial kabi kriminal yoki drama janridagi jiddiy mavzularni oʻz ichiga olmasa ham, ajoyib komediya ekanligi bilan esda qolgan. Ushbu serialda bosh rollarni Hamid Toshpoʻlatov va Nodira Mahmudova ijro etgan. Aynan ushbu film aktyor va aktrisa uchun tashrif qogʻoziga aylangan deyish mumkin.

“Tutash taqdirlar”

2009-yilda efirga uzatilgan “Tutash taqdirlar” oʻzbek serialchiligida haqiqiy burilish boʻldi va yangi davrni ochib berdi. Zamira Begimqulova tomonidan suratga olingan serial roʻyxatimizdagi avvalgi seriallardan koʻproq 54 qismdan iborat.

“Tutash taqdirlar"da bir inson yoki bir oilaning emas, balki koʻplab insonlar taqdirlarining oʻzaro bogʻliqligi tasvirlangan. Jumladan, oiladagi munosabatlar, jamiyatning ba’zi kasb vakillariga boʻlgan munosabati va hech qachon eskirmaydigan muhabbat mavzulari serialda asosiy planda boʻladi.

2010-yillar atrofida ishlangan seriallarning deyarli hammasi tomoshabinlar yodida oʻz saundtreklari bilan ham qolgan. Shuhrat Daryo tomonidan serial uchun ijro etilgan “Tutash taqdirlar” qoʻshigʻi ajoyib desert vazifasini oʻtagan.

“Opa-singillar”

Zamira Begimqulova tomonidan suratga olinib, 2012-yilda premyera qilingan yana bir serial — “Opa-singillar”. Rejissyorning soʻzlariga koʻra, suratga olish jarayonlari 4 yil davom etgan. Serial 140 qismni tashkil qilsada oʻsha vaqtdagi tok-shoularning birida rejissyor bunga efir vaqti 40 daqiqa etib belgilanganini sabab qilib koʻrsatadi va agarda (oʻsha vaqtdagi seriallar tendensiyasi kabi) 60 daqiqa ajratilganda bu darajada koʻp qismli filmga aylanib ketmasligini ta’kidlagandi.

Serial, albatta, bir qator maishiy muammolarni koʻtargani bilan mashhurlikka erishadi. Masalan oʻgʻil farzand koʻra olmayotgan oila, qoʻshnilarning gap-soʻzlari tufayli sevganiga yetisha olmayotgan qiz, ota-onasi rayiga qarshi bora olmayotgan yigit vhk. “Opa-singillar” oʻz mashhurligiga erishgan vaqtlarda tomoshabinlar qahramonlar qiyofasida oʻz hayotini koʻrgani aniq.

Albatta, “Opa-singillar"da ham oʻzbek kinosi uchun yod boʻlib ketgan klishe mavzularni topish mumkin. Lekin qiziqarli tomoni shundaki serialda bunday voqealarga boshqa rakursdan nazar tashlangan. Masalan, ona oʻz oʻgʻlini vokzalda begona odamga tashlab ketgan epizodni olaylik. Bu holatni “Dada” filmida ham, “Zebuzar” serialida ham koʻrish mumkin, lekin “Opa-singillar"da ona oʻz bolasidan qutulishni maqsad qilmaydi, balki haqiqatdan ham poyezdga chiqishga ulgurmagani sabab undan ayriladi. Aynan shu voqea serialdagi burulish nuqtalardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari “Opa-singillar” xuddi Zamira Begimqulovaning avvalgi seriali “Tutash taqdirlar” kabi ajoyib saundtrek bilan eslanadi. Abzal Husanov tomonidan ijro etilgan qoʻshiq va “hayot goʻzal, yashamoq totli” soʻzlari sizni oʻsha davrga yetaklashi aniq.

Muallif: Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ