«Yangi O‘zbekiston yulduzlari» mukofoti g‘oliblari aniqlandi

E’lon qilingan sana· 14 204
«Yangi O‘zbekiston yulduzlari» mukofoti g‘oliblari aniqlandi

28-yanvar kuni “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbiri mazkur an’anaviy tadbirda qatnashib, reportaj tayyorladi.

Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, mukofotga madaniyat va san’at sohasining teatr, sirk, musiqa, raqs kabi yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan soha vakillari orasidan nomzodlar ko‘rsatilgan. Dastlab nomzodlar yil yakuni bo‘yicha ijodiy faoliyatida erishgan yutuqlaridan kelib chiqqan holda mukofot komissiyasi tomonidan saralangan. Shundan so‘ng, har bir nominatsiya bo‘yicha eng yaxshi 3 nafar nomzod tanlab olinib, “milliytanlov.uz” platformasi orqali keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan hamda eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodlar mukofotga tavsiya qilingan.

“Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblari ro‘yxati:

  • “Yilning eng yaxshi askiyachisi” — Mamasidiq Alixonov;
  • “Yilning eng yaxshi sirk artisti” — Yunus Boboqulov;
  • “Yilning eng yaxshi qo‘g‘irchoq spektakli” — “Cho‘pon afsonasi” spektakli (Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri);
  • “Yilning eng yaxshi badiiy filmi” — “O‘zbek qizi”;
  • “Yilning eng yaxshi spektakli” — “Layli va Majnun”;
  • “Yilning eng yaxshi teatr rejissyori” — Doston Xaqberdiyev;
  • “Yilning eng yaxshi teatr aktyori” — Azizbek Nazarimbetov;
  • “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi” — Shoxsanam Obloqulova;
  • “Yilning eng yaxshi aholiga xizmat qilgan kutubxonasi” — Surxondaryo viloyati Ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi (Xusan Islomqulov);
  • “Yilning eng yaxshi milliy madaniyat markazi” — O‘zbekiston qozoq milliy madaniyat markazi;
  • “Yilning eng yaxshi adibi (shoiri)” — Iqbol Mirzo;
  • “Yil kashfiyoti” — Zohidjon Jumanazarov;
  • “Yilning eng yaxshi an’anaviy ayol xonandasi” — Mohichehra Jumanova;
  • “Yilning eng yaxshi an’anaviy erkak xonandasi” — Eldorbek Maxsudov;
  • “Yilning eng yaxshi simfonik orkestri” — Milliy simfonik orkestri (Alibek Kabdurahmonov);
  • “Yilning eng yaxshi raqqosasi” — Moxina Ergasheva;
  • “Yilning eng yaxshi opera ijrochisi” — Aminzoda Jumaniyozov;
  • “Yilning eng yosh baxshisi” — Azamat Elmuratov;
  • “Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi” — Afruza;
  • “Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi” — Janob Rasul.

G‘oliblarga maxsus statuetka va sertifikat, rag‘batlantiruvchi nominatsiya egalariga sertifikat va sovg‘alar topshirildi. Vazirlikka ko‘ra, g‘oliblar bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

O‘nlab hit qo‘shiqlari bilan yoshu keksaning sevimli xonandasiga aylangan Janob Rasul eng ko‘p ovoz yig‘ib, “Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi” nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.

“To‘g‘risini aytsam, g‘olib bo‘lishimni sira kutmagan edim. Chunki nomzodim ovozga qo‘yilganini juda kech — bugun tushlik vaqtida eshitdim. Menga ovoz berib, qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarimga katta rahmat. Bunday mukofotlar ko‘p bo‘lishini xohlardim. Sababi bu kabi e’tiroflar ijodkorga ilhom va kuch beradi. Oldinlari „Yil qo‘shig‘i“, „Eng xit qo‘shiq“ kabi nominatsiyalarda g‘olib bo‘lganman. Lekin „Yil xonandasi“ sifatida ilk bor taqdirlandim. Buning mas’uliyati juda katta. E’tibor va e’tirof uchun minnatdorchilik bildiraman”, — deydi xonanda.

Taniqli yosh xonanda Afruza “Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

“O‘tgan yili ham huddi mukofotda nomzodim qo‘yilgan edi. Ammo nominatsiyada g‘olib bo‘lish nasib qilmagandi. Bu yil atrofimda meni yaxshi ko‘radigan do‘stlarim, hamkasblarim va muxlislarim borligini his qildim. Hammasi men uchun ovoz berib, qo‘llab turishdi. Mazkur mukofot menga motivatsiya beradi, har doim kuchli bo‘lishga, oldinda bo‘lishga va ko‘p ijod qilishga undaydi”, — deydi Afruza.

Fotosuratlar Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etildi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ