"Ichki xotirjamlik": Oʻzbek tilida premyera qilingan "Panda 4" multfilmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 34 895
"Ichki xotirjamlik": Oʻzbek tilida premyera qilingan "Panda 4" multfilmiga taqriz

Oʻzbekistonda “Kung-fu Panda 4” multfilmi oʻzbek tilida premyera qilindi. Bu kinoteatrlarda rasmiy ravishda namoyish etilgan ilk animatsion film boʻldi. Albatta, bunday tarixiy voqeani e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. Quyida dunyoga mashhur franshizaning navbatdagi qismi haqida gaplashamiz (ehtiyot boʻling, spoylerlar bor).

Syujet

Kung-fu Panda oʻziga voris tanlashi va Tinchlik vodiysining “ma'naviy sardori"ga, u tanlagan voris esa yangi “Ajdar jangchisi"ga aylanishi kerak edi. Ammo Po “Ajdar jangchisi” maqomini yoʻqotishni istamaydi. Bu vaqtda panda Chjen ismli oʻgʻri tulki bilan tanishadi. Ular birgalikda ruhlar olamidan Poning yovuz dushmanlarini qaytarmoqchi boʻlgan “Buqalamun” nomi bilan tanilgan yovuz sehrgarni toʻxtatish uchun sarguzashtga otlanadi.

Panda haqidagi multfilmlarning toʻrtinchisida ham, xuddi avvalgilari kabi, qahramonning ruhiy yetuklikka erishishdagi yoʻliga e’tibor beriladi. Bunda biz ancha avval tanigan va yaxshi koʻrgan pandaning qariyotganini sezish mumkin.

Afsus-ki, syujet originallikdan yiroq. Aslida dushman tarafida boʻlib chiqadigan doʻst personaji, antogonist barcha yovuz qahramonlarning kuchini oʻzida jamlashga harakat qilishi va asosiy dushmanga qarshi birlashish kabi voqealar Panda haqidagi avvalgi multfilmlarni ham eslatib yuboradi.

Poning panda qiyofasiga kirib olgan buqalamunga (oʻziga) qarshi jang qilish sahnasini “Ajdar jangchisi” haqidagi “Ajoyib afsonalar” serialida uchratish mumkin. Oʻz oʻrnini vorisga topshirish gʻoyasiga esa avvalroq Chaqmoq Makvin haqidagi multfilmning uchinchi qismida duch kelganmiz. Multfilmda bunday oʻxshashliklar talaygina.

Personajlar

Ushbu multfilmda Poni asrab olgan otasi janob Ping va haqiqiy otasi panda Liga koʻproq vaqt berilgani qiziqishni oshirdi. Lekin “Kung-fu Panda 4"dagi asosiy antogonistni tanlashda avvalgi multfilmlar darajasiga ham chiqa olinmaganini ta’kidlash lozim. Masalan, “Kung-fu Panda 3"dagi antogonist Kay xuddi uni yengish imkonsizdek tasvirlangan va tomoshabinni qoʻrquvda ushlab tura olgan. Buqalamunda esa bu umuman koʻzga tashlanmadi.

Shuningdek, “Kung-fu Panda 4"da franshiza muxlislari uchun sevimli qahramonga aylangan Tay Lunning qaytishiga guvoh boʻldik. Treylerda unga katta e’tibor qaratilgandi, ammo multfilmda unga katta vaqt ajratilmagan. Ba’zilar buni marketing sifatida ham baholamoqda.

Pandaning doʻstiga aylangan Chjen obrazi “Hayvonlar shahri” multfilmini eslatib yuboradi. Afsus-ki, Po haqidagi multfilmlarning ilk qismidan bizga tanish boʻlgan qahramonlar Ustoz Shifu va kuchli beshlikka e’tibor borgan sari kamayib bormoqda. Kuchli beshlikning “Kung-fu Panda 4” asosiy syujetida koʻrinish bermagani koʻngil qolishiga sabab boʻldi.

Dublyaj

Multfilm oʻzbek tilida premyera qilinganidan keyin kartina dublyaji muhokamalar markazida boʻlmoqda. “Ajdar jangchisi” haqidagi avvalgi uchta filmda qahramonlarga ovoz bergan dublyaj aktyorlari toʻrtinchi qismni ovozlashtirishda ishtirok etmagan. Poga ham Elbek Mirzohidov ovoz bermagan. Lekin bunga katta muammo sifatida qarab boʻlmaydi. Dublyaj multfilm avvalida 5−10 daqiqa erish tuyilishi mumkin, ammo keyinchalik oʻzgarishlar sezilmaydi.

Bundan tashqari agar siz hozirgi kunda telekanallarda efirga uzatiladigan Kung-fu Panda haqidagi seriyali multfilmlarni tomosha qilsangiz ham ushbu dublyaj jamoasiga duch kelasiz. Shuningdek, “Kung-fu Panda 4” multfilmini ovozlashtirishda bir qator tajribali dublyaj ustalari ishtirok etgan. Jumladan, Afzal Rafiqov ustoz Shifuga, Farhod Abdullayev janob Pinga, Abduhalil Mignorov pandaning haqiqiy otasi Liga ovoz bergan.

Animatsion film davomida faqat oʻzbek tiliga xos boʻlgan hazillar va oʻzbekcha ismlar uchraydi. Quvonarli tomoni bu umumiy kartinani buzmaydi va siz uyalishni his qilmaysiz.

Xulosa

Dunyoga mashhur boshqa franshizalarda, koʻpincha aynan toʻrtinchi qismga kelib pasayish kuzatiladi. Toʻgʻri, “Kung-fu Panda 4” ham bir martalik multfilm boʻlishi mumkin, ammo Panda haqidagi animatsion filmlar darajasani ushlab qola oldi deya olamiz. Po hali hanuz oʻz janglari, hazillari va yoqimli ahmoqliklari bilan muxlislarni hursand qilishda davom etmoqda.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov