“Kung fu Panda 4” o‘zbek tilida — “Yangi Po” bilan suhbat

E’lon qilingan sana· 9 808
“Kung fu Panda 4” o‘zbek tilida —  “Yangi Po” bilan suhbat

Bir necha kun oldin O‘zbekistonda ilk marotaba “Kung fu Panda 4” multfilmi rasman o‘zbek tilida premyera qilindi. Ushbu multfilm O‘zbekistondagi kinoteatrlarda o‘zbek tilida namoyish etilgan xorij filmlari ichida “Akvamen"dan keyin ikkinchi bo‘ldi. Ushbu multfilmda avvalgilardan farqli o‘laroq, boshqa dublyaj jamoasi ishladi. Ilk bor rasman tarjima qilingan multfilmda Poga oldingilaridek Elbek Mirzohidov emas, Badriddin Husniddinov ovoz berdi.

Badriddin Husniddinov ish jarayonida (“Panda” emas) aktyor Behzod Muhammadkarimov va dublyaj artisti Laziza Azizzoda bilan. Foto: Instagram

Afisha.uz bosh qahramonni ovozlashtirgan dublyaj aktyori Badriddin Husniddinov bilan “Kung fu Panda 4” dublyaj ishlari qanday kechgani haqida qisqa suhbat uyushtirdi.

Dublyaj jamoasi haqida ozroq ma’lumot bersangiz: kimlar ishladi bu loyihada?

— Umumiy dublyaj jamoasi haqida gapiradigan bo‘lsam, tanishtirib o‘taman: dublyaj rejissyori — Komil Tursunboyev, tarjimon — Nodira Islomova, sinxron matn muallifi — Marhabo Nasriddinova, supervayzer — Judi Tol, loyiha menejeri — Anna Atayan.

Dublyajda artistlardan:

  • Po — Badriddin Husniddinov, kamina;
  • Chjen — Gulruh Pirnazarova;
  • Buqalamun — Laziza Azizzoda;
  • Janob Ping — Farhod Abdullayev;
  • Janob Li — Abduhalil Mingnarov;
  • Shifu — Afzal Rafiqov;
  • Taylung — Qahramon Haydarov;
  • Qobon buvi — Huvaydo Jumayeva;
  • Xan — Sanjar Sattorov;
  • Baliq — Hamza Hasanov.

Yuqoridagi faqatgina asosiy qahramonlarning ro‘yxati. Bundan tashqari, qolgan personajlarning har biriga bittadan aktyor ovoz berdi. Ular 19 nafar edi, tepadagi aktyorlar bilan qo‘shib hisoblaganda, umumiy 28 kishi ovoz berdi bu multfilmga.

Badriddin Husniddinov. Foto: shaxsiy arxividan.

Filmdagi bosh qahramonga aynan siz ovoz bergansiz. Bu qanday sodir bo‘ldi? Dublyajga artistlarni tanlov asosida olishganmi?

— Bundan oldin “Aqlvoy” telekanalida “Kung fu Panda” serialida Poga ovoz bergandim. Birinchi marta ishlashim edi. Ko‘rishgan ekan, chaqirishdi. Kirib, birinchi aytgan gapim shu bo‘ldi: “Buning asosiy egasi Elbek Mirzohidov, u inson ovoz bersinlar”. Shunday desam, bu kasting ekani, ovozimni ikkinchi-uchinchi variant sifatida yuborishlarini aytishdi. Xo‘p deb kichik bir qismiga ovoz berdim.

2−3 kundan keyin javob keldi, “Dream Works” kompaniyasi aynan sizni ovozingizni tanlab oldi, deb aytishdi. Tanlangan ekan, demak nasib qilgan ekan, deb borib, rejissyor bilan boshidan-oxirigacha ko‘rib chiqib, matn bilan tanishib, uch kun mobaynida yozildi bu film.

Shu paytgacha odamlar Pandani Elbek Mirzohidov ovozida tanigan. 4-qism sizning ovozingiz bilan chiqqanidan keyin odamlar uni qanaqa qabul qildi?

— Birinchi navbatda multfimlning biz ovoz bergan versiyasi tizeri chiqdi. U internetda aylanishni boshlangandan keyin “Elbek akani ovozi yaxshi edi”, degan fikrlar bo‘ldi. Bu narsaga e’tiroz yo‘q, azaldan Elbek Mirzohidov ovoz berib kelganlar, boshida ham ta’kidlab o‘tdim, ular asosiy egasi. Lekin bu safargisi menga nasib qilgan ekan, buni kinoteatrdagi, premyerani ko‘rishganidan keyin fikrlar o‘zgardi. Ya’ni o‘zim ham tomoshabin sifatida premyeraga tushganimdan keyin odamlarning fikrini jonli tarzda o‘sha yerda eshitdim, iliq fikrlar, yaxshi fikrlarga o‘zgargan salbiy fikrlar.


Elbek Mirzohidov. Skrinshot: YouTube.

Baribir tizer boshqa, tayyor mahsulotni ko‘rgan boshqa. Chunki uning aktyorlik mahoratida o‘ynab yuborish yoki “наигрыш"qilish, ko‘paytirib yuborish, ovozning baland-pastlariga qarash masalasida dublyaj rejissyori bilan shoshmasdan ishlandi. Matnni lablashtirish masalasida ham ko‘rib chiqib, alohida xodim ishlagan. Aynan ko‘z qarashidan tortib, mimikasi va labi ochilib-yopilishigacha shoshmasdan ishlandi.

Agar texnik va aktyorlik mahorati jihatidan qaraladigan bo‘lsa, ko‘pincha odamlar keyinchalik tushunishi mumkin. Azaldan ovoz berib kelgan odam to‘satdan o‘zgargani uchun boshida g‘alati tuyuladi, lekin filmni to‘lig‘ini ko‘rishni maslahat berardim.

Tarmoqlarda “Panda 4"ni o‘zbek tiliga moslashtirishgani haqida ko‘p yozishdi. Masalan, “…yo pirim”, “Laziz”, “Sardor”, shunga o‘xshash mahalliylashtirilgan joylari bor. “DreamWorks” bunga qanday munosabatda bo‘ldi?

— “DreamWorks” bunga yaxshi munosabatda bo‘ldi. Chunki o‘zbek mentalitetiga mos, tanish bo‘lgan so‘zlar yoki ismlar ishlatilsa yanada qiziqroq bo‘ladi, degan fikrda to‘xtaldi. Aynan imkon qadar bachkana qilmasdan, faqat joyi kelganidagina ishlatildi, xolos. Shu ta’sir qilibdi, odamlarga yetib boribdi va shu narsasini eslab qolishibdi. Demak yaxshi joyini topib, nuqtasiga urilgan.

Yana yaqin orada chiqadigan birorta shunday katta loyiha ustida ishlayapsizmi?

— Yo‘q, yaqin orada biror bunday katta loyihada ishlamayapman, chunki hozir Istanbulda ta’tildaman.


Biz Badriddin Husniddinovdan multfilm dublyaj jarayonidan rasmlar so‘raganimizda har bir aktyor “DreamWorks” kompaniyasi bilan shartnoma tuzgani, unda multfilmni rasmiy relizdan oldin beriladigan variantini tarqatganlik uchun javobgarlik bandi kiritilganini aytib o‘tdi. Ya’ni ularga dublyaj xonasida hech qanday kadr olish mumkin bo‘lmagan. “Shundan ham bilib olsangiz bo‘ladi qanchalik jiddiy tarzda ishlanganini”, — deb qoʻshimcha qiladi u.

Ma’lumot uchun, Badriddin Husniddinov bundan avval “Pishloq yomg‘iri”, “Transilvaniya mehmonxonasi”, “Jahldor qushlar 2” kabi multfilmlarda ham personajlarga ovoz bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afisha.uz muharriri Azimbek Xushmamatov “Kung Fu Panda 4” multfilmiga taqriz yozgandi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov

Кунг-фу Панда 4

Кунг-фу Панда 4
Original nomi
Kung Fu Panda 4
Janr
multfilm, komediya, oilaviy, sarguzashtlar, jangari, fentezi
Vaqt
94 daqiqa / 1:34
Premyera
7-mart 2024 (O‘zbekiston) / 6-mart 2024 (Jahon)
Reyting
IMDB 6.3Kinopoisk 6.7
Yosh
  • PG
Rejissyor
Mayk Mitchell, Dzhoyel Krouford, Stefani Stayn
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ