"Qirolichaning yurishi"dan "Chernobil"gacha. Dam olish kunlari koʻrish mumkin boʻlgan mini-seriallar

E’lon qilingan sana· 355
"Qirolichaning yurishi"dan "Chernobil"gacha. Dam olish kunlari koʻrish mumkin boʻlgan mini-seriallar

Oʻzbekistonliklar 21-mart kunidan boshlab 4 kun dam oladi. Ushbu kunlarni maroqli oʻtkazish uchun filmlar va seriallar ayni muddao hisoblanadi. Afisha.uz avvalroq oʻzbek filmlari, diktatorlar haqidagi kinokartinalar hamda gangsterlar va mafiyalar haqidagi eng yaxshi kinolar haqida jamlanmalarni e’lon qilgandi.

Bu toʻplamda esa qisqa vaqt ichida koʻrib chiqish mumkin boʻlgan mini-seriallar haqida soʻz boradi.

“Chernobil”

1986-yilda sodir boʻlgan Chernobil atom elektro-stansiyasining portlashi voqealari serial sifatida ishlangan. Serial chuqur depressiyaga solib qoʻyishi mumkin, ammo yolgʻon va haqiqatning hayotdagi oʻrnini yana bir bor yaxshiroq anglashga yordam beradi

Sinopsis: Real voqealarga asoslangan serial tarixdagi eng dahshatli ofatlardan biri boʻlgan 1986-yilgi atom elektro-stansiya haqidagi hikoya Yevropani dahshatli ofatdan qutqarish uchun aql bovar qilmaydigan qurbonliklar qilgan jasur erkaklar va ayollar haqida hikoya qiladi.

Qismlar soni: 5 ta

“11.22.63”

Vaqt boʻylab sayohat qiluvchi qahramonlar haqidagi seriallar doim qiziqishni uygʻotgan. Ayniqsa u mashhur yozuvchi Stiven King qalamiga mansub asar asosida suratga olingan boʻlsa.

Sinopsis: Film Amerika Qoʻshma Shtatlarining 35-prezidenti Jon Kennedining oʻldirilishining oldini olishga urinayotgan vaqt sayohatchisi haqida soʻzlaydi.

Qismlar soni: 8 ta

“Ueyn”

Qora yumorni yoqtiradiganlar uchun ajoyib serial. Oʻsmirlar oʻrtasidagi muhabbat mavzusi doim qiziqarli boʻlgan. Ba’zi narsalarni eslatib yuborishi ham mumkin.

Sinopsis: Serial marhum otasining o‘g‘irlab ketilgan mashinasini qaytarish uchun sevib qolgan qizi bilan mototsiklda sayohatga chiqqan o‘smir haqida hikoya qiladi.

Qismlar soni: 10 ta

“Beef” (Грызня)

“Beef” 2023-yilda premyera qilingan va mini-seriallar uchun beriladigan deyarli barcha mukofotlarni oʻziniki qilib olgan. Juda uzoq tarixga ega boʻlgan kambagʻallar va boylar oʻrtasidagi kurash guvohiga aylanishni xohlasangiz ushbu serialni tavsiya qilinadi.

Sinopsis: Bir-birini tanimaydigan odamlar mashinalar toʻxtash joyida janjallashib qoladi. Ularning biri boy, lekin baxtsizlikni his qilayotgan ayol. Ikkinchisi esa pulsizlikdan qiynalib oʻzini oʻldirish haqida o‘ylab yurgan erkak. Ushbu mojara ularning hayotiga ma’no olib kiradi, endi ular baxtsizkni unutib, dushmanini imkon qadar baxtsizroq qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qila boshlaydi.

Qismlar soni: 10 ta

“Qirolicha yurishi”

Netflix tomonidan suratga olingan “Qirolicha yurishi” seriali undan bir necha yil oldin katta mashhurlikka erishgandi. Agar oʻsha vaqtdagi hayp sabab koʻrishdan bosh tortgan boʻlsangiz va keyinchalik yodingizdan koʻtarilgan boʻlsa, hozir ushbu mini-serialni koʻrishning ayni vaqti. Serial bosh qahramon rolini ijro etgan Anya Teyloj-Joyga shon-shuhrat olib kelgani bilan ham ajralib turadi.

Sinopsis: “Qirolicha yurishi” hissiy muammolar, giyohvandlik va spirtli ichimliklarga qaramlik bilan kurashgan holda dunyoning eng buyuk shaxmatchisi boʻlishga intilayotgan yetim shaxmatchi Bet Harmon haqida hikoya qiladi.

Qismlar soni: 7 ta

“ZeroZeroZero”

AQShdagi biznesmen oila, Italiya mafialari va Meksika narkokartellari. Bularning har biri haqida alohida seriallar ishlasa boʻladi. Lekin “ZeroZeroZero” ularning barchasini bir yerga yiqqan.

Sinopsis: Serial katta narkotik partiyasining Meksikadan Italiyaga olib ketilishi haqida. Uni tashish uchun nafaqat millionlab yevro, balki dunyoning turli qit’alarida son-sanoqsiz inson hayoti bilan ham toʻlashga toʻgʻri keladi.

Qismlar soni: 8 ta

“Kaminaning oilasi”

“Yoshlar” telekanalida namoyish etilgan va koʻpchilikning yodida qolgan kichik serial. Agar nostalgiya kayfiyatida yurgan boʻlsangiz yoki Rixsitilla Abdullayev va Dilnoza Kubayeva ijrosidagi shedevrni hali ham koʻrmagan boʻlsangiz bu dam olish kunlari serialni tomosha qilish uchun yaxshi imkoniyat boʻla oladi.

Sinopsis: Serial har xil holatlar sabab noqulay vaziyatlarga tushib qoladigan oila haqida hikoya qiladi.

Qismlar soni: 8 ta

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ