"Interstellar"dan "Gravitatsiya"gacha: Kosmos haqidagi eng yaxshi filmlar

E’lon qilingan sana· 556
"Interstellar"dan "Gravitatsiya"gacha: Kosmos haqidagi eng yaxshi filmlar

Bugun, 21-may kuni turli davlatlarda Xalqaro kosmos kuni nishonlanmoqda. Afisha.uz ushbu kun munosabati bilan kosmos haqidagi eng mashhur filmlarni bir yerga jamladi.

“Interstellar” (Interstellar)

Jamlanmani kosmos haqidagi eng mashhur filmdan boshlaymiz. Kristofer Nolan tomonidan suratga olingan kinokartina koʻplab reytinglarda yuqori oʻrinlarda turadi.

Sinopsis: Oʻsimliklar nobud boʻlayotgan va chang boʻronlari davom etayotgan Yer sayyorasidan koʻra yashash uchun qulayroq boʻlgan joyni topish vazifasi yuklatilgan ekipaj koinotga joʻnaydi.

Tomosha qilish.


“Marsda yolgʻiz” (The Martian)

Turli mavzularda film ishlagan rejissyor Ridli Skott tomonidan suratga olingan kinokartinada bosh rolni Mett Deymon ijro etgan. “Marsda yolgʻiz” eng yaxshi film nominatsiyasida Oskarga ham nomzodi qoʻyilgan.

Sinopsis: “Ares 3” ekipaji yaqinlashib kelayotgan qum boʻroni tufayli zudlik bilan Marsni tark etishga majbur boʻldi. Qum boʻroni vaqtida muhandis va biolog Mark Uotning skafandriga shikast yetadi. Missiya xodimlari uni oʻlgan deb hisoblab, yolgʻiz qoldiradi.

Tomosha qilish.


“Yulduzlar tomon” (Ad Astra)

Yana bir kosmos haqidagi film va yana bir kinoyulduz. 2019-yilda premyera qilingan filmda bosh rolni Bred Pitt ijro etgan. Agar “Interstellar” va “Marsda yolgʻiz"ni koʻrgan boʻlsangiz, Xalqaro kosmos kunini oʻtkazish uchun “Yulduzlar sari” ayni muddao boʻladi

Sinopsis: Armiya korpusi muhandisi 20 yil avval yerdan boshqa sivilizatsiyalarni izlashga ketgan otasini qidirib, galaktika boʻylab sayohat qiladi.

Tomosha qilish.


“Oydagi odam” (First Man)

Albatta, kosmos haqidagi filmlar orasida biografik film boʻlmasa gʻalati boʻlardi. Ushbu film Oyga birinchi boʻlib qadam qoʻygan kosmonavt Nil Armstrong hayoti haqidagi kitob asosida suratga olingan. Rejissyor — Damien Shazel.

Sinopsis: Taqdir jasur odamlarni yaxshi koʻradi. Nil Armstrong ham ulardan biri hisoblanadi. Butun dunyo uning ismini biladi, lekin insoniyat uchun katta sakrashga sabab boʻlgan bu kichik qadamni kosmonavt nimalar evaziga tashlaganini koʻpchilik ham bilmaydi.

Tomosha qilish.


“Kosmik Odisseya 2001” (2001: A Space Odyssey)

“Kosmik Odisseya 2001” 1968-yilda mashhur rejissyor Stenli Kubrik tomonidan ilmiy-fantastik janrida suratga olingan. Kinokartinaga jahon kinosining rivojlanishiga sabab boʻlgan tarixiy film sifatida qaraladi. Film Artur Klarkning 1951-yilda nashr etilgan “Qo‘riqchi” nomli hikoyalari va uning boshqa asarlari asosida yaratilgan.

Sinopsis: “Diskaveri” kosmik kemasi ekipaji — kapitanlar Deyv Boumen, Frenk Pul va ularning bort kompyuteri HAL 9000 — galaktikani oʻrganishi va nima uchun oʻzga sayyoraliklar Yerni kuzatayotganini tushunishi kerak. Bu yoʻlda ular koʻplab kutilmagan holatlarga duch keladi.

Tomosha qilish.


“Gravitatsiya” (Gravity)

“Gravitatsiya” 2013-yilda eng yaxshi rejissyor nominatsiyasida Oskar yutgani ham filmni tomosha qilish uchun katta turtki boʻla oladi. Alfonso Kuaron kosmos haqidagi shedevrlar sonini yana bittaga oshirgan deyish mumkin.

Sinopsis: Tibbiyot muhandisligi sohasidagi ajoyib mutaxassis doktor Rayan Stoun faxriy astronavt Mett Kovalski qoʻl ostida oʻzining birinchi kosmik missiyasini yuboradi. Bu Kovalskining nafaqaga chiqishidan oldingi soʻnggi parvoz hisoblanadi. Ammo odatdagidek tuyulgan ish paytida, falokat yuz beradi.

Tomosha qilish.


“Galaktika qoʻriqchilari” (Guardians Of The Galaxy)

Yuqorida keltirilgan filmlarning barchasi drama yoki melodrama janrida boʻlib, jiddiy kinolar hisoblanadi. “Galaktika qoʻriqchilari” esa Marvel kompaniyasiga tegishli boʻlib, komediya janrida suratga olingan. Jeyms Gann filmi Marvel kinoolamiga kiradi. Filmning uchchala qismini ham tomosha qilish tavsiya etiladi.

Sinopsis: Jasur sayohatchi Piter Kvil koinotni egallash uchun rejalar tuzayotgan kuchli va shafqatsiz yovuz Ronanga tegishli boʻlgan sirli artefaktni qoʻliga kiritadi.

Tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov