5 soatdan ortiq depressiya: "Chernobil" serialiga taqriz

E’lon qilingan sana· 4 745
5 soatdan ortiq depressiya: "Chernobil" serialiga taqriz

HBO kanali Britaniyaning “Sky” televizion tarmogʻi bilan birgalikda 2019-yilda tarixiy drama janridagi “Chernobil” mini-serialini taqdim etgan. 5 qismdan iborat boʻlgan va umumiy hisobda 5 soatdan oshiqroq davom etadigan serialda XX asrning fojiaviy voqealaridan biri “Chernobil” AESining portlashi haqida hikoya qilinadi. Afisha.uz ushbu serial boʻyicha taqrizni taqdim etadi.

Tarixiy haqiqatlar va xatolar

“Chernobil” seriali ssenariy muallifi va serial yaratuvchisi Kreyg Meyzin ishga kirishishdan oldin ikki yarim yil davomida arxiv materiallarini oʻrganish bilan shugʻullangan. U mini-serial orqali keng auditoriyaga Chernobil fojiasi haqida soʻzlash, yolgʻon va propaganda kabi muammolar qanday oqibatlarga olib kelishini koʻrsatishni xohlagan.

Albatta, mini-serial tarixiy voqealarning quruq hikoyasi boʻlib qolmasligi uchun Meyzin badiiylik qoʻshishga harakat qilgan. “Chernobil"da tarixiy shaxslar bilan bir qatorda, toʻqima qahramonlar ham mavjud. Ularning asosiysi Ulyana Xomyak boʻlib, u bosh qahramon professor Legasovga haqiqatni yuzaga chiqarish uchun yordam bergan olimlarning umumlashtirilgan obrazi hisoblanadi.

Serial yaratuvchisi voqealar yuzasidan amerikancha versiyani ilgari suradi va bu sovetcha versiyadan bir muncha farq qiladi. Tarixiy davr va ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan boʻlsak, versiyalar bir-biridan tubdan farq qilishi aniq. Serialda ham aynan yolgʻonlar qanday oqibatlarga olib kelishi namoyish etilgan.

Serial syujeti

“Chernobil"ning birinchi qismi “1:23:45” deya nomlanadi. Bu ayan Chernobil AESida portlash boʻlgan vaqtdir. Ilk qismda portlashdan ikki kun avvalgi voqealar namoyish etiladi. Unda olimlardan biri AES xavfli holatda ekani va u portlashi mumkinligidan ogohlantiradi. Biroq AES ishlashda davom etadi va barchamiz biladigan voqea sodir boʻladi.

Serialning asosiy qismida portlashdan keyingi voqealar koʻrsatilgan. Asosiy personajlar — professor Valeriy Legasov va vazir Boris Sherbina. Aholini qanday evakuatsiya qilingani, maydon radiatsiyadan qanday tozalangani, fojiaga hukumatning reaksiyasi, yolgʻonlar fojiani bartaraf etishda qanchalik halal bergani, shular jumlasidan.

Shuningdek, soʻnggi qismda Chernobil AES portlashi boʻyicha sud jarayoni va undan keyin professor Valeriy Legasovning hayoti qanday tus olgani koʻrsatiladi.

Fojia masshtabi

“Chernobil” seriali koʻp savollarga javob bermasa ham, tomoshabinni sovet xalqi oʻsha vaqtda boshidan kechirgan barcha dahshatlar va nochorliklarini his qilishga, millionlab odamlarni oʻldirishi va sayyoramizning holatini abadiy oʻzgartirishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisani chuqurroq his qilishga undaydi.

Serial qahramonlarning boshidan kechirayotgan ogʻriqlari, AES portlagan maydonda yuz berayotgan hodisalar, minglab chaqirim naridagi odamlarning hayoti mana shu hodisa oqibatida oʻzgargani orqali fojia masshtabini koʻrsatadi.

Shunga qaramasdan “Chernobil"da nafaqat fojia, balki umuminsoniy qadriyat boʻlgan yolgʻonning inson hayotidagi, jamiyat hayotidagi oʻrni koʻrsatiladi. Serialda aytilgandek siz haqiqatni xohlagancha yashirishingiz mumkin, lekin u yoʻq boʻlib qolmaydi. Qachondir paydo boʻladi va jazolaydi.

Chernobil AES portlaganidan keyin zarar miqdorini ham yashirish boshlanadi va bu yolgʻonlar boshqa davlatdan yordam uchun yuborilgan robotni ishdan chiqishiga sabab boʻladi.

Umuman olganda serial davomida yolgʻon darajasi oddiy odamlar orasidagi yolgʻondan tortib, hukumat darajasidagi yolgʻonlargacha koʻtarilib boradi. Va bu uchun barcha jazolanadi.

“Vasiliy Ignatenko kim ekanini bilasizmi? U portlashdan ikki hafta oʻtib vafot etgan oʻt oʻchiruvchi edi. Men uning beva ayolini uchratdim, u farzandini dunyoga keltirdi. Qizaloq faqatgina toʻrt soat yashadi. Shifokorlar, agar ona homilador boʻlmaganida vafot etgan boʻlar edi, dedi. Bola barcha radiatsiyani oʻziga olgan. Bola! Biz bolalar onalarini qutqarish uchun oʻlishi kerak boʻlgan mamlakatda yashayapmiz”. Aynan shu soʻzlar orqali personajlardan biri professor Legasovni butun dunyo oldida haqiqatni aytishga undaydi.

Xulosa

Nafaqat serial, balki umumiy xulosa chiqarish talab etiladi. “Chernobil” koʻplab tarixchilarning va vatanparvar rossiyaliklarning tanqidlari ostida qolgan. Ammo XX asrning eng katta fojialaridan biri haqidagi 5 soat davom etadigan va chuqur qaygʻuga soladigan serialdan asosiy maqsad tarixiy haqiqatga da’vo qilish boʻlmagan.

Serial eng avvalo tizimning qanchalik chiriganini (buni AES ichkarisidan olingan kadrlarda koʻrish mumkin) va yolgʻonning oqibatlarini koʻrsatishni niyat qilgan. Serialni koʻrish davomida esa ijodkorlar oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarining uddasidan chiqqaniga amin boʻlasiz.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ