Pavilionda suratga olingan film: Toshkentda “Bahodir Yalangto‘sh”ning maxsus taqdimoti bo‘lib o‘tdi

E’lon qilingan sana· 2 086
Pavilionda suratga olingan film: Toshkentda “Bahodir Yalangto‘sh”ning maxsus taqdimoti bo‘lib o‘tdi

30-may kuni poytaxtdagi Kinochilar uyida “Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy-badiiy filmining maxsus premyerasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi mas’ullari, xususan, prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva, turli vazirlik va idoralar mutasaddilari, kino ijodkorlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Afisha.uz muxbiri ham taqdimotda qatnashib, film rejissyori va aktyorlar bilan suhbatlashdi.

“Bahodir Yalangto‘sh” filmida Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangto‘shning hayot yo‘li va faoliyati hikoya qilinadi. Kartinada asosan, Yalangto‘shning mohir harbiy sarkardaligi hamda uning saroyida bo‘ladigan fitnalarga urg‘u berilgan.

Filmda Behzod Muhammadkarimov, Boir Xolmirzayev, Tohir Saidov, Habibulla Nizomov singari taniqli aktyorlar bilan bir qatorda san’atga sohasiga endigina kirib kelgan yosh aktyorlar ham rol ijro etgan. Rejissyorning yosh aktyorlarga ishonib, tarixiy rol topshirishi alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, filmda qozoq va qirg‘iz kino ijodkorlarni ham ko‘rish mumkin.

Afisha.uz muxbiri film rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Jahongir Ahmedovga “Bahodir Yalangto‘sh"ga oid qator savollar bilan yuzlandi.

— Jahongir aka, bosh rolni, ya’ni Bahodir Yalangto‘shni nima sababdan sportchi va aktyor Habibulla Nizomov ijro etgani ko‘pchilikka qiziq. Boshqa nomzodlar ham bor edimi?

— Bosh qahramon uchun kasting o‘tkazganmiz. Ochig‘ini aytishim kerak, bu rolga Behzod Muhammadkarimov ham nomzod edi. Keyinchalik unga Imomqulixon rolini topshirishga qaror qildik. Chunki Behzod akadan boshqa bu rolni o‘ynaydigan munosib aktyor chiqmadi. Yalangto‘sh ishtirokidagi jang sahnalari ko‘pligi, u gavdali bo‘lishi va to‘shini ochib, jang qilishi shartligi uchun mazkur rolni Habibulla Nizomovga topshirdik. U rolini maromiga yetkazib o‘ynay oldi, tomoshabinlar ham shunday baho beradi, nazarimda.

— Syomka jarayonlari qayerlarda bo‘lib o‘tdi, buning uchun qancha muddat ketdi?

— Film to‘liq “O‘zbekfilm” kinokonsernining yangilangan panoramali pavilonida suratga olindi, tashqariga chiqqanimiz yo‘q. Bugungi taqdimotga uch yilu ikki oy deganda yetib keldik. Tayyorgarlik va ssenariy yozish jarayoniga bir yil ketdi. Yana bir yil davomida kostyumlar va dekoratsiyalar ustida ishladik. Suratga olish va montaj ishlariga ham shuncha vaqt sarflandi.

— Filmda qirg‘iz aktrisa va qozoq aktyorining ijrosini ham ko‘rdik. Ular qay tariqa tanlab olindi?

— Ikkisi ham o‘z yurtida juda mashhur, ular ham kasting asosida qabul qilindi. Agar e’tibor bersangiz, men kinolarimda eksperiment qilishdan qo‘rqmayman: yangi yoki ommaga u darajada tanish bo‘lmagan chehralarni olib chiqishga harakat qilaman. Bu filmda ham bir qancha o‘zbek yosh aktyorlarini kashf qildik. Masalan, Yalangto‘shning o‘g‘li Boy bek rolini o‘ynagan aktyor ham ilk rolini yaxshi o‘ynadi, deb o‘ylayman. O‘zbek kinosiga mana shunday aktyorlarning kirib kelishi albatta, quvonarli holat.

— Filmda jang sahnalaridan tashqari, saroydagi fitnalar ham asosiy planga olib chiqilgan. Zaldagi tomoshabinlar ham fitnalar jarayonidagi qahramonlar aytgan gaplar va ularning hatti-harakatiga ko‘proq qarsak chalganiga guvoh bo‘ldim. Saroy atrofidagi o‘yinlarga nima sababdan ko‘proq urg‘u berdingiz?

— Filmni suratga olishdan avval jahon tajribasini juda ham yaxshi o‘rgandik. So‘nggi muvaffaqiyatli tarixiy filmlarning deyarli barchasini ko‘rib chiqdik, ya’ni rejissyorlar qanday qilib, o‘sha davrni va tarixiy qahramonni tomoshabinga singdira olayotganiga qiziqdik. Chet el tajribasini o‘rganishga bir yil vaqt ketdi. Ssenariyni dunyo filmlari andozasidan kelib chiqib, shoshilmasdan yozdik. Kartinada o‘sha davr ruhini berish uchun jang sahnalari va fitnalarni uyg‘unlashtirdik. Qahramon o‘z qahramonligini qachon namoyon etadi? Albatta, kurashlarda. Jang maydonidan keyingi kurashlar ham tomoshabinda qiziqish paydo qiladi, deb o‘ylayman va biz shu sababli buni aks ettirishga qaror qildik.

— Film qachondan boshlab kinoteatrlarda qo‘yiladi?

— Hozir aniq sanasini ayta olmayman, lekin yaqin kunlarda albatta, keng ommaga havola qilinadi. Agar tomoshabinlar o‘zbek kinosining yanada rivojlanishi, dunyoga chiqishini xohlasa, bu filmni kinoteatrlarda ko‘rishi kerak. Chunki film xarajatlariga sarflangan mablag‘ qaytsa, keyingi filmlarimiz uchun dunyoga mashhur aktyorlarni olib kelish imkonimiz bo‘ladi. “Bahodir Yalangto‘sh"ni viloyatlarda ham namoyish qilishni rejalashtirganmiz. Olis qishloqlarga borib, ko‘chma kinoteatrlarda yurib, xalqimizga shu filmni qo‘yish va taniqli aktyorlar bilan uchrashuvlar uyushtirish maqsadim bor.

Habibulla Nizomov, Bahodir Yalangtosh roli ijrochisi:

— 2017-yilgacha ishlangan o‘zbek kinolarida ko‘proq millatimiz bir buzg‘unchi qilib ko‘rsatilgan. “Bahodir Yalangto‘sh"da esa xalqimiz va millatimizni yuksaltiradigan, buzg‘unchi qilib ko‘rsatmaydigan g‘oya borligi sababli suratga tushishga rozi bo‘ldim. Rolimga kastingdan o‘tib, keyin tasdiqlandim. Ungacha esa jang sahnalaridagi ishtirokim ishonarli chiqishi uchun ot minish, qilichbozlik, qo‘l jangi bo‘yicha jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim. Syomka jarayonlarida ham bor imkoniyatimni ishga solib, rolimni yaxshi o‘ynashga harakat qildim. Lekin ijroimdan ko‘nglim to‘lmagan joylari ham bo‘ldi. Hozir premyera paytida rolimni ko‘rib, bundan ham yaxshi o‘ynasam bo‘larkan, degan fikrlar o‘tdi hayolimdan. Lekin umumiy olganda yaxshi, deb o‘ylayman.

Fotolar Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan taqdim etildi.