"Gʻijim", "Yefreytor", "Meni bu yerga chizib ketishgan": "Panoh" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 238
"Gʻijim", "Yefreytor", "Meni bu yerga chizib ketishgan": "Panoh" filmiga taqriz

Oʻzbek kinosi boy tarixga ega. Mana shu tarixning asosini tashkil etadigan eski-qadrdon filmlarni yodga olish va avvalgi oʻzbek kinematografiyasining qanchalik zoʻr boʻlganini koʻrsatish lozim.

Bungacha “Oʻyin”, “Kelgindi kuyov” va “Maktub” filmlari haqida taqrizlar e’lon qilingandi.

Afisha.uz har dam olish kunlari mana shunday filmlar haqida eslatishga va ular haqida yozishga qaror qildi. Bunday filmlarning navbatdagisi — “Panoh”.

2007-yilda premyera qilingan “Panoh” filmi rejissyor Rustam Sagʻdiyev tomonidan suratga olingan. Film ssenaristlari qatorida buyuk oʻzbek rejissyori Shuhrat Abbasovni ham koʻrish mumkin.

Syujet va aktyorlar (spoylerlar bor)

“Panoh” filmida taniqli soqchilar armiyadan qaytgan Elyor va qamoqdan chiqqan Sanjar bir boy odamning qizlariga tan soqchilik qilish uchun ishga kiradi. Elyor rolini Ulugʻbek Qodirov, Sanjar rolini esa hozir kinoni tark etgan Farrux Soipov ijro etgan. “Panoh” filmi ushbu duet birgalikda rol ijro etgan ilk kino boʻlgan.

Filmda ular qoʻriqlaydigan qizlar rolini hozirda oʻzbek kinosini tark etgan yana bir aktrisa Gulchehra Eshonqulova hamda Muborak Ashurova oʻynagan. Kinokartinada Farrux Soipov va Gulchehra Eshonqulova juftligi osoyishta ishqiy munosabat oʻrnatgan boʻlsa, Ulugʻbek Qodirov va Muborak Ashurova juftligi qaysar va shaddod juftlikka aylanadi.

Salbiy qahramon obrazini bunday rollarni tashrif qogʻoziga aylantirgan aktyor Javohir Zokirov (yana kim ham boʻlishi mumkin) oʻynagan. Uning ishtirokidagi epizod — restorandagi dahshatli raqs sahnasi — bu filmning diqqatga sazovor epizodlaridan biri.

U qizlardan birining sobiq eri boʻlib, xotinini oʻgʻirlashni rejalashtiradi. Biroq uning singlisini oʻgʻrilaydi va otasidan 500 000 dollar talab qiladi. Tan soqchilar qizni qutqarish uchun yoʻl oladi.

Ekshn sahnalar

“Panoh” filmi oʻzbek kinosi tarixidagi eng koʻp ekshn sahnalar, jang sahnalari namoyish etilgan filmlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, kinoda jang epizodlar sifatli tarzda suratga olinganki, aynan shu sabab bilan ham yodda qolib ketgan.

Filmning avvalida Elyor va Sanjarning jang sahnasi namoyish etiladi. Keyinchalik esa ular birgalikda, bir vazifani bajaradi. Jahon kinosida “yaxshi politsiyachi va yomon politsiyachi"ning birgalikda vazifa bajarishi koʻrsatilgan koʻplab filmlar bor. Bu uslub Oʻzbekistonda ham yaxshi qabul qilingan.

Albatta, tan soqchilar haqidagi eng mashhur film boʻlgan “Телохранитель” ham kinoda eslab oʻtilgan. Kichik singil filmda rol ijro etgan aktyor Kevin Kostner va aktrisa Uitni Hyustonni aytib oʻtadi.

“Meni bu yerga chizib ketishgan”

“Panoh” shu vaqtgacha ishlangan filmlar orasida eng uzun kinokartinalardan biridir. Xronometraj 2 soat 42 daqiqani tashkil qiladi (bu Martin Skorsezega yoqishi aniq). Shunga qaramay kino zeriktirib qoʻymaydi.

Jang sahnalaridan tashqari kulgili hazillar va ikkinchi darajali personajlarning syujet liniyalari film tempini bir maromda ushlab turadi.

Tomoshabin Farruh Soipov va Gulchehra Eshonqulovaning sokin munosabatlari ham, Ulugʻbek Qodirov va Muborak Ashurova oʻrtasidagi shiddatli dialoglarga ham birdek qiziqish bildiradi.

Kinodagi hazillar ham sizda “ispancha uyat” uygʻotmaydi, hammasi oʻz oʻrnida qoʻllanilgan. Shuningdek, kinoda Jahongir Poziljonovning komeosi ham boʻlib, uning “meni bu yerga „chizib“ ketishgan” jumlasi haligacha oʻz mashhurligini yoʻqotmagan.

Albatta, film dilni xira qiladigan vaziyatlardan holi emas. Kinokartinada bir brendning yaqqol koʻrsatilgan reklama bor. Ha, bunday holat butun dunyo kinematografiyasida uchraydi. Ammo ular reklamani yashirishga harakat qiladi. “Panoh"da esa bu asosiy kadrda namoyish etiladi.

Xulosa

2000-yillarda ishlangan deyarli barcha filmlarda qandaydir notinchlik kayfiyati seziladi. Masalan, “Telba” filmini olsak, unda yomon odamlardan iborat toʻda bir kishini bemalol oʻldirib keta oladi. Bundan tashqari, qahramonlarni bemalol oʻgʻrilab ketish holatlari kuzatiladi.

“Panoh"da ham boy odamning qizlariga har xil tahdidlar boʻladi. Yoki ikki barzangi kafeda bemalol bir-biri bilan jang qiladi. Eng asosiysi bunga oddiy holatdek qaraladi. San’at jamiyatning aksi boʻladi, degan qarash mavjud.

Oʻsha davr filmlariga yuqoridagi fikr prizmasi bilan qarasak 2000-yillarda zamon mana shunday notinch boʻlgan, degan fikr uygʻonadi. Ammo ba’zida kino targʻibot yoʻlida ham ishlatiladi. Oʻzbek filmlarida bunday uslub qay maqsadda ishlatilganini esa bila olmaymiz.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling