"American Psycho", "Seven", "Dexter": qotillar haqidagi film va seriallar
Reytinglarda yuqori oʻrinlarda turadigan kinokartinalarning katta qismi qotillar yoki qotillik haqida ekani bilan ajralib turadi. Kinematografiya tarixidagi deyarli barcha davrlarda bu mavzuda bir qator filmlar va seriallar ishlangan. Ba’zi hazillarga koʻra, bunday filmlar ogʻir ish kunidan keyin dam olish uchun koʻriladi.
Afisha.uz ushbu jamlanmada qotillar va manyaklar haqidagi filmlar va seriallarni bir yerga toʻpladi.
Filmlar
“The Silence of the Lambs” (1991)
Bir vaqtning o‘zida beshta “Oskar” olgan “Qoʻzichoqlar sukunati” kinokartinasi psixopatlar haqidagi psixologik trillerlar orasida klassikaga aylangan. Shuningdek, bu Gannibal Lekter haqidagi birinchi film hisoblanadi.
Psixopat Amerikaning O‘rta G‘arbi boʻylab yosh ayollarni o‘g‘irlaydi va o‘ldiradi. Barcha jinoyatlar bitta odam tomonidan sodir etilayotganiga ishongan FQB agent Klarissa Sterlingga telba mahbus bilan uchrashishni topshiradi. Telba mahbus tergovchiga seriyali qotilning psixologik motivlarini tushuntirib berishi va shu bilan uning iziga tushishga yordam berishi mumkin.
“Natural Born Killers” (1994)
Rejissyor Oliver Stoun rejissyorligida suratga olingan kinokartining gʻoya muallifi Kventin Tarantino hisoblanadi. Bu hikoya orqali Oliver Stoun prinsipsiz qotillar bir zumda o‘zlarining fan-klublariga ega boʻlib, super yulduzlarga aylanadigan jamiyatni tanqid qilish imkonini bergan.
Yosh oshiq-ma'shuqlar Mellori va Mikki, afsonaviy Bonni va Klaydga taqlid qilgan holda Amerika boʻylab aylanib yuradi va yo‘lidan chiqqan har kimni o‘ldiradi. Ular bir-birlarini sevadi va butun insoniyatni yomon ko‘radi. Ularni tutib olib, eng dahshatli qamoqxonaga tashlashadi.
“Seven” (1995)
Rejissyor Devid Fincher bu filmda har bir qahramon shubhali va xavfli ko‘rinadigan qayg‘uli va yurakni ezuvchi dunyoni yaratadi. “Seven” filmi bashorat qilib bo‘lmaydigan yakunga ega, manyaklar haqidagi eng mashhur trillerlardan biri hisoblanadi.
Detektiv Uilyam Somerset jinoyat qidiruv boʻlimining faxriysi, nafaqaga chiqib, shahar va jinoyatchilardan uzoqqa ketishni orzu qiladi. Nafaqaga chiqishdan 7 kun oldin Somersetning oldidan ikkita ko‘ngilsizlik chiqadi. Bular — yosh sherik Mills va juda murakkab qotillik. Tajribali izquvarning o‘tkir aqli darhol bu jinoyat ketidan boshqalari boʻlishi mumkinligini aniqlaydi. Yangiliklar uning taxminini tasdiqlaydi.
“American Psycho” (2000)
“American Psycho” filmini eng koʻp memlar yasalishiga va tarqalishiga sabab boʻlgan deyish mumkin. Kristian Beyldan tashqari filmda Jared Leto va Uilyam Defo kabi aktyorlar ham suratga tushgan.
Kunduzi u boshqalardan hech farq qilmaydi va odamlar orasida u e’tiborga tushishi qiyin. Ammo tunda bu tarbiyali fuqaro uxlab yotgan shaharni dahshatga soladigan mohir qotilga aylanadi.
“Memories of murder” (2003)
“Parazitlar” filmi bilan Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan koreyalik rejissyor Pon Jun Xo 2003-yilda daraja jihatdan bu filmdan qolishmaydigan kino ishlaydi. “Qotillikni xotirlab” kinokartinasi real voqealarga asoslangan hisoblanadi.
1986-yilda Koreyaning Xvason provinsiyasida ikki ayol bir xil uslubda o‘ldiriladi. Detektiv Pak Tu-man va uning yordamchisi Cho Yong-gu qotilni topish uchun bor kuchi bilan harakat qilishadi. Toʻgʻrirogʻi, har qanday gumonlanuvchini o‘z qilmishiga iqror qilishga majbur qilish uchun eng shafqatsiz usullardan foydalanmoqda. Ularga yordam berish uchun seullik detektiv So Tae-yun tergov o‘tkazish va dalillar asosida qotillikni aniqlash uchun keladi. Ayni paytda esa qotilliklar davom etayotgandi.
“Perfume: The Story of a Murderer” (2006)
Germaniyalik yozuvchi Patrik Zyuskindning 1985-yilda yozilgan “Ifor” asari 2006-yilga kelib, ekranizatsiya qilinadi. Bu kinokartinani “manyaklar haqidagi eng nafis filmlardan biri”, deb ham atashadi.
Shafqatsiz, hech qachon muhabbat nimaligini bilmagan yetim Jan-Batist Grenuy faqat bir sohada haqiqiy muvaffaqiyatlarga erishadi. Parfyumerlar orasida unga teng keladigani yo‘q edi. U tayyorlagan parfyumlardan, oliy tabaqa a’zolari aqldan ozadi, oxirgi, mukammal ifor qanday dahshatli tarzda olinishi esa ularning xayoliga ham kelmaydi.
“The Killer” (2023)
Bu rejissyor Devid Fincherning roʻyxatdagi ikkinchi filmi boʻlib, fransuz yozuvchisi Aleksis Nolenning xuddi shu nomdagi komikslar seriyasi asosida Netflix platformasi uchun suratga olingan. Filmda bosh rolni Maykl Fassbender ijro etgan.
Professional qotil Parijdagi topshiriqni bajarish uchun besh sutkadan beri qarshisida joylashgan uydagi o‘z oʻljasini kutadi. U o‘z ishi va hayotida ratsional-nigilistik falsafa va o‘zining statistikasiga asoslangan qoidalarga qat’iy amal qilishga urinadi.
Seriallar
“Dexter” (2006 — 2013)
“Dexter” Jeffri Lindseyning “Darkly dreaming Dexter” romaniga asoslangan boʻlib, “Emmi” mukofoti sovrindori, ssenariy muallifi Jeyms Manos tomonidan “Showtime” kanali uchun suratga olingan.
Dekster qotilliklardan keyin qon tahlillarini qilishga ixtisoslashgan sud tibbiy shifokori. U ikki xil hayot kechiradi. Dekster hayotining ikkinchi tomonida seriyali qotillik bilan shugʻullanadi.
Mavsumlar soni: 8 ta.
“The Killing” (2007 — 2012)
“The Killing” 2007-yilda Daniya, Shvetsiya va Norvegiya davlatlari hamkorligida nuar janrida suratga olingan o‘tkir syujetli teleserial hisoblanadi. Serial ilk marta 2007-yil 7-yanvarda premyera qilingan. 2012-yil oxirida uchinchi mavsum yakunlangach, serial tugatilgan.
Detektiv Sara Lund Kopengagen politsiyasida ishlaydi, lekin sevgilisi bilan Shvetsiyaga ko‘chib o‘tmoqchi. Biroq u uchib ketadigan kuni shahar tashqarisida joylashgan daladagi topilmalardan keyin, yosh qizning shafqatsiz o‘ldirilishi bo‘yicha tergov boshlanadi, buning natijasida Sara koʻchishni kechiktirishga majbur bo‘ladi. Ish shu bilan murakkablashadi.
Mavsumlar soni: 3 ta.
“Hannibal” (2013 — 2015)
Ushbu serial qahramonlaridan biri yuqorida tilga olingan “The Silence of Lambs” filmi qahramoni Gannibal Lekter hisoblanadi. “Hannibal” NBC telekanali tomonidan suratga olingan Amerika seriali hisoblanadi. Muallif Brayan Fuller yozuzvchi Tomas Xarrisning bir qator romanlari asosida ssenariy yozgan. Syujet markazida Federal qidiruv byurosi maxsus agenti Uill Grem va psixoterapevt doktor Gannibal Lekter o‘rtasidagi munosabatlar turadi.
Uill Grem inson haqida to‘plangan ma’lumotlar asosida uning xulq-atvor portretini tuzadigan iste’dodli mutaxassis boʻlib, FQB bilan birgalikda qotillarni qidiradi. Gremning o‘ziga xos fikrlash uslubi unga boshqa odamning, hatto psixopatning his-tuyg‘ulariga chuqur kirib borish qobiliyatini beradi. Ularni nima harakatga keltirayotganini tushunishga urinadi.
Mavsumlar soni: 3 ta.
“True Detective” (2014 — h.v)
“True detective” qotillikni ochadigan detektivlar haqida boʻlsa-da, serialda qotillar alohida oʻrin tutadi. “True Detective” antalogiya boʻlib, har bir mavsumda alohida voqea haqida hikoya qilinadi.
Luiziana politsiyasining sirli qotillik ishini ochishga urinayotgan ikki detektivining hikoyasi namoyish etiladi. Biroq ularning jinoyatchini topishga urinishlari 17 yilga cho‘ziladi.
Mavsumlar soni: 4 ta
“Mindhunter” (2017 — 2019)
“Netflix” striming platformasi uchun Jo Penholl tomonidan suratga olingan “Mindhunter” dramatik serial hisoblanadi. Ssenariy Mark Olsheyker va Jon Duglas tomonidan yozilgan hujjatli kitobga asoslangan.
Syujet FBRning xulq-atvor psixologiyasi bo‘yicha maxsus bo‘limini shakllantirish va metodikasini ishlab chiqish haqida hikoya qiladi. Bosh qahramon sheriklari bilan seriyali qotillardan intervyu oladi va hozirgi hamda kelajakdagi bunday jinoyatlarni fosh qilish yoki oldini olishga yordam beradigan psixologik profillarni tuzishga harakat qiladi.
Mavsumlar soni: 2 ta.