"Oʻzbekcha Rokki Balboa": Bahodir Jalolov haqida film suratga olindi

E’lon qilingan sana· 366
"Oʻzbekcha Rokki Balboa": Bahodir Jalolov haqida film suratga olindi

Bugun, 26-noyabr kuni “InterContinental” mehmonxonasida Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov haqida suratga olinayotgan “Yengilmas: Tokioga yoʻl” filmiga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi.

Konferensiya “checha” obrazi bilan mashhur boʻlgan va ushbu filmda ham rol ijro etgan Aziza Begmatovaning changqovuz chalishi bilan boshlandi. Kinnokartina rejissyori Akrom Isoqov va bosh rol ijrochisi Dadaxon Obidovdan tashqari tadbirda Erkin Komilov, Saida Rametova, Behzod Muhammadkarimov, Javohir Zokirov va boshqalar ishtirok etdi.

“Yengilmas: Tokioga yoʻl” filmi yaponiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olingan boʻlib, konferensiyada Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Takashi Hatori soʻzga chiqdi.

Ushbu film Olimpiada, Osiyo va jahon chempioni, Bahodir Jalolov va uning fidoyi murabbiylariga bag‘ishlangan. Filmda sportchini g‘alaba sari yetaklagan mashaqqatli yo‘l namoyish etiladi. Bu nafaqat ringda, balki uning tashqarisida ham — adolat, haqiqat, sha’n va qadr-qimmat uchun kurashni koʻrsatadi.

Ma’lumot uchun, avvalroq Bahodir Jalolov rolini aktyor Ulugʻbek Qodirov oʻynashi haqida xabar berilgandi. Biroq yakunda kinokartinada bosh rolni aktyor Dadaxon Obidov ijro etgan.

“Bilishim boʻyicha, boshida bu rolga meni tanlashgan. Keyin, nimadir sababdan Ulugʻbek Qodirovga berishgan. Ulugʻbek Qodirovni ustoz sifatida bilaman, hurmat qilaman. Toʻgʻrisi, bu rolga juda umid qilgandim. Hech qachon rol talashmaganman, lekin bu rol men uchun edi. Nima sababdan Ulugʻbek Qodirovning oʻrniga meni olishganini bilmayman. Ulugʻbek Qodirovga telefon qilib, roziligini oldim. Filmning 40 foizi suratga olib boʻlingan paytda ham atrofimdagilarga bu rolni men oʻynayman, deb aytib yurardim. Qanday boʻladi, bilmayman, lekin bu rol meniki, deb aytardim”, — deya fikr bildirdi bosh rolni ijro etgan Dadaxon Obidov.

Dadaxon Obidov 1990-yilda tugʻilgan aktyor va qoʻshiqchi boʻlib, “Yengilmas: Tokioga yoʻl” filmigacha 2019-yilda namoyish etilishi boshlangan “Zaharli tomchilar” serialida rol ijro etgan.

Filmda chet-ellik aktyorlar, xususan, yaponiyalik Osamu Yamamoto va Masaya Kato, shveysariyalik Filip Reynxardt, turkiyalik Kaan Yalchin, amerikalik Richark Li Uilsonlar suratga tushgan.

Kinokartina rejissyorning ta’kidlashicha, avvalroq Yaponiyada kinokartinaning yopiq premyerasi boʻlib oʻtgan. Bundan tashqari, Yaponiyada premyerani oʻtkazish ham rejalashtirilgan. Kinokartinaning Oʻzbekistondagi katta premyerasi mart oyiga rejalashtirilgan. Hozirda filmning montaj va postpradakshn ishlari davom etmoqda.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov