Rustam Sagdiyev "imzosi": "Kallaxona. Love" komediyasiga taqriz
19-dekabr kuni Milliy kino san’ati saroyida rejissyor Rustam Sagʻdiyev tomonidan suratga olingan “Kallaxona. Love” komedik filmining ilk katta premyerasi oʻtkazildi.
Rejissyorning soʻzlariga koʻra, ushbu kinokartina Oʻzbekiston kinoteatrlarida 2025-yilning 1-fevralidan boshlab namoyish etiladi.
Premyerada O‘zbekiston madaniy va ijodiy hayotining taniqli vakillari ishtirok etdi. Tadbirda rejissyor Rustam Sagdiyev bilan “Muhabbat sinovlari” filmida birga ishlagan aktyor Samandar Hamroqulov boshlovchilik qildi.
Shuningdek, rejissyor va asosiy rollarni ijro etgan aktyorlar Farhod Abdullayev hamda Botir Muhammadxoʻjayev oʻrtasida qiziq suhbat boʻlib oʻtdi.
“Taklifnoma tarqatishni ikki kun oldin boshladik. Bo‘sh joylarni ko‘rib, hayron qolyapman”, — dedi hazil aralash Rustam Sagdiyev.
“Odam to‘lib ketmasin deb, taklifnomaga mening ismimni yozmagan”, — deya hazilni davom ettirdi aktyor Farhod Abdullayev.
“Qisqaroq qilinglar, kino ko‘raylik”, — dedi aktyor Botir Muhammadxo‘jayev.
Film syujeti (spoylerlar bor)
Film syujeti markazida ikki yoshning muhabbati turadi. Ular bir-birini tanishidan tortib, muhabbatgacha boʻlgan yoʻl haqida hikoya qilinadi. Yigit qassoblik bilan shugʻullanuvchi Qudratxoʻja oddiy oiladan, lekin kuchli va choʻrtkesar. Koʻchada doʻstlarining muammolarini hal qilishda yordam beradi.
Qiz Orzu esa boy oilaning farzandi boʻlib, klassik musiqa eshitadi, Dostoyevskiy, Jeyn Ostin kabi adiblar kitoblarini oʻqiydi. Bundan tashqari, ingliz va rus tillarida gaplasha oladi. Qizning opalari va pochchalari bor, lekin Orzuning dadasi kuyovlarini xushlamaydi. Chunki ularning biri rassom, boshqasi esa musiqachi.
Voqealar rivojida yigit qizning uyiga oshpaz boʻlib keladi, ular bir-birini sevib qoladi. Biroq qizning opalari Qudratxoʻja va Orzuni bir-biriga mos emas deb hisoblab bu muhabbatga qarshilik qiladi.
Rejissyor imzosi
Albatta, Rustam Sagdiyevni “Baron"dan tashqari “Kelgindi kelin” va “Kelgindi kuyov” bilan ham tanishadi. Rejissyor komedik filmlarni ishlashda usta ekanligini shundan sezish mumkin. Shaxsan menda filmdan umidlar katta edi. Avvaliga umidlarim puchga chiqqandek tuyilgandi. Biroq kinokartinaning yarmiga kelib, rejissyor imzosi, “Sagdiyev imzosi” sezilishni boshladi.
Unda katta aktyorlar bilan ishlash boʻyicha, ulardan qanday foydalanish boʻyicha katta tajriba bor. Ushbu filmning ham eng katta yutugʻi bu aktyorlari ijrosi deyish mumkin. Masalan, Farhod Abdullayevning raqsidan tortib, Farhod Mahmudovning kameosigacha barchasi darajani belgilab bergan.
Bundan tashqari, maqolaning syujet qismida aytilgan voqealar juda ham tanish tuyilishi mumkin. Chunki oʻzbek komediyalari bir-biriga juda oʻxshaydi.
“Kallaxona"ni koʻrish davomida avval Jahongir Ahmedovning “Oling quda, bering quda” filmini, keyin esa Ayub Shahobiddinovning “Telba” filmini eslash mumkin. Ha bu kinoni, oila mavzusidagi yana bir film deyish mumkin. Biroq bu “Kallaxona"ning yomon ekanini anglatmaydi. Ushbu filmni koʻrish kerak.
Zamonaviy muammolar va personajlar
Rustam Sagdiyevning barcha filmlarida kino olingan davrga mos aktual muammolarni koʻrish mumkin. Masalan, kinoda bir necha bor zamonaviy blogerlar haqida eslab oʻtiladi. Bundan tashqari, bosh qahramonning yaqin doʻsti azartga asoslangan oʻyinlar oʻynaydi.
Zamonaviy oʻzbek filmlariga yozilgan avvalgi taqrizlarimizda bir necha bor boʻrttirib yuborilgan reklamalar haqida soʻz borgan. “Kallaxona” ideal boʻlmasa-da, shu muammo bilan kurashgani aniq. Toʻgʻri, ba’zi brendlarning logotiplarini kinoda koʻrish mumkin, ammo ular personajlar va voqealar bilan yaxshi integratsiya qilingan.
Shuningdek, rejissyorning deyarli barcha filmlarida kuchli qahramonlarni uchratish mumkin. Bu kinokartina ham shular qatoriga kiradi. Lekin “карикатурный” personajlar ham yoʻq emas. Orzuning pochchalari juda bir tomonlama va yumshoq qahramonlarga aylantirib qoʻyilgan. Aktyorlar Bobur Mansurov va Rixstilla Abdullayevlar oʻz rollarini maromiga yetkazgan.
Bosh qahramon Qudratxoʻja obrazi haqid esa koʻp narsa aytish mumkin. Masalan, yaqqol koʻzga tashlanadigan holat bu oʻzbek kinosida yangi Ulugʻbek Qodirovning yetishib chiqayotganidir. Bobur Imamovning bu obrazini “Telba"dagi Ulugʻbek Qodirov obraziga juda ham oʻxshatish mumkin. Umid qilamiz-ku, aktyor elastiklik tomondan rivojlanishga erishadi.
Oʻzbek kinosi metrlariga aylangan Farhod Abdullayev va Botir Muhammadxoʻjayev esa oʻzlaridan kutilgan barcha narsani bera olgan va rollarini maromiga yetkazib ijro etgan.
Shuningdek, kinoda Shukrullo Isroilov, Jamila G‘ofurova, Ulugʻbek Holmedov, “Qalpoq” hajviy koʻrsatuvi bilan tanilgan Rahmonali Suropov va boshqa aktyor, aktrisalar bir qator kichik rollarda koʻrinish bergan.
Kаmeo va ishoralar
Film toʻligʻicha Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asariga muhabbat bilan suratga olingan. Bosh qahramon uning kitobini oʻqishi bilan oʻzgarishni boshlaydi. Syujetdagi burilish ham aynan Abdulla Qodiriyning haykali oldida yuz beradi. Bobur Imamovning Otabek, Rayhon Asadovaning Kumush obrazida koʻrinish berishi kinoning ajoyibligini ta’minlaydi.
Kino davomida bosh qahramon “Oʻtkan kunlar"da qanday voqealar boʻlishini aytib beradi. Shuningdek, yigit Zaynab personajini yomonlayotgan vaqtda kadrda “Oʻtkan kunlar” filmida Zaynab rolini ijro etga Gulchehra Sa’dullayevaning kadrda paydo boʻlishi yoqimli kameo boʻldi.
Shuningdek, balet sahnasida Rustam Sagdiyev aktyor Farhod Mahmudov orqali oʻzining navbatdagi yangi filmi “Baron 3"ni ham reklama qilib ketdi.
“Kallaxona” kinokartinasi koʻpchilik uchun sevimli boʻlgan Hindiston kinematografiyasini ham unutmaydi. Eski tanishlar uzoq vaqtdan soʻng bir-birini koʻradigan epizodda hind filmlaridan biriga ishorani sezish mumkin.
Bu film bilan nima demoqchisiz?
Ushbu film targʻib qilayotgan gʻoyani uzoq maqtash mumkin. Chunki unda katta yoshdagi personajlar doim oʻqish kerakligini ta’kidlaydi. Yosh qahramonlar ham voqealar rivojida buni tushunib yetadi.
Bundan tashqari, biroz unutilishni boshlagan milliy qadriyatlarga qaytish haqida ham soʻz boradi. Masalan Farhod Abdullayev qahramoni tomonidan aytiladigan “Qozonga zirvak tushsa, Sherali qoʻshiq aytadi” jumlasi oʻzbek kinosining oltin soʻzlari qatoridan joy olishi aniq.
Xulosa qiladigan boʻlsak, sifatli komediyalar kamayib ketgan oʻzbek kinosida “Kallaxona. Love” filmini ajratib koʻrish mumkin. Toʻgʻri buni, yangi nafas yoki revolyutsiya deyish qiyin. Biroq bu film, albatta, kinoteatrga borishga hamda sifatli filmdan bahramand boʻlishga turtki boʻladi.