"Har bir serial – bir missiya" serial loyihalari tanlovi e'lon qilindi

E’lon qilingan sana· 238
"Har bir serial – bir missiya" serial loyihalari tanlovi e'lon qilindi

Kinematografiya agentligi “Har bir serial — bir missiya” serial loyihalari tanlovini e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, tanlovga yuboriladigan loyihalarda quyidagi g‘oyalar aks ettirilishi lozim:

  • “Yangi O‘zbekiston"ni barpo etish jarayonlarida erishilayotgan yutuqlar, ijtimoiy, ma’rifiy, ma’naviy jabhalarda ro‘y berayotgan ulug‘vor o‘zgarishlar;
  • to‘y va marosimlardagi ortiqcha dabdababozlik, isrofgarchilikning salbiy oqibatlari;
  • ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib yuqori natijalarni qayd etayotgan bugungi kun qahramonlari va ularning qizg‘in faoliyati;
  • tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar faoliyatiga bag‘ishlangan hayotiy, ta’sirli, tomoshabinda rag‘bat uyg‘otuvchi voqealar;
  • huquq-tartibot organlari va Qurolli kuchlarimiz, chegarachilarimizning matonati;
  • mehnat muhojirligi, kambag‘allikni qisqartirish masalalari;
  • nogironligi mavjud shaxslarning tadbirkorlik va IT sohasidagi yutuqlari;
  • sog‘lom turmush tarzi va sport haqidagi hayotiy-motivatsion voqealar;
  • iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va boshqa ekologik muammolar va ularning yechimlari.

Shuningdek, alohida ijtimoiy himoya mavzusidagi quyidagi mavzular ham koʻrsatilgan:

  • ko‘pxotinlilik;
  • zo‘ravonlik (maishiy va jinsiy);
  • ayollarning iqtisodiy faoliyatini cheklash;
  • ayollarning qiziqish va ehtiyojlarini oxirgi o‘rindaligi;
  • yolg‘iz onalarga, ajrashgan ayollarga, jinsiy zo‘ravonlikka uchragan ayollar va qizlarga nisbatan noto‘g‘ri qarash, shuningdek, ularning oilalarini qoralash;
  • qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar;
  • ko‘p bolali oilalar — diniy hamda ona va bola salomatligi nuqtai nazaridan tug‘ilish o‘rtasidagi tanaffus, ota-onalar mas’uliyatining oshishi, tibbiy savodxonlik darajasi pastligi;
  • bolalar ta’limi va sog‘ligiga investitsiyalar kiritish masalalari;
  • nogiron bolalarni stigmatizatsiya qilish;
  • qizlar ta’lim olishining ahamiyati;
  • nogironlar va boshqa zaif odamlar hamda ularning oilalariga nisbatan stigma va diskriminatsiya qilish;
  • “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ijtimoiy ahvoli yaxshilanib daromadi yaxshilangan oilalar hayoti;
  • nogironlarga davlat miqyosidagi e’tiborning hozirda yangi bosqichga ko‘tarilganligi;
  • boqimandalikni oldini olish;
  • qarindosh-urug‘larning o‘rtasidagi jinsiy zo‘ravonlik;
  • ijtimoiy birdamlik va faollik;
  • oiladagi qaramlik (alkogol, giyohvandlik va boshqalar);
  • yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish;
  • qariyalar va bolalarni oila muhitidan uzgan holda “Muruvvat” va “Mehribonlik” muassasalariga joylashtirishning salbiy oqibatlari.

Tanlovga dastlabki bosqichda taqdim etiladigan loyihalarda quyidagilar aks etgan bo‘lishi lozim. Ya’ni:

  • ijodkorning ismi-sharifi va u haqida qisqacha ma’lumot;
  • serial yoki animatsion serialning ishchi nomi;
  • serial yoki animatsion serialning formati va hajmi;
  • qisqacha mazmuni (qisqacha syujetda obrazlar, timsollar ham aks etgan bo‘lishi mumkin. Unda asosiy syujet liniyasi, asosiy personajlar va asosiy voqealar, avj nuqtasi hamda yechimi aniq ko‘rsatilishi lozim);
  • serial yoki animatsion serialning dastlabki 5 seriyasi sinopsisi;
  • umumiy voqealarning dastlabki 5 qismi to‘liq serialning fragmenti sifatida taqdim etiladi.

Sinopsislar o‘zbek tilida, adabiy til va imlo qoidalariga rioya qilingan holda yozilgan, kompyuterda A-4 formatda, 1,5 intervalda ko‘chirilgan bo‘lib, hajmi 5−8 sahifadan kam bo‘lmasligi va taqdimot materiallari shaklida (taxminiy lokatsiya, taxminiy aktyorlar guruhi, taxminiy ijodiy jamoa va taxminiy sarf-xarajatlar smetasi) ham bo‘lishi kerak. Eng asosiysi, har bir serial 5 qismdan kam va 20 qismdan ko‘p bo‘lmasligi shart.

Tanlov 2025-yilning 12-fevralidan 2-martgacha davom etadi. Gʻolib deb topilgan serial loyihalari Agentlikning 2025-yil tematik rejasiga kiritiladi va ular asosida telekanallar bilan hamkorlikda teng sheriklikda seriallar ishlab chiqariladi. Gʻolib deb topilgan loyihaga Agentlik tomonidan serial uchun subsidiya mablag‘lari ajratiladi.

Tanlovga taqdim etilgan loyihalar taqriz qilinmaydi va mualliflarga qaytarilmaydi.

“Tanlovga milliy mentalitetimiz, ona tilimiz tabiatiga, qadriyatlarimizga zid, bugungi ijtimoiy-siyosiy voqeliklarga va axloqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan syujetlar aks etgan loyihalar qabul qilinmaydi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun mazkur telefon raqamlariga murojaat qilish lozim: (+998) 93−345−7586, (+998) 71−277−8107.

Manzil: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, “Renessans” kino uyi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling