"Afgʻon", "Nazira", "Ibrat": Akbarxoʻja Rasulov ijrosidagi 10 ta film

E’lon qilingan sana· 794
"Afgʻon", "Nazira", "Ibrat": Akbarxoʻja Rasulov ijrosidagi 10 ta film

Oʻzbek aktyor va aktrisalari orasida har xil sabablar bilan faoliyatini erta tugatganlar koʻp. Ularning ba’zilari esa faoliyatining tugatilgani haqida e’lon qilmagan, balki shunchaki media maydondan yoʻqolib qolgan. Ular orasida aktyor Akbarxoʻja Rasulovni ham koʻrish mumkin.

Ushbu jamlanmada hozirda koʻrinmay qolgan, lekin oʻzbek kinosida alohida oʻringa ega Akbarxoʻja Rasulov filmlari haqida soʻz boradi.


“Orzu ortida” (2005)

Akbarxoʻja Rasulov kinodagi faoliyatini 2002-yilda boshlagan boʻlsa-da, ilk e’tiborga molik rolini Yolqin Toʻychiyevning “Orzu ortida” nomli filmida ijro etgan. Aktyor Xamid personajini gavdalantirgan.

Bundan tashqari, filmda Shafoat Rahmatullayeva, Nigora Karimboyeva, Zulhumor Moʻminova kabi oʻzbek kinosi yulduzlari ham qatnashgan.

“Yoʻqolgan odam” (2007)

Akbarxoʻja Rasulov “Orzu ortida” filmidan keyin ham bir qator loyihalarda koʻrinish berdi. Biroq ular asosan epizodik rollar edi. Aktyorning keyingi katta roli 2007-yilda premyera qilingan “Yoʻqolgan odam” filmiga toʻgʻri keldi.

Shuningdek, Akbarxoʻja Rasulov kinokartinada Muhammadsoli Yusupov, Rasulxon Qodirxonov, Dildora Ahrorova kabi aktyor va aktrisalar bilan birga rol oʻynagan.

“Poyma-poy” (2009)

Aktyor 2009-yilga kelib yana bir bor rejissyor Yolqin Toʻychiyev bilan birga ishlaydi. Bu safar Akbarxoʻja Rasulov “Poyma-poy” filmida Shohruhning ukasi Zafar rolini ijro etadi.

Boyvachcha yigit Londondan o‘qishni tugatib, uyiga qaytadi. Yigitning ota-onasi unga munosib juft izlay boshlaydi. Biroq yigit allaqachon oqsoch bo‘lib ishlaydigan ayolning qizini sevib qolgan boʻladi. Biroq yigitning ota-onasi bunga qarshi chiqadi.

Filmni tomosha qilish.


“Kechikkan hayot” (2010)

Bu safar esa Akbarxoʻja Rasulov Ayub Shahobiddinovning filmida koʻrinish beradi. U qishloqdagi militsiya xodimi rolini oʻynaydi.

Aktyor ushbu kinokartinada Bobur Yoʻldoshev, Dilnoza Kubayev, Jamila Gʻofurova, Doniyor Hafizov kabilar bilan birga ishtirok etgan.


“Sevginator 2” (2010)

“Onajoning rozi qil” qoʻshigʻini eshitganingizda, hech boʻlmasa bir marta Akbarxoʻja Rasulov eslanadi. Aktyor mashhur ushbu franshizada katta rol ijro etmagan boʻlsa-da, epizodlari bilan koʻpchilikning yodida qolgan.

Akbarxoʻja Rasulov ushbu filmda Malomatning (Sevginator) qaynonasi Muqaddas Xoliqova personajining oʻgʻli sifatida koʻrinish beradi.


“Jasur” (2011)

Rejissyorlar Bahodir Odilov hamda Najmiddin Gʻulomov suratga olgan “Jasur” filmida Akbarxoʻja Rasulov katta boʻlmagan, biroq e’tiborga loyiq rolni ijro etadi. Aktyor Sardor obrazi bilan koʻpchilikning yodida qolgan.

Filmning asosiy voqealari bosh qahramon Jamila va uning farzandi ketayotgan avtobusning terrorchilar tomonidan qo‘lga olinishi bilan boshlanadi. Sardor ham mana shu avtobus yoʻlovchilaridan biri boʻladi.


“Afgʻon” (2012)

Yolqin Toʻychiyevning 2012-yilda suratga olingan “Afgʻon” filmini bemalol Akbarxoʻja Rasulov ijodining pik nuqtasi deb aytish mumkin.

Akbar — raisning o‘g‘li. Qishloqda uni qochoq, isnodga qolgan yigit, deb bilishadi. Chunki u armiyada xizmat qilishdan qochib yuribdi. Bu paytda Afg‘onistonda urush ketyapti. Yoshlar “sotsialistik g‘oyalar” uchun halok bo‘lmoqda, Akbar esa ularning uylariga “Gruz 200"ni tashimoqda.

“Nazira” (2017)

2017-yilda Akbarxoʻja Rasulov yana bir bor Jahongir Qosimov rejissyorlik qilgan “Nazira” filmida rol ijro etadi. Kinokartinada aktyor bosh rollardan birida koʻrinish bergan.

Nazira Shodmonova tarixga O‘zbekiston tadbirkor ayollari harakatining asoschilaridan biri sifatida kirgan. Uning yo‘li mashaqqatli boʻlgan, ketma-ket to‘siqlarni yengib o‘tishga majbur boʻlgan. Bu biznesni tortib olish va hatto qarshilik ko‘rsatmaslik uchun qamoqqa tashlashlari mumkin bo‘lgan vaqt edi. Adolatsizlik bilan umrining oxirigacha kurashishga majbur bo‘ldi. O‘n farzandning onasi bo‘lgan bu g‘ayrioddiy insonning taqdiri filmga asos bo‘lgan.

“Ibrat” (2020)

Oʻzbek kinosida tarixiy filmlar toʻlqini boshlangach, Akbarxoʻja Rasulov ham ularning bir nechtasida ishtirok etgan. Jumladan, aktyor Ishoqxon Ibrat hayotiga bagʻishlangan kinokartinada Abbos rolini ijro etadi.

Turkistonliklar faxriga aylangan o‘rta osiyolik, o‘zbek va sovet sayyohi, yozuvchi, tarjimon-poliglot, tarixchi va jadidning qiyinchiliklari, voqealarga boy hayoti filmda aks ettirilgan.


“Mendirman Jaloliddin” seriali (2021)

Tarixiy loyihalarning yana biri boʻlgan “Mendirman Jaloliddin” serialida Akbarxoʻja Rasulov shoh Qutbiddin Oʻzloq rolini gavdalantirgan.

Serial Oʻzbekiston hamda Turkiya mamlakatlari hamkorligida suratga olingan boʻlib, boshqa loyihalardan oʻz masshtabi bilan ham ajralib turadi.

Serialni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling