Oʻzbekistonlik birinchi harbiy uchuvchi hayoti haqida hujjatli film ishlandi

12-may kuni “Riviera” kinoteatrida birinchi o‘zbek uchuvchisi Abdusamat Taymetov haqidagi hujjatli filmning yopiq namoyishi bo‘lib o‘tdi. Unda Afisha.uz muharriri ham ishtirok etdi va quyida premyera haqida oʻz fikrlarini bildiradi.
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi tomonidan suratga olingan 22 daqiqalik “Taymetov. G‘alaba parvozi” filmi bolaligidan osmonni orzu qilgan, og‘ir damlarga qaramay, nafaqat uchuvchi, balki milliy aviatsiya uchun katta shaxsga aylangan inson haqida hikoya qiladi.
Hujjatli film O‘zbekiston tarixidagi birinchi harbiy va fuqaro aviatsiyasi uchuvchisi, sinovchi-uchuvchi, O‘zbekiston aviatsiya maktabi asoschisi va Toshkent aeroportining birinchi direktori, 1945-yil 9-may kuni Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lishi to‘g‘risidagi aktni Moskvaga olib kelgan Abdusamat Taymetov haqidadir.
Turli davrlarda Oʻzbekistonda urush yillari haqida har xil badiiy va hujjatli filmlar suratga olingan. Unda bir qator real va toʻqima shaxslar haqida soʻz boradi. Masalan, yaqin yillarda premyera qilingan “Ilhaq” filmini oladigan boʻlsak, unda oʻylab topilgan personajlar voqea markazida boʻladi. 1962-yilda chiqqan “Sen yetim emassan” kinokartinasi esa real voqealarga asoslangan.
“Taymetov. G‘alaba parvozi” hujjatli filmida ham oʻzbek tomoshabiniga kino orqali deyarli tanish boʻlmagan qahramon hayoti turli rakurslardan yoritiladi. Bosh qahramonning oddiy oiladan chiqqan sodda bolakay ekaniga alohida urgʻu beriladi. Shuningdek, film ijodkorlaridan biri Taymetov haqida quyidagicha fikr bildirdi:
“Bugun ekranda oddiy odam yo‘q. Biz esa ushbu filmda umrining oxirigacha oddiy odam bo‘lib qolgan qahramonni ko‘rsatishga harakat qildik”.
Shuningdek, Abdusamad Taymetov urush vaqtida birinchi parashutchi qizlarga ustozlik qilgani kabi tarixiy faktlar ham filmning tomoshabopligini oshirgan. Kinokartinada yangraydigan asosiy ovoz Javohir Zokirovga tegishli ekani ham qiziqishni koʻpaytiradi.
Bundan tashqari, mazkur film ikkinchi jahon urushi yillarida asosiy jangovar samolyotga aylangan va Toshkentdagi aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan Li-2 tarixini ham koʻrsatib beradi.
“Ushbu filmni yaratish g‘oyasi Toshkent aeroportiga oid arxiv hujjatlarini o‘rganish jarayonida tug‘ildi. Abdusamat Taymetov uning birinchi direktori, shuningdek, birinchi o‘zbek uchuvchisi — urush qahramoni va aviatsiya afsonasi edi. Biz ana shunday insonning hikoyasini abadiylashtirish va kelajak avlodlar uchun ushbu film shaklida xotira qoldirishni o‘zimizning burchimiz deb bildik”, — deya izoh berdi film yaratuvchilaridan biri.
Film rejissyori Eldor Yo‘ldoshev, prodyuser Saidrasul Imamov, ssenariy muallifi Muyassar Maqsudova, kompozitor Igor Pinxasov. Filmda ushbu loyiha uchun maxsus raqamlashtirilgan va qayta tiklangan maxsus kino va fotografik materiallardan foydalanilgan.
“Ushbu filmning asosiy maqsadi O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushini tugatishga qo‘shgan ulkan hissasini ko‘rsatishdir. Agar yerda dushmanga qarshi asosiy qurol T-34 tanki va „Katyusha“ reaktiv artilleriyasi qurilmasi bo‘lgan bo‘lsa, osmonda asosiy strategik qurollardan biri Toshkentda ishlab chiqarilgan „Li-2“ samolyoti bo‘lgan. Ushbu samolyotni loyihalashtirish va ishlab chiqarilishiga vatandoshlarimiz, o‘zbek mutaxassislari — respublika rahbari Usmon Yusupovdan tortib samolyot fyuzelyaji parchinchisi Muazzam Aliyevagacha o‘z hissalarini qo‘shganiga fakt va dalillarni topdik”, — deydi film rejissyori Eldor Yo‘ldoshev.