Foto: "Garri Potter" serialida Drako Malfoy qanday koʻrinishda boʻladi?

HBO kompaniyasi tomonidan suratga olinadigan “Garri Potter” serialida rol ijro etadigan bir qator aktyor va aktrisalar e’lon qilindi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Unga koʻra, Drako Malfoy rolini Loks Pratt, uning otasi Lyutsius Malfoy rolini Jonni Fillin ijro etadi. Shuningdek, Ketrin Parkinson (Molli Uizli), Bell Pauli (Petunya Darsli), Deniel Rigbi (Vernon Darsli), Leo Erli (Simus Finnigan), Alessiya Leoni (Parvati Patil), Sienna Musa (Lavanda Brauni), Berti Karvel (Kornelius Faj) kabi aktyor va aktrisalar ham serialda suratga tushadi.
Kollaj: “Lentach”
Loyihaning shouranneri — Francheska Gardiner (“Succession”, “Killing Eve”), rejissyori esa Mark Mylod (“Game of Thrones”, “Shameless”) boʻladi. Serialni suratga olish ishlari shu yilning yozida Buyuk Britaniyada boshlanadi, premyera esa 2026-yilda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Har bir fasl Joanna Roulingning yettita romanidan birining ekranizatsiyasi bo‘ladi. Rouling ham loyihada ijrochi prodyuser sifatida ishtirok etadi. Lord Voldemort rolini kim ijro etishi hozircha noma’lum.
Avvalroq Garri, Germiona va Ron obrazlarini gavdalantiradigan aktyor va aktrisalar ma’lum qilingandi.