Alternativa Film Festival 2026'da ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi

E’lon qilingan sana· 104
Alternativa Film Festival 2026'da ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi

Festival 2026-yilda Kolumbiyada boʻlib oʻtadi.

“Alternativa Film Festival 2026” tanlovida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi. Mazkur kinofestival 2026-yilning ikkinchi choragida Kolumbiyada o‘tkaziladi. 10-iyundan e’tiboran Markaziy Osiyo mamlakatlaridan to‘liq metrajli filmlar uchun arizalar qabul qilinmoqda.

Arizalar 2025-yil 10-oktabrgacha qabul qilinadi. Tanlov dasturida ishtirok etish uchun Osiyo, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Lotin Amerikasidan istalgan janrdagi to‘liq metrajli filmlar taklif etiladi. Qisqa metrajli filmlar esa faqat Lotin Amerikasidan qabul qilinadi.

2026-yilda festival mukofotlari soni 7 taga ko‘payadi, Festivalning mukofot jamg‘armasi esa 120 000 dollargacha oshadi.

Alternativa — har bir yangi Alternativa Film Festivali bilan o‘z e’tibor markazidagi hududini o‘zgartiradigan xalqaro tashabbus. Kinofestival Global Janub mamlakatlaridan bo‘lgan kinoijodkorlarni e’tirof etishning muqobil tizimini yaratishga intiladi. Ularning asarlarini keng va xilma-xil tomoshabinlarga taqdim etish hamda mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash orqali bu maqsadga erishmoqda. Shuningdek, festival ijobiy ijtimoiy o‘zgarishlarga turtki bo‘lishi mumkin bo‘lgan filmlarni alohida qadrlab, ularni e’tirof etadi.

Yangi bosqichda “Alternativa Film Festival” yana bir mukofotga ega bo‘ladi (mavjud 6 ta mukofotga qo‘shimcha ravishda) va uning umumiy mukofot jamg‘armasi 120 000 dollargacha (avvalgidan 20 000 dollarga ko‘proq) oshadi. Yangi FocusAward mukofoti loyihaning hozirgi diqqat markazida turgan mintaqa voqeligini, uning barcha qiyinchiliklari va umidlarini chuqur va nozik tarzda aks ettirgan filmga beriladi. Bundan tashqari, mukofot sifatida boshlangan va ilgari “Alternativa Film Awards” (2023) va “Alternativa Film Awards & Festival” (2024) deb nomlangan loyiha to‘laqonli festivalga aylanmoqda, bu esa yangi nom — “Alternativa Film Festival"da o‘z aksini topgan. Mukofotlarni topshirish uning cho‘qqisi bo‘lib qolmoqda, ammo dastur keng jamoatchilik va professional hamjamiyat uchun namoyishlar, munozaralar va boshqa tadbirlar orqali kengaytirilmoqda.

O‘tgan yili Alternativa festivali 33 mamlakatdan mingdan ortiq ariza qabul qilgan edi. Bu safar esa tashkilotchilar yanada katta qiziqish kutishmoqda — xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan mualliflardan, ular muvaffaqiyatga erishish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Masalan, 2024 yilda festivalning short-list ro‘yxatiga Markaziy Osiyodan ikkita drama kiritilgan: Qozog‘istondan Ayjan Qosimbekningning “Madina” filmi va Qirg‘izistondan Dalmira Tilepbergenning “Dar” filmi. Shuningdek, xalqaro hakamlar hay’ati tarkibida Qozog‘istonlik hujjatli film rejissyori Katerina Suvorova ham bo‘lgan. Uning “Qoryqpa” filmi 2023 yilda Alternativa Film Awards doirasida Alter mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Alternativa Film Festival 2026 ochiq qabuli 2025-yil 10-oktyabrgacha davom etadi. Festivalda qatnashish uchun Lotin Amerikasi va Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan rejissyorlarning 2025-yil 1-yanvardan keyin yakunlangan to‘liq metrajli badiiy, hujjatli, animatsion va gibrid filmlari taklif etiladi. Qisqa metrajli filmlar faqat Lotin Amerikasidan qabul qilinadi.

Jahon premyerasi 2025-yil 1-avgustgacha bo‘lib o‘tgan filmlar uchun ariza topshirishning so‘nggi muddati 2025-yil 1-sentyabr, soat 23:59 (UTC -5)dir. 2025-yil 1-avgustdan keyin premyerasi bo‘lgan filmlar uchun esa bu muddat 2025-yil 10-oktyabr soat 23:59 (UTC -5)gacha belgilangan. Ariza topshirishning batafsil talablari kinofestival nizomida (Rules & Regulations) keltirilgan bo‘lib, uni Alternativaning rasmiy veb-sayti alternativa.film orqali topishingiz mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling