"Klon" seriali aktyori Fransisko Kuoku vafot etdi

E’lon qilingan sana· 2 232
"Klon" seriali aktyori Fransisko Kuoku vafot etdi

Braziliya telenovellalarining mashhur aktyori 19-iyun kuni o‘z ona shahri San-Pauluda vafot etdi. Fransisko koʻpgina tomoshabinlar xotirasida “Klon” serialidagi ruhoniy va doktor Alibyerining do‘sti padre Matiolli obrazi bilan muhrlanib qolgan. U shuningdek, “Tropikanka” serialida Gaspar Velaskes rolini ham ijro etgan.

Kelib chiqishi Italiyaga borib taqaladigan san’atkorning vafot etganini “Klon” serialida Jadi rolini va “Tropikanka"da Benvinda obrazini gavdalantirgan 49 yoshli braziliyalik aktrisa Jovanna Antonelli tasdiqladi.

Artistning xotirasini 73 yoshli braziliyalik aktrisa, sobiq model Vera Fisher yod etdi. U “Klon” serialida Iveti Simas rolini ijro etgan edi. Yulduz uning “Gigantlar” serialidagi Shiku obrazini esladi. “Sen ham ketding, azizim Shiku… Biroq sening iste’doding, saxovating va ajoyib ishlaring biz bilan abadiy qoladi. Qanchadan-qancha go‘zal onlarni boshdan kechirdik — ham ekranda, ham undan tashqarida. Sening aql bovar qilmas sezgirliging, mehribon qalbing meni hamisha hayratga solardi. Qayerda bo‘lsang ham, porlab turaver. Orom ol va dam ol,” — deya yozdi 1969-yilgi “Miss Braziliya” tanlovining g‘olibi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling