Meril Strip 77 yoshda: afsonaviy aktrisaning unutilmas 5 filmi

70-yillarda katta ekranlarda porlab chiqqan va hanuzgacha Gollivudning eng afsonaviy aktrisalaridan biri bo‘lib qolayotgan Meril Strip 22-iyun kuni 77 yoshni qarshiladi. U 3 karra “Oskar” sovrindori bo‘lish bilan birga, rekord darajada — 21 marta ushbu mukofotga nomzod sifatida qoʻyilgan.
Afisha.uz bu sana munosabati bilan aktrisa ishtirokidagi unutilmas filmlar turkumini havola etadi.
Devil Wears Prada/ Qattiqqoʻl Xonim
Aksar tomoshabinlar Meril Stripni aynan shu roli — talabchan, sovuqqon va o‘z sohasida mukammallikni talab qiluvchi Miranda Pristli obrazi bilan eslaydi. 2000-yillar “girlboss” filmlari orasida ajralib turuvchi “The Devil Wears Prada” — nafaqat moda, balki ayollar kuchi, tanlov, ambitsiya va o‘zligini yo‘qotmaslik haqida hikoya qiluvchi zamonaviy klassikadir. Filmning ikkinchi qismi 18 yildan soʻng, 2026-yil 1-may sanasida katta ekranlarda taqdim etlishi aytilmoqda.
The Iron Lady/ Temir Xonim
Moda olamidan siyosat olamiga oʻtar ekanmiz ammo kuchli ayol obrazidan uzoqlashmaymiz. Meril Strip bu filmda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Margaret Tetcher rolini mahorat bilan jonlantirgan. Kuchli xarakter, siyosiy qarorlar, shaxsiy iztiroblar va kuch bilan yolg‘izlik oralig‘idagi nozik chegarani ko‘rsatgan bu obraz uchun Strip uchinchi marotaba “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Julie and Julia/ Jyuli va Julia
Moda va siyosatdan so‘ng endi oshxonaga nazar tashlaymiz. Meril Strip bu filmda mashhur fransuz oshpazi Julia Chayld obrazida namoyon boʻladi — quvnoq, erkin, hayotga chanqoq ayol. Syujet ikkita real ayol — 1950-yillar Parijida yashagan Julia va 2000-yillar Nyu-Yorkida hayotidan biroz norozi Julie Povel hayotini parallel tarzda hikoya qiladi.
Julia Chayld pazandalik orqali o‘zini topadi, Jyuli esa aynan Julia Chayldning retseptlari asosida blog yuritib, o‘zini anglaydi. Film oshpazlikdan tashqari ishonch, qat’iyat, hayotiy tanlovlar va ilhom beruvchi turtkilar haqida.
The Hours/ Soatlar
Parallel olamlar mavzusidan chetlashmagan tarzda, ayollar ichki kurashi haqida yoritilgan “The Hours” filmi alohida etirofga munosib. Uch davr, uch ayol va bitta kitob — Virginia Woolfning “Mrs Dalloway” asari ularning taqdirlarini bog‘lab turadi. Meril Strip zamonaviy Nyu-Yorkda yashayotgan Clarissa Vaughan obrazida — u o‘z do‘sti uchun ziyofat tashkil qilar ekan, ichki bo‘shliqlar va unutilmagan hislar bilan kurashadi. Nikol Kidman (Virginia Wulf) va Julianna Mur (1950-yillardagi uy bekasi Laura) bilan birga, Strip filmning hissiy og‘irligini kuchli dramatik ijrolar bilan ushlab turishadi.
Kramer vs Kramer/ Kramerga qarshi Kramer
Bu film Meril Stipga ilk “Oskar” mukofotini olib kelgan va uni dramatik rollarning chinakam ustasi sifatida tanitgan. Syujet ajrashgan er-xotin hayoti atrofida qurilgan. Meril Strip bu filmda onalik, ayollik, o‘zlikni izlash va kechirim haqida juda nozik, ichki dramalarga boy obrazni jonlantiradi. Uning har bir sahnasi — hissiy lahzalarga boy.
