"Kassa boʻyicha soʻnggi 5 yilda eng yuqori koʻrsatkichni koʻrsatdik" — "Uch qahramon" filmi rejissyori Shohruh Rasulov bilan suhbat

2024-yilning 29-noyabr kunida Oʻzbekistonda “Uch qahramon” filmi premyera qilingandi. Kinokartina premyeragacha shov-shuv koʻtarishga ulgurgandi. Avvaliga tarmoqlarda koʻprikdan qulayotgan avtobus videosi aylanishni boshladi. Keyin esa bu mana shu filmning suratga olish jarayonlaridan lavha ekani ma’lum boʻldi.
Premyera va undan keyingi prokat vaqtida ham kinokartina qiziqishni yuqori notada ushlab tura oldi. Afisha.uz ilk namoyishda qatnashib, filmga taqriz ham yozgandi. Oradan shuncha vaqt oʻtganiga qaramay tomoshabinlarda “Uch qahramon"ga boʻlgan qiziqish kamaymadi. Shu sabab bilan kinokartina rejissyori Shohruh Rasulovga film boʻyicha savollar bilan yuzlandik.
Filmning oxirgi kadrini suratga olib boʻlgandan soʻng nimalarni his qildingiz?
— Bu juda ham ta’sirli vaziyat, deyish mumkin. Eng asosiy jihati esa — film tugadi, degan hissiyot boʻlmagan. Xuddiki, yana bir epizodimiz bor, yana nimanidir suratga olishimiz kerak, bir oydan keyin yoki uch oydan keyin syomkamiz bor, degan hissiyot ketmadi. Chunki suratga olish ishlari shaxsan men uchun juda ham mashaqqatli boʻlgan, uzoq davom etgan.
Suratga olish ishlari umumiy hisobda 70 kunga yaqin davom etgani uchun hali mehnati bor, hali yana ishi bor, degan hissiyotga oʻrganib qolganmanda. Film mening kun davomida oʻylaydigan narsalarim orasidan joy olgandi. Shu sababli ham oxirgi suratga olish kunida — boʻldi tugatdim, endi yengilman, ozodman, degan narsani his qilmaganman. Bu hissiyot faqatgina premyeradan keyin boʻlgan.
Ungacha postpradakshn, montaj, dublyaj, grafika, boʻyash va hokazo jarayonlarda ham “hali ishim bitmadi”, degan fikr tark etmagan. Filmni tugatib, kinoteatrlarga topshirgandan keyingina, ikki yil deganda yengil nafas oldim.
Nima deb oʻylaysiz muxlislar “Uch qahramon” filmini qanday qabul qildi? Siz oʻzingiz kutgan reaksiya boʻldi deb hisoblaysizmi?
— Umumiy olib aytganda, aksariyat tomoshabin yaxshi qabul qildi. Bundan juda ham xursand boʻldik. Nafaqat men, balki butun ijodiy jamoamiz bilan birga uzoq va mashaqqatli yoʻl bilan yaratilgan film hamda buni yaratish jarayonida oʻzimizning qurbonliklarimiz boʻldi. Ancha narsadan kechishga, koʻp narsani mana shu film uchun qurbon qilishimizga toʻgʻri keldi.
Oʻylaymanki, mana shu sa’y-harakatlarimiz, mehnatimiz, ishonchimiz oʻzini oqladi. Aksariyat tomoshabinlar tomonidan biz kutgan reaksiyadan ham koʻproq reaksiyalar boʻldi. Aynan biz aytmoqchi boʻlgan gʻoyani tushungan tomoshabinlar boʻldi. Biz koʻrsatmoqchi boʻlgan yangicha yondashuvni e’tirof etgan tomoshabinlar boʻldi.
Shu sababli ham tomoshabinlarning qabul qilishi boʻyicha ijobiy javob ayta olsam kerak. Albatta, tanqidlar ham, e’tirozlar ham bor. Ularning orasida oʻrinli fikrlar ham, oʻrinsiz fikrlar ham bor. Mana shu bildirilayotgan fikrning oʻzi, odamlarning e’tibor qaratayotgani ham biz uchun katta yutuq.
Kassa yigʻimlari haqida gapirsangiz. Kutilganidek boʻldimi?
— Kassa boʻyicha statistikalarni ayta olmayman. Lekin ayta oladigan narsam shuki, Oʻzbekiston kino sanoati uchun, Oʻzbekfilm uchun, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan kinolar orasida kassa yigʻimlari boʻyicha soʻnggi besh yilda eng yuqori koʻrsatkichni koʻrsatdik, deb ayta olaman.
Pandemiyadan keyingi davrda tomoshabinlarni jalb qilish boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichni qoʻlga kirita oldik. Bizga shunday ma’lumotlar berishdi, shu sababdan juda ham xursandmiz. Albatta, bu dunyo bozori miqyosida qaraganda arzimas yutuqlar, lekin Oʻzbekiston darajasida, oʻzbek filmlari orasida bu katta yutuq hisoblanadi.
Sababi, xususiy kinoteatrlarimizda mart oyigacha filmning aktualligi yoʻqolmadi. Dekabr oyidagi ilk prokatning dastlabki ikki uikend juda ham yaxshi natija berdi, sold-out'lar boʻldi.
Premyeraning ikkinchi yoki uchinchi kunida oʻzim bosh rol ijrochisi Shohruh Hamdamov bilan Tashkent City’dagi kinoteatrga bordik. Oʻzimizga ham joy yetmay, zinada oʻtirib, tomosha qildik va bundan juda ham xursand boʻldik. Tomoshabin nafaqat Milliy kino san’ati saroyiga, balki undan bir necha baravar qimmat boʻlgan xususiy kinoteatrlarga ham tushayotganiga xursand boʻldik.
Birinchi uikendimizda juda ham xursand boʻlgan jihatimiz — xususiy kinoteatrlarda umumiy kassa yigʻimlari boʻyicha ikkinchi oʻrinda turgandik, birinchi oʻrinda esa Disney studiyasining “Moana” multfilmi edi.
Kinoga nisbatan qanday tanqidlar boʻldi?
— Albatta, tanqidlar ham boʻldi. Yuqorida aytganimdek, oʻrinli ham, oʻrinsiz ham tanqidlar boʻldi. Biz bularning barchasidan oʻzimizga kerakli boʻlgan xulosalar chiqarishga harakat qildik. Sababi, tomoshabin bildirgan fikr biz uchun asosiy ozuqa, ishni boshlashga va davom ettirishga yordam beradigan birlamchi nuqta hisoblanadi. Shu sababdan fikrlarga obyektiv yondoshgan holatda toʻgʻri xulosa chiqarishga, keyingi loyihalarimiz uchun toʻgʻri yondoshishga harakat qildik.
Koʻpchilik fikrlar grafikamiz yoki murakkab postanovkali sahnalarimizga nisbatan boʻldi. Sababi, tomoshabinlar uni Gollivud filmlari yoki dunyodagi boshqa mashhur franshizalar bilan solishtirdi. Qaysidir, ma’noda tomoshabinning bunga haqqi bor, lekin bu adolatli emas, deb bilaman.
Chunki solishtirilayotgan filmlar va biz suratga olayotgan kinolarning yaratilish jarayonidagi imkoniyatlar, moliyaviy jihatdan, kadr jihatdan va boshqa omillar jihatidan ham juda katta farq qiladi. Bu aynan mana shunday murakkab postanovkalarga kelganda yuz ming soʻmlik narsa bilan yuz dollarlik narsani solishtirgandek gapda. Film dramaturgiyasi, aktyorlar mahorati va boshqalarni aytmayapman, aynan texnik imkoniyatlar haqida gapirmoqchiman. Shu sababdan ham bu fikrlar koʻp boʻldi, biz buni toʻgʻri qabul qilamiz.
Shuni ayta olamanki, hozirgi kundagi biz koʻrsatgan natija ajratilgan byudjet yoki vaqtga nisbatan qoʻlimizdan kelgan eng maksimum natijadir. Men ham, grafikachilar jamoasi ham, ijodiy jamoa ham halol mehnat qilib, oʻzini toʻlaqonli shu loyihaga bagʻishlab, imkon boricha yaxshi mahsulot chiqarishga harakat qildik.
Kinochilardan qanday fikrlar eshitdingiz?
— Kinochilardan ham yaxshi fikrlar eshitdim. Bunday e’tiroflar boʻladi, deb kutmagandim. Ustoz rejissyorlardan, hamkasblardan, kino arboblaridan yaxshi va iliq fikrlar boʻldi. Bu biz uchun katta mukofot boʻldi. Sababi mana shunday hamkasblarni, oʻzimiz uchun ustoz deb bilgan odamlarning bunday fikrlariga loyiq boʻlish har bir ijodkorning orzusi boʻlsa kerak.
Keyingi loyihalaringiz / rejalaringiz haqida ayta olasizmi?
— Hozirgi kunda bir nechta loyihalar boʻyicha ish olib boryapmiz. Bular orasida davlat buyurtmasiga asosan Oʻzbekfilm kinostudiyasi orqali suratga olinayotgan loyiha bor, bir xususiy studiyadan ham taklif tushgan. Shuningdek, bugungi kino san’atimizda onlayn platformalar ham katta oʻrin tutmoqda, ulardan ham taklif boʻlmoqda.
Hozir kelishuvlar, suhbat, bahs-munozaralar jarayonida turibmiz. Bundan tashqari, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kinoijodkorlari bilan hamkorlikda loyiha boshlash niyatim bor. Hozir bu masala boʻyicha ham ssenariy va qolgan shart-sharoitlar masalasida muzokaralar boʻlyapti.
Ijoddan toʻxtash yoʻq, ijoddagi saviyani tushirish yoʻq. Shunday yaxshi sifatli, yuqori saviyali va ma’no-mazmunga ega boʻlgan, tomoshabinlarga manzur boʻladigan kinolar olishda davom etamiz. Bundan keyingi loyihalarga toʻliq kuchim bilan, barcha ilm-salohiyatim bilan va vijdonan yaratishga tomoshabinlarga va’da beraman.
“Uch qahramon” filmini ushbu havola orqali tomosha qilish mumkin.
