"Biz otlar emasmiz, biz insonmiz": "Kalmar oʻyini" serialining uchinchi mavsumiga taqriz

Netflix 27-iyun kuni “Kalmar o‘yini” serialining soʻnggi uchinchi mavsumini e’lon qildi. Tanqidchilar uchinchi mavsumni ijobiy qabul qildi, biroq final ko‘plab tomoshabinlarga yoqmadi. Bu Rotten Tomatoes reytingida 42 ta professional sharhga koʻra 82% va oddiy foydalanuvchilarga koʻra esa 50% baholangan.
Tomoshabinlarning uchinchi mavsumga bo‘lgan e’tirozlari orasida yetarlicha yoritib berilmagan syujet chiziqlari, qahramonlarning mantiqsiz xatti-harakatlari, dramaning haddan tashqari oshib ketishi kabilar bor.
Afisha.uz muxbiri ham soʻnggi yilarda eng koʻp muhokamalarga sabab boʻlgan serialning yakuniy mavsumini tomosha qildi va quyida shu haqda soʻz boradi.
Avvalgi mavsumlarda nimalar boʻlgandi?
Birinchi mavsumda bosh qahramon Son Gi-Xun, oddiy omadsiz qimorboz bilan tanishamiz. U xavfli odamlardan qarzdor, onasi kasal, sobiq rafiqasi esa Amerikaga koʻchib, qizini oʻzi bilan olib ketmoqchi. Gi-Xun va boshqa 455 oʻyinchi katta pul mukofoti qoʻyilgan sirli oʻyinga kirishadi. Bu o‘yinda yutqazgan odam o‘ladi yoki oʻldiriladi. O‘yinlar koreys bolalar o‘yinlariga asoslangan, biroq har biri nafaqat jismoniy, balki axloqiy sinovdan ham iborat.
Bunga parallel tarzda yosh politsiyachi Hvan Chun Honing hikoyasi ochib beriladi — u yo‘qolib qolgan akasi In Honi topish uchun o‘yinda xodim sifatida yashirincha ishtirok etadi. Chun Ho oxir-oqibat akasini topadi, biroq aniqlanishicha, In Ho o‘zi o‘yinning boshqaruvchisi bo‘lib chiqadi. In Ho ukasiga o‘q uzadi va Chun Ho jarlikdan dengizga qulaydi, biroq tirik qoladi.
456-oʻyinchi boʻlgan Gi-Xun qonli oʻyinlarda ishtirok etadi va gʻolib boʻladi. U 45,6 milliard von pul mukofotiga ega chiqadi. Ammo bu uchun juda koʻp yaqiniga aylangan odamlarni qurbon qilishga, oʻlimini koʻrishiga toʻgʻri keladi.
Oʻyin yakunlangach, Gi Xun AQShga qizining oldiga uchishga tayyorlanayotganda, metro bekatida bir erkak o‘zini ham bir paytlar taklif qilgan yollovchi bilan oʻyin o‘ynayotganini ko‘rib qoladi. Gi Xun o‘sha erkakning tashrif qog‘ozini tortib olib, unda ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qiladi. Boshlovchi unga ahmoqlik qilmasdan qizining oldiga uchishni maslahat beradi, ammo Gi Xun fikridan qaytib, boshlovchiga qarshi kurashishga qaror qiladi va aeroportni tark etadi. Birinchi mavsum yakunlanadi.
Ikkinchi mavsum esa oddiy hayotga qayta olmayotgan Gi Xun bilan boshlanadi. U o‘zi yutgan pullarni yollovchini topishga sarflay boshlaydi, maqsadi esa yana o‘yinga kirib, uni ichidan vayron qilish edi. U detektiv Chun Ho bilan birlashadi. Ular sirli ziyofatga olib boruvchi izni topadi. Aynan shu yerda Gi Xun o‘z ixtiyori bilan yana o‘yinga qaytadi. Ayni paytda Chun Ho yollanma jangchilar jamoasi bilan o‘yinlar o‘tkaziladigan orolni topish bo‘yicha izlanishni boshlaydi.
Yangi o‘yinda yana 456 nafar ishtirokchi qatnashadi. Har bir sinovdan so‘ng o‘yin davom ettirilishi yoki mukofot jamg‘armasi bo‘linib, o‘yin to‘xtatilishi boʻyicha ovoz berish oʻtkaziladi. Gi Xun esa ishtirokchilarga tanlov bu faqat illyuziya, ya’ni yolg‘on erkinlik ekanini tushuntirishga urinadi. O‘yinlar yanada shafqatsiz va murakkab tus oladi.
Shuningdek, ikkinchi mavsumda nafaqat Gi Xun va detektivning syujet chiziqlari, balki oʻyin xodimlari orasidagi 11-ishchining taqdiri ham namoyish etiladi. U qizi kasal boʻlgan oʻyinchini qutqarishga harakat qiladi. Jarayonda u magʻlub boʻlgan ishtirokchilarning ichki organlarini sotish bilan shugʻullanadigan xodimlarga qarshi kurashadi.
Gi Xun yetakchiligidagi guruh qo‘zg‘olon uyushtiradi — ular qurollarni qo‘lga kiritib, tizimga qarshi hujumga o‘tadi. Biroq o‘yinlar hanuzgacha to‘liq nazorat ostida bo‘lib, qo‘zg‘olon bostiriladi va ko‘plab ishtirokchilar halok bo‘ladi. Hal qiluvchi pallada esa ilgari ittifoqchi sifatida ko‘ringan 001-raqamli o‘yinchi — In Ho guruhga xoinlik qiladi. Ikkinchi mavsum yakunlanadi.
Uchinchi mavsum syujeti
Voqealar ikkinchi mavsumda toʻxtagan joyidan boshlanadi. Qoʻzgʻalon bostiriladi, unda ishtirok etganlar oʻldiriladi. Ammo Gi Xun tirik qoldiriladi va oʻyinchilar oldiga qaytariladi. Ovoz berish oʻtkaziladi. Unda oʻyinni davom ettirishni xohlaydigan ishtirokchilar koʻpchilikni tashkil qiladi. Shu sababdan oʻlim oʻyinlari davom ettiriladi.
Navbatdagi bahs berkinmachoqning analogi boʻlsa, keyingi oʻyin arqon sakrash oʻyinini eslatadi. Finalda esa ishtirokchilar oʻzaro ovoz berish orqali oʻyinchilarni chiqarib yuborishi kerak boʻladi.
“Har kim oʻzi uchun” mantigʻi
Soʻnggi yillarda kinematografiyada yaxshi boshlangan hikoyalarni mana shunday yaxshi holda tugatish bilan muammolar boʻlmoqda. Afsuski, “Kalmar oʻyini” seriali ham bundan holi boʻlmadi. Qahramonlarining harakatlarini istalgancha baholash, ba’zilarini yomon koʻrish, ba’zilariga simpatiya qilish mumkin. Ammo yakunda ularning hammasi oʻlishini sezish qiyin emas. Chunki bu oʻyin va unda faqatgina bitta gʻolib boʻladi.
Serial yaratuvchilari uchinchi mavsum avvalgilaridan koʻra qonliroq boʻlishi haqida intervyu berganda ham buni tushunish mumkin edi. Ammo yaratuvchilarning oʻzi syujet liniyalarini chalkashtirib, janr qoidalarini buzganini koʻrish mumkin. Buni 011-xodim va u qutqarib qoladigan ishtirokchining taqdiri bilan isbotlash mumkin.
“Kalmar o‘yini” dunyosida shafqatsiz tamoyillar amal qiladi. Bunda axloq va shaxsiy manfaat oʻzaro murosaga bormaydi, boshqalarga yordam berish uchun esa oʻzingni qurbon qilishing kerak. Bosh qahramon har qanday vaziyatda ham hamdardlikka, boshqalarga yordam berishga qodir, lekin birinchi mavsumda tirik qolish instinkti va pulga chanqoqlik ko‘pincha ustun kelagnini koʻrishimiz mumkin, chunki aynan ishqibozlik va qarzlar uni bu tuzoqqa tortgan edi.
Ikkinchi oʻyinda burilish nuqtasi 222-ishtirokchi hisoblanadi. U homilador holida qatnashayotgandi va oʻyinlarning birida farzandini dunyoga keltiradi. Chaqaloq Gi Xunnig (oʻyin yaratuvchilariga boʻlgan) gʻazabini mehrga aylantirsa, VIP-kuzatuvchilarning naqadar salbiy personajlar ekanini namoyish etadi.
Bosh qahramon “har kim o‘zi uchun” mantig‘i bo‘yicha o‘ynashdan bosh tortadi. Lekin undan oldin “Biz ot emasmiz. Biz insonmiz. Insonlar — …” jumlasini aytadi. Bu frontmen va Gi Xun o‘rtasidagi ikkinchi mavsumdagi limuzinda boʻlgan suhbatga ishora qiladi. Aynan shu uzuq-yuluq fikr butun serial falsafasini tushunishning asosiy kalitlaridan biri hisoblanadi.
Uchinchi mavsum uchun yogʻdirilayotgan tanqidlar orasida qahramonlarning mantiqsiz harakatlari haqida koʻp gapirilmoqda. Goʻyo ular aniq bir qarorga, prinsipga kelmagan. Yaxshilik yoki yomonlik tomonini tanlay olmagan yoki u shoxdan bu shoxga sakrayotgan personajlarning koʻpligi ta’kidlanmoqda.
Ammo shuni unutmaslik kerakki “Kalmar oʻyini"da qatnashayotgan har bir inson oʻlim xavfi bilan yashamoqda. Inson oddiy hayot kechirayotgan vaqtida ham juda ziddiyatli va tushunish qiyin boʻlgan mavjudot hisoblanadi. Dunyo “Kalmar oʻyini"ning tashkilotchilari oʻylaganidek, faqat yaxshilik va yomonlikdan iborat emas. Oʻlim qatshisida turgan inson oʻz prinsipiga qarshi borishi bu juda oddiy holdir.
Uchinchi mavsumda dramatizm haddan oshib ketgani rost. Ba’zi hollarda syujetni rivojlantirmaydigan dialoglar biroz zeriktirishi ham mumkin. Yaratuvchilar birinchi mavsumga qilingan ishoralar orqali buni yashirishga harakat qilgan. Masalan, final davomida biz ilk mavsumdagi 001-oʻyinchini koʻrishimiz mumkin. Shuningdek, avvalgi oʻyin finalchilaridan biri boʻlgan qiz ham Gi Xunning xayollarida namoyon boʻladi.
Xulosa
Uchinchi mavsum Janubiy Koreya serialining yakuni boʻlsa-da, “Kalmar oʻyini” olami kengayishdan toʻxtash niyatida emas. Mish-mishlarga koʻra, AQShda ham serial suratga olinadi va unga Devid Fincher rejissyorlik qiladi. Uchinchi mavsumning yakunida bunga ishorani koʻrish mumkin.
Avvalgi mavsumlar inson qadr-qimmatini tizimli ravishda yo‘q qilishga asoslangan jamiyat haqidagi serialni taskin beruvchi final bilan yakunlash mumkin emasligini isbotladi, ammo “Kalmar oʻyini"ning intihosi buni rad etadi.
Serial bizga kichik, ammo so‘nmas umid uchqunini beradi. Bittagina boʻlsa ham oqko‘ngil odam ham uni yo‘q qilishga urinayotgan tizimdan kuchliroq bo‘lib chiqishi mumkin. Agar inson o‘z xatti-harakatlari bilan yaratayotgan dunyo bo‘lajak farzandi uchun xavfsiz ekaniga (hatto faraziy bo‘lsa ham) ishonsa, unda bu o‘yinda aniq g‘olib chiqqan boʻladi.

"Kalmar oʻyini" soʻnggi mavsumini tomosha qilishdan oldin nimalarni bilish kerak?
Keling, bularning barchasi qayerdan boshlanganini, qanday yaratilganligini va nima uchun "Kalmar oʻyini" shunchaki hit emas, balki ogʻriqli dolzarb masala ekanligini eslaylik.