"Suyunchi" filmi Janubiy Koreyadagi festivalda “Eng yaxshi film” deb topildi

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida 26−28-iyun kunlari ilk bor “Incheon International Folk Film Festival” festivali boʻlib oʻtdi. Uning doirasida rejissyor Melis Abzalov tomonidan suratga olingan “Suyunchi” filmi “Eng yaxshi film” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi, deya xabar bermoqda Milliy kino san’ati saroyi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, festivalda dunyoning 40 dan ortiq davlatidan ishtirok etgan filmlar orasida “Suyunchi” filmi o‘zbek xalqining qadimiy an’analari, oila qadriyatlari va boy madaniy merosini chuqur va ta’sirchan ifodalagani bilan ajralib turdi hamda xalqaro tomoshabinlar qalbidan ham o‘rin oldi.
Hakamlar hay’ati filmni “folklor va zamonaviy kinematografiyani mahorat bilan uyg‘unlashtirgan, avlodlar o‘rtasidagi bag‘rikenglik va uzviylikni yurakdan tuyuntira olgan asar” deya e’tirof etgan.
Shuningdek, festival doirasida O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan mamlakat madaniyati, tarixi, urf-odatlari, san’ati, turizm salohiyati va ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma ham tashkil etildi. Unda milliy liboslar, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, ipakchilik mahsulotlari, xalq amaliy san’ati namunalari, kitob va qo‘llanmalar keng namoyish etildi.