Tom Holland "Odisseya" filmidagi rolini "hayotidagi asosiy ish" deb atadi

Kristofer Nolanning “Odisseya” filmida suratga tushayotgan Tom Holland ushbu loyihadagi ishtirokini “hayotidagi asosiy ish” deb atadi. U “GQ Sports"ga bergan intervyusida Nolan bilan tanishganidan va undan o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lganidan xursand ekanini aytdi.
“Bu ajoyib boʻldi. Shubhasiz, hayotimdagi asosiy ish. Faoliyatimdagi eng yaxshi suratga olish tajribasi boʻldi. O‘ylaymanki, film ham noyob va biz avval ko‘rgan barcha narsalarimizga o‘xshamaydigan boʻlib chiqadi”, — dedi Holland.
“Odisseya” filmini suratga olish jarayonida Tom boshqa aktyorlar, masalan, Mett Deymon va Enn Xeteuey bilan ham tanishdi.
“Men ular bilan birga sahnalarda chiqishni tasavvur ham qilmagandim. Ulardan o‘rganaman, do‘stlashaman, deb orzu ham qilmagandim. Men bajarilgan ishdan juda faxrlanaman”, — deya qo‘shimcha qildi aktyor.
Aktyor bosh qahramon, shoh Odisseyning (Mett Deymon) o‘g‘li Telemax rolini o‘ynagan. Filmga Gomerning shu nomdagi asari asos bo‘lgan. Syujetga ko‘ra, Odissey Troya urushidagi g‘alabadan so‘ng o‘z vatani Itaka oroliga qaytadi. Yo‘lda u ko‘plab xavf-xatarlarga duch keladi va ekipaj a’zolarining o‘limi haqida xabar topadi.
Film aktyorlari tarkibida Zendaya, Robert Pattinson, Lupita Niongo, Sharliz Teron, Elliot Peyj, Jon Berntal va Mia Got ham bor. Suratga olish ishlari Sitsiliya, Buyuk Britaniya va Marokashda olib borilmoqda. “Odisseya” toʻliq IMAX kameralarida suratga olingan birinchi film bo‘ladi. “Odisseya” premyerasi 2026-yil 17-iyulga belgilangan.