Bilishingiz kerak boʻlgan 8 nafar oʻzbek rejissyori

Kino — allaqachon barchaning e’tirofini qozongan san’at shakli. Unda inson o‘z mavjudligi, ichki kechinmalari va orzu-maqsadlarini ifoda etadi. Bu san’atning yaratilishida esa rejissyorlarning oʻrni boʻlak. Har bir davr o‘z uslubi va ovoziga ega bo‘lgan rejissyorlar bilan esda qoladi. Afisha.uz ushbu maqolada oʻziga xos yondashuvi hamda ijodiy qarashlariga ega boʻlgan oʻzbek rejissyorlari va ularning bir nechta filmlarini taqdim etadi.
Ayub Shahobiddinov
“Qor qo‘ynida lola”, “Parizod”, “Rangsiz tushlar” kabi filmlari bilan xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan Ayub Shahobiddinov — zamonaviy o‘zbek kinosining eng sermahsul va talantli rejissyorlaridan biri. Noan’anaviy syujet, chuqur psixologik obrazlar va minimalistik yondashuvi bilan ajralib turadi.
“Telba”
“Telba” — o‘zbek kino olamida insoniylik, sevgi va ijtimoiy tengsizlik haqida hikoya qiluvchi filmlardan biri sanaladi. Filmda hayotga bo‘lgan qarashlar, ijtimoiy toifadagi tafovutlar va ularning to‘qnashuvi ochib berilgan. Bosh rollarni Ulug‘bek Qodirov va Dilnoza Kubayeva mahorat bilan ijro etgan. Komedik sahnalar bilan birga insonni chuqur o‘ylantiradigan dramatik epizodlar ham filmni tomoshabin qalbiga yaqinlashtirgan. Shu sabab, “Telba” hanuzgacha tomoshabinlar tomonidan qayta-qayta ko‘rilmoqda. Filmning Indi ijrosidagi saundtreklar esa bugungi kungacha tinglovchilar tomonidan izlab, tinglab kelinadi.
“Kechikkan hayot”
Mahoratli aktyorlar jamoasi tomonidan yaratilgan ushbu film inson taqdiri va qalbi tubidagi sof istaklari haqidagi ajoyib psixologik melodrama hisoblanadi. Muvaffaqiyatli muharrir Shahodat 30 yoshida oddiy qassobga turmushga chiqadi. Kutilmagan tanlov orqasidan kelgan his-tuyg‘ular va sinovlar — bu hayot kechikkan bo‘lsa ham, chinakamiga endi boshlanadi. Film xalqaro festivallarda e’tirof etilgan.
“Parizod”
Parizod — Ayub Shahobiddinov rejissyorligidagi falsafiy drama bo‘lib, qishloq muhitida ulg‘aygan, urushda otasini yo‘qotgan yosh qizning orzulari va ruhiy kechinmalari haqida hikoya qiladi. Film realistik obrazlar va ramziy sahnalar orqali insoniylik, umid va o‘zlikni anglash mavzularini o‘rtaga tashlaydi. Turli xalqaro kinofestivallarda yuqori baholangan bu asar tomoshabinga chuqur ruhiy ta’sir o‘tkazadi.
Abduvohid Gʻaniyev
Abduvohid Gʻaniyev oʻzbek kino olamida oʻz uslubi va mahorati bilan ajralib turuvchi rejissorlardan biri. Uning “Sevginator” filmini koʻrmagan tomoshabin boʻlmasa kerak. Bundan tashqari, rejissyorning “Elparvar” filmi Kann festivali doirasida namoyish etilgan. Uning filmlari zamonaviy o‘zbek jamiyatining turli qatlamlaridagi muammolar, kundalik hayot va shaxsiy dramalarini yumor bilan yoritishi bilan ajralib turadi. U tomoshabinni kuldirish bilan birga, o‘ylantirib ham qoʻyadi.
“Oʻzimdan oʻzimgacha”
Ushbu o‘zbek filmi ko‘pchilik kino ixlosmandlariga tanish bo‘lib ulgurgan va shu bilan birga o‘zining muxlislariga ega. Filmda Adiz Rajabov, Shahzoda Matchonova hamda Madina Muxtor bosh rollarni ijro etishgan. Syujet voqealari biri shaharda, ikkinchisi esa qishloqda yashovchi qiyofadoshlarning kutilmaganda o‘rin almashib qolishi bilan boshlanadi. Ammo voqealar rivoji ko‘plab sinov va tushunmovchiliklarga olib kelgan bo‘lsa-da, film yakuni kutganimizdek yaxshilik bilan tugaydi.
“Qutqaring qariyapman"/ “Qutqaring, sevib qoldim”
Komediya janridagi bu film 2017-yilda suratga olingan boʻlib, oʻzining kutilmagan vaqealari bilan hayratda qoldiradi. Filmda Adiz Rajabov, Shahzoda Matchonova, Aziz Umrzoqov, Sayyora Yunusova, Toʻztamurod Azizov, Sharofat Rahmatullayeva kabi aktyorlar rol ijro etishgan. Syujet markazida — oddiy, soddadil yigit Qudrat turadi. U boylik va shon-shuhrat orzusida yashaydi, biroq bir kuni devordan yiqilib tushadi va hushini yo‘qotadi. Ana shundan so‘ng, uning hayoti go‘yoki orzudek bir yo‘lga buriladi. Film orzular va real hayot o‘rtasidagi ziddiyatlarni yumor bilan yoritadi, tomoshabinga esa samimiy his-tuyg‘ular va iliq kayfiyat ulashadi.
Akbar Bekturdiyev
Zamonaviy o‘zbek kinosining iqtidorli rejissyori va ssenariynavisi bo‘lib, tomoshabinlar qalbidan joy olgan bir qator muvaffaqiyatli filmlar muallifi sifatida tanilgan rejissyor. Uning asarlari, odatda, hayotiy voqealar, oila, sevgi va insoniy qadriyatlarni yengil komediya yoki dramatik yo‘sinda yoritadi. Rejissyor hozirgi kunda Ulugʻbek Qodirov bilan yangi loyiha “Oʻzbek oʻgʻloni” nomli filmni suratga olish jarayonida.
“Soʻnggi lahza”
“So‘nggi lahza” — inson hayotidagi eng muhim qarorlar, chinakam tuyg‘ular va har bir daqiqaning bebaho ekanligini yorituvchi chuqur dramatik hikoya. Rollarni Alisher Uzoqov, Gulchehra Eshonqulova, Lola Eltoyeva, Erkin Komilov va Shaxzoda Matjonova kabi aktyorlar ijro etishgan. Syujet markazida — oddiy hayot kechirayotgan, ammo muhim qaror oldida qolgan insonlar taqdiri turadi. Film voqealari kutilmagan burilishlarga boy bo‘lib, qahramonlar hayotidagi eng muhim — “so‘nggi lahza"ni qanday qarshi olishlarini ko‘rsatadi. Ba’zida bitta lahza butun umrni o‘zgartirib yuborishi mumkin — bu film aynan shu g‘oyani yoritadi.
“Jazo”
Bu film ham oʻsha davrning boshqa kino asarlaridagi notinch yoshlar hayotini kayfiyatini beradi. Noqonuniy janglar, tungi hayot, pul bilan boʻgliq qiyinchiliklar va adolatsizlik fonida chin sevgi, mehr haqida soʻzlovchi ajoyib hikoya. Filmdagi bosh rollar Ulugʻbek Qodirov, Dilnoza Kubayeva, Lola Eltoyeva kabi mahoratli aktyorlar tomonida ijro etilgan.
“Baxt uyi”
Ushbu melodrama atrofimizda real dunyoda uchrab turuvchi insonlar hayotini ochib bergan kino hisoblanadi. Filmning asosiy mavzusi hayotga boʻlgan umid va ishonch boʻlib, opa- singilning turli xil taqdiridagi hodisalar va ichki kechinmalari yoritilan. Rollarni Dilnoza Kubayeva, Lola Eltoyeva, Adiz Rajabov, Otabek Musayev, Munavvar Abdullayeva, Karim Mirhodiyev, Ra’no Yarasheva kabi mahoratli aktyorlar oʻynashgan.
Bahrom Yoqubov
Bahrom Yoqubov o‘zbek kinosining eng mashhur va ommabop rejissyorlaridan biri. U komediya, melodrama va sarguzasht janrlarini muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirib, xalqona hazil va zamonaviy muammolarni bir sahnaga jamlay olgan ijodkor sifatida e’tirof etiladi. Uning “Super kelinchak”, “Men yulduzman”, “Zumarad va Qimmat” kabi fimlari aynan shu mavzularda ajoyib asarlar hisoblanadi.
“Majruh”
Bahrom Yoqubov tomonidan ishlangan bu film insoniy fidoiylik, muhabbat va kechirim haqida dramatik hikoya. Kasal qiz Sevaraning so‘nggi orzusi — turmush qurish. Uni qutqarib qolgan yigit Farrux bu orzuni amalga oshiradi, biroq bu qaror hayotlarini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Bosh rollarda Ulug‘bek Qodirov, Shahzoda va Saida Rametova. Film yurakka ta’sir qiluvchi sahnalari bilan tomoshabinni o‘ylantirib qo‘yadi.
“Fotima va Zuhra”
Oʻlmas Umarbekov tomonidan yozilgan detektiv asar kino talqinida ham koʻpchiliknigh sevimli filmiga aylangan. Fotima akasining yomon yo‘ldagi xatti-harakatlari tufayli og‘ir hodisaga duchor bo‘ladi. Bu voqealardan soʻng Zuhra oilasi uchun qasos olishga kirishadi. Filmda muhabbat, adolat va ijtrimoiy muammolar mavzulari ochiq-oydin aks etadi. Asarda Shahzoda bosh rolni o‘ynagan va mashhur qo‘shiqlari saundtrek sifatida ishlatilgan.
“Yondiradi kuydiradi”
Komediya-melodrama janridagi film tomoshabinga yengillik, iliqlik va yaxshi kayfiyat ulashadi. Boy oilaning zamonaviy qizi hamda oddiy, chapani yigitning o‘rtasidagi munosabatlari asarladigi tanish mavzuga yangi ruh baxsh etadi. Film oddiy syujet doirasida bo‘lishiga qaramay, o‘ziga xos uslub, samimiylik, dialoglar va aktyorlik ijrosidagi tabiiylik bilan ajralib turadi. Ulug‘bek Qodirov, Saida Rametova va Lola Yo‘ldosheva kabi tajribali aktyorlarning mahorati filmga alohida qiziqish uygʻotadi.
Rashid Malikov
Rashid Malikov oʻzbek kino san’ati nafaqat rejissyor yoki ssenariynavis sifatida balki aktyor sifatida ham oʻzining oʻchmas hissasini qoʻshgan. Oʻzining uslubi, estetikasi bilan ajralib turuvchi ijodkorlar qatorida turadi. Malikovning kinematografik uslubi realistik tasvir, hissiy dramatizm va falsafiy yondashuv bilan ajralib turadi.
“Togʻa”
“Togʻa” filmi oʻz yoʻnalishi bilan ajralib turuvchi kinolardan biri boʻlib, undagi muhit tubdan farq qiladi. Film davomida tomoshabinni chigal hislar qamrab oladi. Film bolalik, mas’uliyat va mardlik mezonlarini jinoyatchilikdan holi, samimiy qahramon olamiga olib kiradi. Buyuk shaxmat musobaqasi oldidan, Sanjar o‘z bolalik yillardagi ta’tilini Buxoroda — Jumash aka uyida o‘tkazadi. Film Rashid Malikov tomonidan yozilgan va suratga olingan bo‘lib, unda Bobur Yo‘ldoshev, Zarina Nizomiddinova, Nigora Karimboyeva, Feruza Sobitova va boshqa mahalliy aktyorlar ishtirok etadi.
“Sabot”
“Sabot” — sobiq harbiy, qoraqalpoq jangchisi haqida chuqur psixologik drama. Film 1989-yilda Qoraqalpog‘istonning chekka qishlog‘ida sodir bo‘ladi: bosh qahramon maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi sifatida ishlaydi, biroq saraton kasalligi chalingani ma’lum boʻladi. Oʻlim oldidan oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishish yoʻli boshlanadi. Film aktyorlar Karim Mirkhodiyev, Nigora Karimboyeva, Saydulla Moldaxanov, Behzod Hamroyev, Zulxumor Mo‘minova kabi iste’dodlar ishtirokida yaratilgan. Bundan tashqari, “Sabot” bir nechta xalqaro festivallarda yuqori baholangan: Rossiyadagi “Volokolamsk chegarasi” harbiy-vatanparvarlik filmlari festivalida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan shuningdek, IV xalqaro Bridge of Arts motivatsion kino festivalida “Hakamlar hay’ati e’tirofi” nominatsiyasida taqdirlangan.
Yolqin Toʻychiyev
Yolqin To‘ychiyev — zamonaviy o‘zbek kinosining ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan, estetik va falsafiy salohiyatga ega muallifi. Uning ishlari ko‘plab xalqaro kinofestivallarda taqdim etilgan va yuksak baholangan. To‘ychiyev o‘zbek kino tiliga yangicha nafas olib kirgan ijodkor sifatida e’tirof etiladi.
“Evrilish”
“Evrilish” — Yolqin To‘ychiyev rejissyoraligida suratga olingan psixologik drama. Afg‘on urushidan qaytgan askar Rustamning ichki kurashi va hayotiy burilishlari orqali inson ruhiyati, xotira va kechirim mavzulari yoritiladi. Film Pusan va Qozon kabi xalqaro kinofestivallarda e’tirof etilgan. Aktyor jamoasini Oʻlmas Oʻrayev, Bahrom Matchonov, Botir Abdurahmonov, Joʻrabek Arziyev, Ilmira Rahimjonova, Yulduz Rajabova, Igor Buxidze, Yevgeniy Moskvichev kabi aktyorlar tashkil qiladi.
“Janob hech kim”
“Janob hech kim” o‘zbek drama-komediyasi boʻlib, ssyujet markazida onasi vafotidan so‘ng togʻasining qaramog‘iga topshirilgan Alisher ismli yigit turadi. Film oilaviy munosabatlar, mas’uliyat, insoniy qadriyatlar hamda chin sevgi haqida hikoya qiladi. Asosiy rollarda esa Alisher Uzoqov, Asal Shodiyeva, Gulchehra Eshonqulova, Abdushukur Abdurahmonov kabilar ishtirok etgan.
“Faridaning ikki ming qoʻshigʻi”
To‘ychiyev tomonidan suratga olingan tarixiy drama. 1920-yillar Turkistoni fonida kechadigan bu film ayollar taqdiri, oila va jamiyatdagi ziddiyatlar haqida hikoya qiladi. Filmda Yulduz Rajabova, Bahrom Matchonov, Sanobar Haqnazarova, Ilmira Rahimjonovalar rol ijro etishgan. Estetik vizual uslub va chuqur psixologik obrazlar bilan ajralib turadi. Bir qator xalqaro kinofestivallarda namoyish etilgan va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Rustam Sagdiyev
Rustam Sagdiyev — o‘zbek kinosining eng taniqli va sermahsul rejissyorlaridan biri. Rejissyorning “Muhabbat sinovlari” filmi aksariyatning sevimli kinolari sirasiga kiradi, hatto filmning saundtreklari hozirku kungacha eshitib kelinadi. Shuningdek, u yaratgan “Panoh”, “Baron, “Kelgindi kuyov” kabi filmlar nafaqat keng ommaga manzur bo‘lgan, balki zamonaviy o‘zbek kinosining uslubiy yo‘nalishiga ta’sir ko‘rsatgan. Sadiyev ijodida oila, fidoyilik, insoniylik va sinovlar orqali yetiladigan kuchli xarakterlar asosiy o‘rinni egallaydi. Uning filmlarida hayotiylik, emotsional dramatizm va tomoshabinni o‘ylantiradigan g‘oyalar ustuvor.
“Sotqin”
2010-yillardagi siyosiy vaziyat haqida ishlangan bu film ekstremizm qurboni bo‘lib qolgan oilaning ichki murakkabliklari va tuyg‘ularni yengib o‘tish harakatini yorituvchi drama. Film markazida ikki ukadan biri — Toshkentda jurnalist bo‘lishni orzu qilgan Sarvar turadi. U oilasini to‘g‘ri yo‘ldan qaytarishga intiladi, ammo vaqt o‘tishi bilan Sarvar ham zo‘ravonlik va jinoyatning tarmog‘iga botib ketadi. Film bu sirli burilishlar, iroda sinovlari va qarindoshlik tushunchasini sinaydigan dramatik voqealar orqali davom etadi. Asarda Ulug‘bek Qodirov, Ubaydullo Omon, Rayhon Ulasenova kabi yulduzlar ishtirok etgan.
“Panoh”
Bu film 2000-yillarning haqiqiy vaybni his qilish uchun eng yaxshi tanlovlardan hisoblanadi. Yirik tadbirkorning ikki qizini himoya qilish uchun ikki mutlaqo qarama-qarshi yigit tanlanadi: biri — sobiq harbiy, ikkinchisi — jinoyat olamidan chiqqan. “Panoh” filmi hayot, xavf, muhabbat va fidoyilik haqida. Film davomida ular o‘z qaramog‘idagi insonlar uchun faqat jismonan emas, balki ruhan ham qalqon bo‘lishga majbur bo‘ladilar. Unda Ulug‘bek Qodirov, Farrux Soipov, Gulchehra Eshonqulova kabi aktyorlar ishtirok etgan.
“Oʻgʻrigina kelin”
Yengil komediya janridagi filmda Dilnoza Kubayeva ijrosidagi qiz nohaq oʻgʻri deb ayblanadi va barcha voqea shundan boshlanib qiziqarli tus oladi. Bu film ishonch, adolat va hamdardlik mavzularini kulgu, hissiyot va insoniylik bilan birlashtirib yetarli darajada aks ettiruvchi kino asari. Kino ixlosmandlari uchun yoqimli dam olish va mulohaza uchun maydon taqdim etadi.
Zulfiqor Musoqov
Zulfiqor Musoqov — o‘zbek milliy kinematografiyasida o‘ziga xos ovozga ega bo‘lgan taniqli rejissyor va ssenariynavis. Uning “Osmondagi bolalar”, “Vatan”, “Oyijon”, “Abdullajon”, “Novda” kabi filmlari o‘zbek jamiyatidagi ijtimoiy muammolar, insoniylik, kechirim, fidoyilik va iymon kabi mavzularni teran yoritishi bilan ajralib turadi. Musoqovning uslubi — hayotiy realizm va kuchli dramatik chiziqni birlashtirgan holda, tomoshabinga ruhiy ta’sir o‘tkazishga qaratilgan. U o‘z filmlarida oddiy odamlar hayoti orqali katta falsafiy savollarni ko‘taradi.
“Qoʻrgʻoshin”
Bu drama 1950-yillar xavfli siyosiy muhit, qatagʻon darvri haqida hikoya qiladi. Bosh qahramonlardan biri “Qo‘rg‘oshin” taxallusi bilan tanilgan va har biri o‘z zimmasiga tushgan murakkab, mashaqqatli mas’uliyatni ado etishga intiladi. Zulfiqor Musoqov nafaqat rejissyor, balki ssenariy muallifi sifatida ham ishtirok etgan kinoda har ikki do‘st o‘z sharafi va vijdonini saqlab qolishga astoydil harakat qiladi. Aktyorlar safida Nigora Karimboyeva, Bobur Yo‘ldoshev, Otabek Musaev, Timur Musoqov, Mikhail Kaminskiy, Ra’no Shodieva, Aziza Bekmatova va boshqalar bor.
“Yaratganga shukur”
Eski samimiy oʻzbek filmlaridan biri “Yaratganga shukur” — bu oddiy buxgalter Sodiqjon hayotini o‘zgartiradigan mo‘jizani kashf etishi haqida sarguzashtli komediya-dramadir. Kinodagi bir sahnada Sodiqjon koʻzi koʻr bir kimsadan tilal tilaging deb soʻraydi, soʻqish kishi bunga javoban “- men xohlaymanki dunyodagi brchaning koʻzi meniki kabi koʻr boʻlib qolsin” deydi. Film — o‘zlik va iroda qudrati,doʻrtlik va insoniylik madhi, umid va iymon haqida iliq hikoya. 1997-yilda Zulfiqor Musoqov tomonidan rejissyorlik qilingan mazkur asar Yaponiya va O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan — aniqroq aytganda, Yaponiya taklifi bilan suratga olingan.
“Kasallik tarixi”
“Kasallik tarixi” — bu shifokorlar hayoti, ularning zimmasiga yuklatilgan og‘ir mas’uliyat va insoniy qarorlar haqida hikoya qiluvchi bir soatlik psixologik drama. Film voqealari asosan birgina xonada kechadi: bu yopiq makonda bir nechta murakkab holatlar va ularni hal qilish uchun talab etiladigan keskin qarorlar aks ettiriladi. Syujet bir bemorning operatsiyadan so‘ng vafot etishi va bu o‘limda bosh jarroh — Nurov ismli shifokorning ayblanayotgani bilan boshlanadi. Film davomida Nurovning ichki kechinmalari, unga nisbatan bosimlar, professional va axloqiy tanlovlar ochib beriladi.
Asarda do‘stlik va xiyonat, yolg‘on va haqiqat, mansab va vijdon, shuningdek, sof insoniy tuyg‘ular o‘rtasidagi ziddiyatlar mahorat bilan yoritilgan. Filmda Seydulla Maldahonov, Nigora Karimboyeva, Otabek Musaev va Bobur Yo‘ldoshev kabi aktyorlar ishtirok etishgan
