Kino tarixidagi mo‘jizaviy yillar: xotira arxeologiyasi

E’lon qilingan sana· 229
Kino tarixidagi mo‘jizaviy yillar: xotira arxeologiyasi

Kino tarixida ayrim yillar shunchaki sana emas — ular butun boshli bir mo‘jizaviy davrga aylanadi. Bir yil ichida bir necha avlod xotirasida muhrlanadigan asarlarning dunyoga kelishi juda kam uchraydi. Ammo ba’zida yulduzlar shunday ideal holatda joylashadiki, kinoteatrlar birin-ketin afsonaviy filmlar bilan to‘lib-toshadi. Bunday yillar nafaqat kino tilini, balki butun jamiyat dunyoqarashini ham tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Ushbu maqolada esa aynan shunday mo‘jizaviy yillarning sir-asrorini ochish maqsadida to‘rtta yorqin yil misolini ko‘rib chiqamiz.

1994: Qoidalarni buzgan yil

Chiqqan mashhur filmlar: Pulp Fiction”, The Shawshank Redemption”, Forrest Gump”, The Lion King”, The Mask”, Leon”, “Speed” va boshqalar.

1994-yil kino tarixida burilish nuqtasi bo‘ldi. “Pulp Fiction”, “The Shawshank Redemption”, “Forrest Gump” kabi filmlar nafaqat shuhrat qozondi, balki butun kinematografik yondashuvlarni o‘zgartirdi. Masalan, “Pulp Fiction” hikoya qilish tartibini ag‘dar-to‘ntar qilib, voqealarni teskari tartibda bayon etdi. Bu film bizga qahramon har doim ideal bo‘lishi shart emasligini, tartibsizlik ham san’at bo‘lishi mumkinligini isbotladi. Shu paytda “The Shawshank Redemption umid mavzusini yangi burchakdan yoritdi — umid bu bir martalik tuyg‘u emas, balki har kuni tanlanadigan kuch ekanini ko‘rsatdi.

“Forrest Gump” esa oddiy odam hayoti orqali butun tarixni ko‘rsatdi. Uning hikoyasi shunchaki bir odam haqida emas edi — u oddiylikda yashiringan buyuklikni ko‘rsata oldi. Bu film odamlarning yuragiga bevosita yo‘l topdi, murakkab voqealarni sodda, ammo chuqur qilib yetkazdi.

Bu filmlar shunchaki ommabop kinolar emas edi. Ular kino qoidalarini buzibgina qolmay, yangilarini ham yaratdi. Aynan shu bois 1994-yil nafaqat xotirada qoladigan, balki o‘zgarishlarga boy yil bo‘lib tarixga kirdi. Va bu o‘zgarishlar tufayli, besh yil o‘tib, yangi bir to‘lqin boshlanishiga zamin tayyorlandi.

1999: Savollar yili

Chiqqan mashhur filmlar: The Matrix”, Fight Club”, The Sixth Sense”, American Beauty”, Being John Malkovich”, Star Wars: Episode I va boshqalar.

Dunyo yangi ming yillikning ostonasida turardi. 1994-yil qoidalarni buzgan bo‘lsa, endi odamlar javoblar izlashga kirishdi. Biroq 1999-yilda javoblar emas, savollar paydo bo‘ldi.

“The Matrix” oʻrtaga “Haqiqat nima?” degan savolnitashladi. Javobni topish oson emas edi — bu film bizni atrofimizdagi voqelikka shubha bilan qarashga undadi. “Fight Club” esa zamonaviy inson, ayniqsa erkaklarning ichki bo‘shlig‘i, shaxsiy inqirozi va jamiyatdagi o‘rniga shubha bilan yondashdi. Bu tanqid emas, balki ichki haykiriqdek edi. The Sixth Sense hayot va o‘lim oralig‘idagi nozik chiziqni ochib, go‘yo “Haqiqat ko‘pincha ko‘z ilg‘amas joyda yashirinadi” degandek bo‘ldi.

Bu filmlar tomoshabinni shunchaki ekran qarshisiga tortib qolmadi, balki ular o‘zimiz bilan suhbatlashishga chorladi. XXI asrga qadam qo‘yar ekanmiz, bu asarlar bizga jamiyat, haqiqat va o‘zlik haqida savollar berdi. Shu bois ular hamon dolzarbligini yo‘qotmagan. Yigirma yil o‘tib esa, bu savollar yana yangramoqda…

2007: Yashirin moʻjiza

Chiqqan mashhur filmlar: There Will Be Blood”, No Country for Old Men”, Zodiac”, Ratatouille”, The Assassination of Jesse James”, The Diving Bell and the Butterfly” va boshqalar.

Bir qarashda 2007-yil oddiy yildek tuyuladi. Na shov-shuv, na baland ovozlar bor. Biroq bu yil aslida sokin va teran hikoyalar bilan to‘lib-toshgan desak mubolagʻa boʻlmasa kerak.

“There Will Be Blood” aslida neft haqida emas edi. Bu film ochko‘zlik va yolg‘izlik insonni qanday ichdan yemirishi haqida hikoya qildi. “No Country for Old Men” esa yovuzlikni jinoyat emas, balki inson tabiatining ajralmas qismi sifatida tasvirladi. “Zodiac” esa bizni qotil emas, balki vasvasaga aylangan izlanish jarayoni bilan yuzma-yuz qildi.

Shu orada “Ratatouille” Pixar orqali bizga oddiy, ammo teran haqiqatni eslatdi: orzu qilish — jasoratdir. “Kim bo‘lishingdan qat’i nazar, istaganingga erisha olasan” degan g‘oya butun filmdan ufurib turardi. Bu yilgi filmlar baland ovozda emas, yurakdan so‘zladi va ehtimol, eng chuqur so‘zlar eng sokin aytilganlaridir. 2007-yil — shovqinsiz, biroq unutilmas yil sifatida kino tarixiga muhrlandi.

2019: Chegaralar yoʻqolgan yil

Chiqqan mashhur filmlar: Parasite”, Avengers: Endgame”, Once Upon a Time in Hollywood”, Joker”, 1917”, The Irishman”, Marriage Story” va boshqalar.

Bu yil yolg‘izlikdan qochish va birlashish ishtiyoqi yili bo‘ldi. 1999-yil insoniyatga savollar bergan bo‘lsa-da, bu savollar ko‘p hollarda odamlarni bir-biridan uzoqlashtirdi. 2019-yil esa ularga javob izlashni emas, birga his etishni o‘rgatdi.

Parasite filmi bizga oddiy, biroq teran haqiqatni eslatdi: kuchli hikoya til tanlamaydi. Koreys tilida bo‘lishiga qaramay, butun dunyo filmni qalbi bilan anglab yetdi. Bu filmning Oskar mukofotini qo‘lga kiritishi yangi davr boshlanganidan darak berdi: subtitrlar endi to‘siq bo‘lmay qoldi. “Avengers: Endgame” bir avlodning vidolashuvi, o‘n bir yillik umid, do‘stlik va kurashning yakuni bo‘ldi. “Joker” esa antiqahramonlar janrini tubdan o‘zgartirib, ichki iztirob va ruhiy boʻshliqni oʻrtaga qoʻydidi.

Bu filmlar yangi ufqlarni ochdi. Shundan so‘ng savol tug‘iladi: 2026-yil bizga yana qanday hikoyalarni taqdim etadi?

2026: Kelajakka nazar (ehtimoliy moʻjiza)

2026-yilda chiqishi kutilayotgan filmlar:Avengers: Doomsday”, “Shrek 5”, “Dune: Part Three”, “Avatar: Fire and Ash”, “Odyssey” va boshqalar.

2026-yil hali boshlanmagan bo‘lsa-da, uning nafasi allaqachon sezilmoqda. Qasoskorlar so‘nggi jangni boshlab, yangi multiolam eshiklarini ochadi. Dune 3 siyosat va ekologiyaga yana bir bor chuqurroq nazar tashlaydi. “Shrek 5” bolalik xotiralarini jonlantiradi, Avatar esa texnologiya bilan tabiat o‘rtasidagi chiziqlarni yana silkitadi. “Odyssey” esa bizni yulduzlar ortiga, nomaʼlum olamlarga olib ketadi.

Lekin bu yil nafaqat filmlar bilan, balki yangicha yondashuv bilan ham esda qolsa kerak deb oʻylayapman. 2026-yil — sun’iy intellekt va inson ijodkorligining chinakam hamkorligi boshlanadigan davr bo‘lishi mumkin. Bundan buyon texnologiya faqatgina vosita emas, balki ilhom manbayi ham bo‘la oladi. San’at va texnologiyaning uyg‘unlashuvi bizni kutilmagan yo‘nalishlarga yetaklasa ne ajab?

Xulosa

“Yulduzlar jangi: Yangi umid” (1977) filmidan lavha

Bu barcha filmlar shunchaki ko‘ngilochar mahsulot emas. Ularning zamirida insoniyat taqdiri, texnologiya va ma’naviyat haqidagi ulkan savollar yotadi: texnologiya bizni bir-birimizga yaqinlashtiryaptimi yoki uzoqlashtiryaptimi? Bu savollar, ayniqsa sun’iy intellekt asrida, yanada teranroq ahamiyat kasb etmoqda.

Umid qilamizki, yulduzlar yana bir bor bir nuqtada jam bo‘ladi. Mo‘jizalarga ishonish — insoniyatning eng go‘zal fazilatlaridan biri ekanligini yana bir karra isbotlaydi.

Samandar Erkinjonov
Muallif
Samandar Erkinjonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling