Jama Babajanov turfa obrazlar, yangi izlanishlar va “Rangsiz gullar”dagi sinovi haqida gapirdi

E’lon qilingan sana· 216
Jama Babajanov turfa obrazlar, yangi izlanishlar va “Rangsiz gullar”dagi sinovi haqida gapirdi

Aktyor va boshlovchi Jama Babajanov qisqa vaqt ichida ko‘plab loyihalarda tomoshabinlar mehrini qozondi. U turli janrdagi obrazlarni yaratish orqali ijodiy izlanishlarini davom ettirib, bugun “Rangsiz gullar” serialida bosh qahramon sifatida qaytmoqda.

“Rangsiz gullar” — insonlarni shukronalik va qadriyatlarni ardoqlashga chorlaydigan 100 qismli hayotiy melodrama bo‘lib, unda Jama Babajanov Aziz obrazini ijro etmoqda. Aziz — romantik, oilaparvar, hayot sinovlaridan o‘tadigan va ko‘plab hissiyotlarni tomoshabinga ko‘zlari orqali yetkazishga majbur bo‘ladigan qahramon.

“Men uchun eng muhim narsa — obraz orqali tomoshabinga hisni yetkazish. Har bir rol — bu yangi tajriba va yangi saboq. “Rangsiz gullar"dagi Aziz obrazi ham aynan shunday sinov bo‘ldi”, — dedi aktyor.

Jama Babajanov 1987-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetida bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlagan. Keyinchalik Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida aspiranturada ham faoliyat olib borgan.

U dastlab iqtisodchi sifatida faoliyat yuritishni maqsad qilgan bo‘lsa-da, 2020-yilda kutilmaganda aktyorlik sohasiga kirib keldi va qisqa vaqt ichida o‘zining iste’dodi bilan tomoshabinlar e’tiborini tortdi.

Aktyor sifatida u “Sensiz” (1−3 fasllar), “Gunohlar soyasi”, “Yolg‘iz qo‘ying” hamda “Men uchun yasha” kabi seriallarda o‘ynagan rollari orqali tanildi. Ayniqsa, “Men uchun yasha” seriali katta reyting va keng auditoriyaning e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Televideniyedagi faoliyati ham e’tiborga molik: Jama Babajanov “Oydin hayot live” dasturini 2,5 yil davomida jonli efirda olib borgan. Shuningdek, “ZO‘R TV"dagi “Jamlangan taomlar”, “Renessans TV"dagi “Salom Show” va “Yoshlar” telekanalidagi “Jambul-jam” ko‘rsatuvlarida ham boshlovchilik qilgan. Bugungi kunda ham u “Jambul-jam” orqali muntazam ravishda tomoshabinlar bilan uchrashib kelmoqda.

Shaxsiy shiori haqida so‘zlar ekan, aktyor shunday deydi: “Hech qachon qilingan ishga afsuslanmang. O‘zingiz yaxshi ko‘rgan ish bilan shug‘ullansangiz, siz hech qachon qarimaysiz, doim navqiron bo‘lasiz”.

Jama Babajanov bugungi kunda nafaqat aktyor, balki tomoshabinlarga ma’naviy saboq va hayotiy xulosalar ulashuvchi ijodkor sifatida ham tanilmoqda. Uning “Rangsiz gullar"dagi yangi roli esa aktyorning ijodiy izlanishlarida navbatdagi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.

Reklama huquqlari asosida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling